Shohlar to‘rtinchi kitob 8:1-29

  • Shunamlik ayolning mulki qaytarib beriladi (1-6)

  • Elishay, Banhadad va Xazayil (7-15)

  • Yahudo shohi Yohuram (16-24)

  • Yahudo shohi Oxaziyo (25-29)

8  Bir kuni Elishay o‘zi tiriltirgan bolaning onasiga+: «Turing, xonadoningiz bilan birga istagan joyingizga borib, o‘sha yerda musofir bo‘lib yashang. Chunki Yahova bu yurtda yetti yil ocharchilik bo‘lishini aytdi»+,— dedi.  Ayol haq Xudoning odami aytganiday qilib, o‘rnidan turdi-da, xonadoni bilan birga filistimliklar+ yurtiga borib, u yerda yetti yil yashadi.  Yetti yil o‘tgach, ayol filistimliklar yurtidan qaytib kelib, uyi va dalasini shohdan so‘rash uchun uning huzuriga bordi.  Bu paytda shoh, haq Tangri odamining xizmatchisi Gaxazi bilan gaplashib, undan: «Elishay amalga oshirgan barcha buyuk ishlari+ haqida menga aytib ber»,— deb so‘rab turgan edi.  Gaxazi shohga Elishay o‘lgan bolani qanday tiriltirgani+ to‘g‘risida so‘zlab berayotganda, o‘sha bolaning onasi uyi bilan dalasini so‘ragani keldi+. Uni ko‘rib Gaxazi: «Shoh hazratlari, Elishay tiriltirgan bola shu ayolning o‘g‘li»,— dedi.  Shoh ayoldan o‘sha voqea haqida so‘radi va u barini aytib berdi. Keyin shoh saroy amaldorlaridan birini chaqirib: «Uning butun mulkini va yurtni tark etgan kunidan to bugunga qadar dalasidan tushgan daromadning hammasini qaytarib ber»,— deya tayinladi.  Suriya shohi Banhadad+ kasal bo‘lganida, Elishay Damashqga+ keldi. Shohga: «Bu yerga haq Xudoning odami+ kelibdi»,— deya xabar berishdi.  Shoh Xazayilga+: «O‘zing bilan sovg‘a-salom olib, haq Tangrining odamini+ kutib olgani chiq. Unga ayt, bu kasallikdan tuzalish-tuzalmasligimni Yahovadan so‘rab bersin»,— dedi.  Xazayil Damashqning turli xil in’omlaridan olib, 40 ta tuyaga yukladi-da, yo‘lga chiqdi. U Elishayning oldiga kelib: «Suriya shohi, o‘g‘lingiz Banhadad sizdan: “Men bu kasallikdan forig‘ bo‘lamanmi yoki yo‘qmi?” — deb so‘rash uchun meni yubordi»,— dedi. 10  Elishay Xazayilga: «Borib, shohga: “Albatta tuzalasiz”,— deb ayt. Ammo Yahova menga u albatta o‘lishini ayon qildi»+,— deya javob berdi. 11  Keyin Elishay unga tik qarab turaverdi. Shunda Xazayil o‘zini noqulay his qildi. So‘ngra haq Xudoning odami yig‘lab yubordi. 12  Xazayil undan: «Taqsirim nega yig‘layaptilar?» — deb so‘radi. Javoban u: «Boisi, sen Isroil xalqiga qanday jabr-zulm o‘tkazishingni bilaman+. Sen ularning mustahkam shaharlariga o‘t qo‘yib, baquvvat kishilarini qilichdan o‘tkazasan, farzandlarini chopib o‘ldirasan, homilador ayollarining esa qornini yorib tashlaysan»+,— dedi. 13  Xazayil: «Ko‘ppakdan farq qilmaydigan men, xizmatkoringiz, kim bo‘libmanki, bunday ishlarni qilsam?!» — deb aytdi. Lekin Elishay: «Yahova sen Suriya shohi bo‘lishingni menga ayon qildi»+,— dedi. 14  Xazayil Elishayning oldidan chiqib, xo‘jayini huzuriga yo‘l oldi. Shoh undan: «Elishay nima dedi?» — deya so‘radi. Xazayil: «U menga albatta tuzalishingizni aytdi»+,— deb javob berdi. 15  Ammo ertasi kuni Xazayil choyshabni olib, suvga botirdi-da, shohning yuziga yopib, nafasi qisilib o‘lguncha ushlab turdi+. O‘rniga esa o‘zi shoh bo‘lib oldi+. 16  Isroil shohi Axabning o‘g‘li Yohuram+ hukmronligining beshinchi yili, Yohushafat o‘g‘li Yohuram+ Yahudo shohi bo‘ldi. 17  U taxtga o‘tirganida 32 yoshda edi va Quddusda sakkiz yil shohlik qildi. 18  U Axabning qiziga uylangani sababli+, Axabning xonadoni singari+ Isroil shohlari yo‘lidan yurdi+ va Yahovaning nazarida yovuz ishlar qilib keldi+. 19  Biroq Yahova O‘z xizmatchisi Dovud haqqi-hurmati Yahudo shohligini yo‘q qilishni istamadi+. Chunki Dovudga, uning va o‘g‘illarining chirog‘ini hech qachon o‘chirmaslikka va’da bergan edi+. 20  Yohuram davrida edomliklar Yahudoga qarshi isyon ko‘tarib+, o‘zlariga shoh tayinlashdi+. 21  Shunda Yohuram butun jang aravalari bilan Zoirga bordi va tunda turib, ularni qurshab turgan edomliklar va jang aravalari qo‘mondonlarini tor-mor qildi. Edomlik askarlar esa o‘z chodirlariga qochib ketishdi. 22  Lekin edomliklar shu kunga qadar Yahudoga qarshi isyon ko‘tarib kelmoqda. Libna+ ham o‘shanda isyon ko‘targan edi. 23  Yohuramning hayoti va qilgan barcha ishlari Yahudo shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan. 24  So‘ng Yohuram vafot etib, ota-bobolariga qo‘shildi va Dovud shahrida+, ota-bobolari yoniga dafn etildi. O‘rniga o‘g‘li Oxaziyo+ shoh bo‘ldi. 25  Yohuram o‘g‘li Oxaziyo, Isroil shohi Axabning o‘g‘li Yohuram hukmronligining 12- yili Yahudo taxtiga o‘tirdi+. 26  Oxaziyo 22 yoshida shoh bo‘lib, Quddusda bir yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Otaliyo bo‘lib+, u Isroil shohi Omrining+ nevarasi edi. 27  Oxaziyo Axabning qiziga uylangani sababli, Axabning+ xonadoni yo‘lidan yurib, Yahovaning nazarida yovuz ishlar qildi+. 28  Shu bois, u Axabning o‘g‘li Yohuramga qo‘shilib, Suriya shohi Xazayil bilan jang qilgani Ramo‘t-Giladga+ bordi. Lekin suriyaliklar Yohuramni+ yarador qilishdi. 29  Shu tariqa, Axabning o‘g‘li Yohuram Ramada Suriya shohi Xazayil bilan jang qilganida yaralandi va davolanish uchun Yizrilga+ qaytdi+. U kasal bo‘lib yotganda, Yahudo shohi Yohuramning o‘g‘li Oxaziyo uni ko‘rgani Yizrilga bordi.

Izohlar