Chiqish 2:1-25
2 O‘sha paytlarda Levi qabilasidan bo‘lgan bir kishi o‘z qabilasidan bir qizga uylandi+.
2 Qiz homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di va bolasining yoqimtoy ekanini ko‘rib, uni uch oy yashirib yurdi+.
3 Lekin chaqaloqni ortiq yashirib yurishning iloji bo‘lmagani bois+, u qamishdan* savat* yasab, ichini smola* bilan qopladi-da, bolani ichiga soldi va Nil daryosi bo‘yidagi qamishzorga qo‘yib qo‘ydi.
4 Bolaning opasi+ esa ukasi bilan nima bo‘lishini ko‘rish uchun nariroqda qarab turdi.
5 Shu vaqt, fir’avnning qizi Nil daryosida cho‘milgani keldi, xizmatidagi qizlar esa sohilda yurishgan edi. U qamishzor o‘rtasidagi savatni ko‘rib qoldi va cho‘risiga darhol uni olib kelishni buyurdi+.
6 Savatni ochib, ichida yig‘lab yotgan chaqaloqni ko‘rdi-da: «Bu ibroniylarning bolasi ekan»,— dedi, lekin unga rahmi keldi.
7 Shunda bolaning opasi fir’avnning qiziga: «Borib, bu bolani emizib, unga enagalik qiladigan birorta ibroniy ayolni chaqirib kelaymi?» — dedi.
8 Fir’avnning qizi unga: «Mayli, bor!» — deb aytdi. Qiz shu zahotiyoq borib, bolaning onasini chaqirib keldi+.
9 Fir’avnning qizi ayolga: «Bu bolani olib, uni men uchun boqib ber. Xizmat haqingni to‘layman»,— dedi. Ayol bolani olib, unga enagalik qildi.
10 Bola katta bo‘lgach, ayol uni fir’avnning qiziga olib keldi va u bolani o‘g‘il qilib oldi+. «Men uni suvdan chiqarib olganman»+,— deya ismini Muso* qo‘ydi.
11 Muso ulg‘ayib, voyaga yetdi. Bir kuni birodarlarining og‘ir mehnatini ko‘rish uchun ularning oldiga bordi+ va misrlik ibroniy birodarlaridan birini urayotganini ko‘rib qoldi.
12 U atrofiga qaradi-da, hech kim yo‘qligini ko‘rdi va misrlikni o‘ldirib, qumga ko‘mib qo‘ydi+.
13 Ertasi kuni yana borganida, ikkita ibroniy bir-biri bilan urishayotganini ko‘rdi. Shunda u nohaqlik qilayotgan kishiga: «Nega birodaringni uryapsan?»+ — dedi.
14 Bunga o‘sha kishi: «Kim seni bizlarga rahbar yoki qozi qilib qo‘ydi? Misrlikni o‘ldirgandek, meni ham o‘ldirmoqchimisan?»+ — deb aytdi. Muso qo‘rqib ketib: «Bu ish oshkor bo‘libdi!» — deb o‘yladi.
15 Fir’avn bundan xabar topib, Musoni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Lekin Muso fir’avndan qochib, Midiyon+ yurtiga ketdi. U yerga yetib kelgach, Muso bir quduq yoniga o‘tirdi.
16 Midiyon yurti ruhoniysining+ yettita qizi bor edi. Ular otasining mollarini sug‘orish uchun oxurlarga suv to‘ldirgani quduq oldiga kelishdi.
17 Ammo har doimgidek, cho‘ponlar kelib, ularni haydab yuborishdi. Shunda Muso o‘rnidan turdi-da, qizlarga mollarini sug‘orishga yordam berdi.
18 Qizlar uyga kelishgach, otalari Ruvel*+ hayron bo‘lib: «Bugun uyga tez qaytibsizlarmi?» — deb so‘radi.
19 Qizlar bo‘lsa: «Bir misrlik+ bizni cho‘ponlardan himoya qildi, hatto mollarimizni sug‘orish uchun bizga suv tortib berdi»,— deyishdi.
20 Shunda u qizlariga: «Qani u? Nega uni qoldirib keldingizlar? Borib, chaqirib kelinglar, biz bilan ovqatlanib olsin»,— deb aytdi.
21 Muso unikida yashashga rozi bo‘ldi va Ruvel qizi Zippurani+ unga xotinlikka berdi.
22 Bir muncha vaqtdan so‘ng Zippura o‘g‘illi bo‘ldi. Muso: «Men begona yurtda kelgindi bo‘lib qoldim»+,— deb, o‘g‘lining ismini Gershom*+ qo‘ydi.
23 Ancha yillardan keyin Misr shohi vafot etdi+. Biroq Isroil xalqi avvalgiday qullik azobidan oh tortar va zorlanib faryod qilardi. Ularning yordam so‘rab qilgan fig‘onlari haq Xudoga yetib bordi+.
24 Alloh ularning fig‘onini eshitib+, Ibrohim, Is’hoq va Yoqub bilan qilgan ahdini esladi+.
25 Tangri Isroil xalqiga e’tibor qaratib, ular azob chekayotganini ko‘rdi.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «papirus». Sayoz suvda o‘sadigan, poyasi cho‘kmaydigan o‘simlik.
^ Yoki «sandiq, quti».
^ Yoki «asfalt, bitum»; tabiiy asfaltni bildiradi.
^ Ma’nosi «chiqarib olingan», ya’ni suvdan qutqarilgan.
^ Ya’ni Yatro.
^ Ma’nosi «o‘sha yurtdagi kelgindi».