Ester 1:1-22

  • Shoh Axashverash Suzada ziyofat beradi (1-9)

  • Malika Vashti bo‘ysunmaydi (10-12)

  • Shoh donishmandlarga maslahat soladi (13-20)

  • Shoh farmon chiqaradi (21, 22)

1  Bu voqea, Hindistondan Habashistongacha* bo‘lgan 127 ta viloyat ustidan boshqargan+ Axashverash* davrida sodir bo‘lgan edi.  O‘sha davrda shoh Axashverash Suza*+ qal’asidan* turib hukmronlik qilardi.  Hukmronligining uchinchi yili u barcha beklari va amaldorlari uchun ziyofat uyushtirdi. Ziyofatga Fors+ va Midiya+ lashkarboshilari, asilzodalar hamda viloyat hokimlari kelishdi.  Axashverash ancha vaqt — 180 kun davomida ularga ulug‘vor shohligining boyligini-yu hashamatini, o‘zining shon-shuhratini namoyon etdi.  Bu kunlar o‘z nihoyasiga yetgach, shoh Suza qal’asidagi barcha odamlarga — katta-yu kichikka yetti kun ziyofat berdi. Ziyofat shoh saroyining bog‘idagi hovlida bo‘lib o‘tdi.  Hovli zig‘ir va a’lo navli paxtadan to‘qilgan matodan hamda moviy rangli matodan qilingan pardalar bilan bezatilgan edi. Pardalar qimmatbaho matodan qilingan arqonlar va to‘q qizilga bo‘yalgan jundan yigirilgan bog‘ichlar bilan bog‘langan bo‘lib, bog‘ichlar marmar ustunlardagi kumush halqalardan o‘tkazilgan edi. Porfir*, oq marmar, sadaf* va qora marmar yotqizilgan yo‘laklarga oltin va kumush o‘rindiqlar o‘rnatilgan edi.  Sharob oltin qadahlarda tortildi. Har bir qadah bir-biridan farq qilar va shohona sharob shohning boyligiga yarasha mo‘l-ko‘l edi.  Biroq ichkilik ichirish odati bo‘lganiga qaramay, hech kim hech kimni sharob ichishga majburlamadi. Chunki shoh saroy amaldorlariga har kim xohlaganicha ichsin degan buyruq bergan edi.  Malika Vashti+ ham shoh Axashverash saroyida ayollar uchun ziyofat uyushtirdi. 10  Yettinchi kun shohning sharobdan dimog‘i chog‘ bo‘ldi. Shoh Axashverash huzurida xizmat qilib yuradigan Maxumon, Bizta, Xarbon+, Bixta, Avag‘ta, Zatar va Karkas ismli yettita saroy mulozimiga 11  malika Vashtini shohona bosh kiyimda* oldiga olib kelishni buyurdi. Malika nihoyatda go‘zal bo‘lgani uchun, xalqlarga va beklarga uning chiroyini ko‘rsatmoqchi edi. 12  Shoh bir necha marta malika Vashtining oldiga mulozimlarini yubordi, ammo u rad javobini beraverdi. Bundan shoh nihoyatda g‘azablandi, qahri alanga oldi. 13  Shunda shoh qadimiy odatlardan* xabardor bo‘lgan donishmandlarga maslahat soldi (shoh bu kabi vaziyatlarda qonun-qoida va huquqiy masalalarni yaxshi biladigan kishilar bilan maslahatlashardi. 14  Fors va Midiyaning yettita begi+ — Karshana, Shator, Admata, Tarshish, Miros, Marsano va Mamuxon uning yaqin maslahatchilari bo‘lib, ular shohning huzuriga kira olishardi va shohlikda yuqori lavozimlarni egallashgan edi). 15  Shoh ulardan: «Men, shoh Axashverash saroy mulozimlari orqali aytib yuborgan buyruqga bo‘ysunmagani uchun, qonun bo‘yicha malika Vashtiga qanday jazo berilishi kerak?» — deb so‘radi. 16  Bunga javoban Mamuxon shoh huzurida va beklar oldida shunday dedi: «Malika Vashti nafaqat shoh hazratlariga+, balki hamma beklaru shoh Axashverash boshqaruvi ostidagi barcha viloyatlar aholisiga qarshi gunoh qildi. 17  Malikaning bu ishi hamma xotinlarning qulog‘iga yetib borib, ular: “Shoh Axashverash malika Vashtini olib kelishni buyurganida, malika kelishdan bosh tortibdi”,— deyishadi va erlarini mensimay qo‘yishadi. 18  Fors va Midiya beklarining xotinlari ham malikaning qilmishidan xabar topgach, shohning hamma beklariga shunday gapiradigan bo‘lishadi. Natijada hurmatsizlig-u nafrat avj oladi. 19  Shoh hazratlari ma’qul deb bilsalar, buyruq chiqarsinlar va bu buyruq bekor qilinmaydigan Fors va Midiya qonunlari qatoriga kiritilsin+. Bu buyruqga ko‘ra malika Vashti hech qachon shoh Axashverash huzuriga kiritilmasin. Shohimiz uning malikalik maqomini undan ko‘ra yaxshiroq ayolga hadya qilsinlar. 20  Shohning buyrug‘i butun shohlik bo‘ylab e’lon qilinganda, katta-yu kichikning xotini — barcha ayollar erlarining hurmatini joyiga qo‘yadigan bo‘lishadi». 21  Bu taklif shoh bilan beklarga ma’qul keldi va shoh Mamuxon aytganiday qildi. 22  Shunday qilib, shoh qo‘l ostidagi hamma viloyatlarga+ — har bir viloyatga o‘z yozuvida va har bir xalqga o‘z ona tilida maktublar yubordi. Toki har bir er o‘z uyida xo‘jayin bo‘lsin va xalqining ona tilida gapirsin.

Izohlar

Yoki «Kush».
Buyuk Doroning (Gistaspning o‘g‘li Doro) o‘g‘li Kserks I bo‘lishi mumkin.
Yoki «Shushan».
Yoki «saroyidan».
Odatda to‘q qizil rangda bo‘ladigan, oq dog‘li, juda qattiq qimmatbaho tosh.
Ayrim molluskalar chig‘anog‘idan olinadigan dur.
Yoki «sallada».
Yoki «presedentlardan».