Galatiyaliklarga 4:1-31

  • Endi qul emas, o‘g‘illarsiz (1-7)

  • Pavlus galatiyaliklar uchun qayg‘uradi (8-20)

  • Hojar va Sora: ikkita ahd (21-31)

    • «Yuqoridagi Quddus ozod va u bizning onamiz» (26)

4  Shuni aytmoqchimanki, garchi merosxo‘r barcha narsaning xo‘jayini bo‘lsa-da, u hali bolaligida quldan hech farq qilmaydi.  U otasi belgilagan kunga qadar boquvchilar va uy boshqaruvchilar nazorati ostida bo‘ladi.  Xuddi shunday biz ham bola bo‘lganimizda, bu dunyoning qonun-qoidalariga qul edik+.  Lekin belgilangan vaqt yetib kelganda Xudo O‘z O‘g‘lini yubordi. U ayoldan tug‘ilib+, qonun hukmi ostida bo‘ldi+.  Toki u qonun hukmi ostida bo‘lganlarni sotib olsin+ va natijada biz o‘g‘illikka qabul qilinaylik+.  Sizlar o‘g‘illar ekansiz, Alloh yuraklarimizga+ muqaddas ruhni soldi+. Bu muqaddas ruh Uning O‘g‘lidadir va ushbu muqaddas ruh tufayli biz: «Abba*, Ota!»+ — deb chaqiramiz.  Shunday ekan, endi har biringiz qul emas, balki o‘g‘ilsiz. O‘g‘il bo‘lganingiz uchun Xudo tufayli merosxo‘rsiz+.  Biroq Allohni bilmaganingizda soxta xudolarga qul edingizlar.  Endi esa Xudoni tanib-bilganingizda, to‘g‘rirog‘i, Xudo tomonidan tanilganingizda, sizlar yana o‘sha behuda+, arzimas qonun-qoidalarga qaytib, ularning quliga aylanmoqchimisizlar?+ 10  Axir kunlar, oylar+, belgilangan vaqtlar* va yillarga sinchkovlik bilan amal qilyapsizlar-ku. 11  Sizlar uchun qilgan mehnatim zoe ketmasin, deb qo‘rqyapman. 12  Birodarlar, sizlardan o‘tinib so‘rayman, menday bo‘linglar, axir men ham sizlarday bo‘lganman-ku+. Sizlar menga hech qanday yomonlik qilganingiz yo‘q. 13  Ammo birinchi marta sizlarga xushxabarni aytganimda kasal bo‘lganimni bilasizlar. 14  Kasalligim sizlar uchun bir sinov bo‘lsa-da, mendan hazar qilmadingiz va jirkanmadingiz*, balki meni Xudoning farishtasiday, Iso Masihday qabul qildingiz. 15  O‘sha paytdagi baxtiyorligingiz qani? Shunga aminmanki, o‘sha vaqtda imkon bo‘lganida ko‘zlaringizni o‘yib menga berardingiz+. 16  Sizlarga haqiqatni gapirganim uchun endi dushmaningiz bo‘lib qoldimmi? 17  O‘sha odamlar sizlarni o‘ziga jalb qilish uchun g‘ayrat bilan harakat qilishyapti, lekin niyatlari yaxshi emas. Aksincha, sizlarni mendan ayirib, jon-jahdingiz bilan ularga ergashishingizni istashyapti. 18  Biroq kimdir sizlarni ezgu niyatlar bilan jalb qilsa, bu yaxshi. Buni nafaqat men yoningizda bo‘lganimda, balki doimo qilsin. 19  Aziz bolalarim+, Masih sizlarda shakllanishiga qadar, men yana sizlar uchun go‘yo to‘lg‘oq azobini chekyapman. 20  Hozirning o‘zidayoq sizlar bilan birga bo‘lib boshqacha gaplashishni istardim, chunki sizlarga nima bo‘lganiga hayronman. 21  Qonunning hukmi ostida bo‘lishni istaydiganlar, menga aytinglar-chi, Tavrot nima deyayotganini nahot eshitmayotgan bo‘lsangiz? 22  Misol uchun, Muqaddas Yozuvlarda aytilganidek, Ibrohim ikki o‘g‘illi bo‘lgan. Birinchisi cho‘ridan+, ikkinchisi esa ozod xotindan tug‘ilgan+. 23  Cho‘rining o‘g‘li hamma qatori tug‘ilgan+, ozod xotinning o‘g‘li Xudoning va’dasiga binoan tug‘ilgan+. 24  Bularning hammasi ramziy ma’noga ega. Boisi, bu ikkita ayol ikki ahdni bildiradi, biri Sinay tog‘ida+ qilingan bo‘lib, bolalarni qul bo‘lish uchun tug‘ayotgan Hojar kabidir. 25  Shunday ekan, Hojar Arabistondagi Sinay tog‘ini+ anglatadi va hozirgi Quddusga to‘g‘ri keladi, chunki u o‘z bolalari bilan qullikdadir. 26  Lekin yuqoridagi Quddus ozod va u bizning onamizdir. 27  Muqaddas Yozuvlarda: «Ey bepusht, tug‘mayotgan ayol, shodlangin. Ey, to‘lg‘oq azobini bilmayotgan xotin, quvonchlarga to‘lib xitob qilgin. Zero, erli xotinning bolalaridan ko‘ra, tashlab ketilganning bolalari ko‘proq»+,— deb aytilgan. 28  Sizlar esa birodarlar, Is’hoqga o‘xshab va’daning bolalarisiz+. 29  Ammo o‘shanda hamma qatori tug‘ilgan ruhdan tug‘ilganni ta’qib qilganidek+, hozir ham shunday holat yuz bermoqda+. 30  Biroq Muqaddas Yozuvlarda nima deyilgan? «Cho‘ri bilan o‘g‘lini haydab yuboring. Chunki cho‘rining o‘g‘li ozod xotinning o‘g‘li bilan birga merosxo‘r bo‘lolmaydi»+. 31  Shunday ekan, birodarlar, biz cho‘rining emas, ozod xotinning bolalarimiz.

Izohlar

Ibroniycha yoki oromiycha so‘z «Ey Ota!» degan ma’noga ega.
Ya’ni bayram vaqtlari.
Yoki «tupurmadingiz».