Havoriylar 22:1-30
22 «Birodarlar va otalar, endi o‘zimni himoyalash uchun sizlarga aytadigan so‘zlarimga quloq solinglar»+.
2 Xaloyiq uning ibroniy tilida gapirayotganini eshitib jim bo‘lib qoldi. Shunda Pavlus quyidagilarni aytdi:
3 «Men, Kilikiya viloyatidagi Tars shahrida+ tavallud topgan yahudiyman+. Shaxsan Gamalielning+ o‘zidan ta’lim olib, ota-bobolarimiz amal qilgan Tavrotga qat’iy rioya qilishni o‘rganganman+. Sizlarga o‘xshab men ham g‘ayrat bilan Allohga xizmat qilganman+.
4 Bu yo‘ldan yurganlarning barini, erkakmi ayolmi demay kishanlab qamoqga tashlaganman va hatto ularning hayotiga zomin bo‘lganman+.
5 Ana, oliy ruhoniy hamda oqsoqollar yig‘ini bunga guvohdir. Ulardan men Damashqdagi birodarlarga yozilgan xatlarni olib, u yerda bo‘lganlarni jazolash uchun kishanlab, Quddusga olib kelish uchun ketayotgan edim.
6 Lekin yo‘lda, Damashqga yaqinlashib qolganimda, taxminan tush paytida qo‘qqisdan osmondan nur yog‘ilib atrofimni yarqiratib yubordi+.
7 Men yerga yiqildim va bir ovozning: “Shoul, Shoul, nega meni ta’qib qilyapsan?” — deganini eshitdim.
8 Keyin men javoban: “Ey Hazrat, siz kimsiz?” — dedim. U menga: “Men, sen ta’qib qilayotgan nosiralik Isoman”,— dedi.
9 O‘sha paytda men bilan bo‘lgan odamlar nurni ko‘rishgan, ammo menga gapirayotgan ovozni eshitishmagan edi.
10 Shunda men: “Hazrat, men nima qilishim kerak?” — deb so‘radim. Hazrat menga: “O‘rningdan turib, Damashqga bor. O‘sha yerda nima qilishing kerakligi senga aytiladi”+,— dedi.
11 Lekin o‘sha nur juda porloq bo‘lgani uchun men hech narsani ko‘ra olmay qoldim. Shu bois yonimdagilar meni Damashqga yetaklab kelishdi.
12 Keyin Tavrot bo‘yicha yashaydigan, xudotars va yahudiylar orasida yaxshi nom orttirgan Hananiya ismli bir kishi
13 yonimga keldi-da: “Birodarim Shoul, ko‘zlaringiz ochilsin!” — dedi. Shu ondayoq ko‘zim ochilib uni ko‘rdim+.
14 U menga shunday deb aytdi: “Ota-bobolarimizning Xudosi, Uning irodasini bilib, odil kishini ko‘rib+ va ovozini shaxsan eshitishingiz uchun sizni tanladi.
15 Sababi, siz ko‘rib eshitganlaringiz haqida endi hamma odamlarga e’lon qilib, uning shohidi bo‘lasiz+.
16 Shunday ekan, ikkilanmay o‘rningizdan turing-da, suvga cho‘ming va Isoning ismini aytib chaqiring+, shunda Alloh gunohlaringizni kechiradi”+.
17 So‘ngra men Quddusga qaytdim+ va ma’badda ibodat qilayotganimda bir vahiy ko‘rdim.
18 Vahiyda Hazratim menga: “Tezda Quddusdan chiqib ket, chunki men haqimdagi shahodatni bu yerda qabul qilishmaydi”+,— deganini eshitdim.
19 Keyin unga shunday javob berdim: “Hazratim, ular sizga ishonganlarni ibodatxonalarda urib, qamoqga tashlaganimni yaxshi bilishadi+.
20 Shuningdek, shohidingiz Stefanning qoni to‘kilganida men o‘sha yerda edim. Buni ma’qullab, qotillarning kiyimlarini qo‘riqlab turardim”+.
21 Ammo u menga: “Bor, zero men seni uzoqdagi xalqlarga jo‘nataman”+,— dedi».
22 Ular Pavlusning ushbu so‘zlaridan keyin uni tinglamay qo‘yishdi. Ular: «Uni o‘ldiringlar, uning yashashga haqqi yo‘q!» — deya qichqirishardi.
23 Ular bunday baqirib, ustki kiyimlarini yechib tashlab, havoga tuproq sochishgani uchun+
24 mingboshi Pavlusni harbiy qismga olib ketib, uni qamchilab, so‘roq qilishni buyurdi. Chunki u nima sababdan Pavlusga bunday baqirishganini bilmoqchi edi.
25 Qamchilash uchun uni yotqizib bog‘lashayotganda Pavlus yuzboshiga: «Rim fuqarosini qamchilatishingiz qonunga muvofiqmi? Buning ustiga men hali hukm qilinmaganman»+,— dedi.
26 Yuzboshi bularni eshitgach, mingboshining yoniga borib: «Bu nima qilganingiz? Axir u Rim fuqarosi ekan-ku»,— dedi.
27 Keyin mingboshi Pavlusning oldiga borib undan: «Menga ayt-chi, sen Rim fuqarosimisan?» — deb so‘radi. U esa: «Ha»,— deb javob berdi.
28 Mingboshi unga: «Men bu fuqarolikni katta pulga sotib olganman»,— dedi. Pavlus: «Men esa tug‘ilganimdan beri Rim fuqarosiman»+,— deya unga javob qaytardi.
29 Shunda Pavlusni bog‘lab, uni so‘roqga tutmoqchi bo‘lgan odamlar shartta undan qo‘llarini tortishdi. Mingboshi esa uning rimlik ekanini bilgach, uni bog‘lagani uchun qo‘rqib ketdi+.
30 Ertasi kuni yahudiylar Pavlusni nimada ayblashganini bilmoqchi bo‘lib mingboshi uni ozod qildi. So‘ngra u bosh ruhoniylar hamda Oliy Kengash a’zolariga yig‘ilishlarini buyurdi va Pavlusni olib kelgach, ularning qarshisiga qo‘ydi+.