Havoriylar 8:1-40
8 Shoul bo‘lsa Stefanning o‘ldirilishini ma’qullagan edi+.
O‘sha kuni Quddusda jamoatga qarshi ashaddiy quvg‘unlar boshlandi va havoriylardan tashqari hamma Yahudiya va Samariya yurtlari bo‘ylab tarqab ketdi+.
2 Xudotars kishilar Stefanni dafn etib, yig‘i-sig‘i ko‘tarishdi.
3 Shoul esa jamoatga zulm o‘tkazardi. U uylarga bostirib kirib, erkag-u ayollarni sudrab chiqar va qamoqga tashlardi+.
4 Tarqab ketgan shogirdlar borgan joylarida Allohning kalomi to‘g‘risidagi xushxabarni e’lon etishardi+.
5 Xuddi shunday Filip ham Samariya+ shahriga* borib, u yerdagilarga Masih haqida va’z qila boshladi.
6 Uning so‘zlarini diqqat bilan eshitgan hamda mo‘jizalarini ko‘rgan xaloyiq unga quloq soldi.
7 Zero, u yerda jinga chalingan kishilar ko‘p edi. Jinlar baland ovoz bilan baqirib, ulardan chiqib ketishardi+. Shuningdek, anchagina shol va cho‘loqlar ham shifo topdi.
8 Shunday qilib, o‘sha shaharga katta xursandchilik kirib keldi.
9 O‘sha shaharda Simun ismli bir kishi bor edi. U ilgari sehr-jodu bilan shug‘ullanar va Samariya aholisini lol qoldirib, o‘zini ulug‘ odam deb yurardi.
10 Kichigidan tortib kattasigacha, hamma unga quloq solib: «Bu kishida katta ilohiy kuch bor»,— deyishardi.
11 Simun anchadan beri sehr-jodusi bilan ularni qoyil qoldirib yurgani uchun, hamma unga quloq solardi.
12 Ammo Xudoning Shohligi va Iso Masihning ismi to‘g‘risidagi xushxabarni keltirgan+ Filipga ishonib, erkaklar ham, ayollar ham suvga cho‘ma boshlashdi+.
13 Simunning o‘zi ham ishonib suvga cho‘mdi. U Filipdan+ ajralmay, uning qilgan mo‘jizalarini-yu ulug‘vor ishlarini ko‘rib hayratda qolardi.
14 Quddusdagi havoriylar samariyaliklar Tangrining kalomini qabul qilishganini eshitib+, oldilariga Butrus bilan Yuhannoni jo‘natishdi.
15 Ular borib, samariyaliklar muqaddas ruh olishi uchun Allohga ibodat qilishdi+.
16 Chunki ularning birortasiga hali muqaddas ruh tushmagan edi. Ular Hazratimiz Iso nomi bilan suvga cho‘mishgandi, xolos+.
17 Butrus bilan Yuhanno ularning ustiga qo‘llarini qo‘yishganda+, ular muqaddas ruhga ega bo‘lishdi.
18 Havoriylar qo‘l qo‘ygan kishilarga muqaddas ruh berilayotganini ko‘rgan Simun ularga pul taklif qilib:
19 «Menga ham shunday iqtidor beringlar, toki kimning ustiga qo‘limni qo‘ysam, o‘sha muqaddas ruhga ega bo‘lsin»,— dedi.
20 Lekin Butrus unga shunday dedi: «Kumushing o‘zing bilan qo‘shmozor bo‘lsin. Chunki sen Xudoning in’omini pulga sotib olmoqchi bo‘lding+.
21 Tangri oldida yuragingdagi niyat buzuq bo‘lgani uchun, bu ishda sening ulushing yo‘q.
22 Shunday ekan, yuragingdagi buzuq niyat kechirilishi uchun, yomon ishingdan tavba qilib Yahovaga* yolvor.
23 Zero yuraging achchiq zaharga to‘lganini va adolatsizlik quliga aylanganingni ko‘rib turibman».
24 Simun bunga javoban: «Men uchun Yahovaga* iltijo qilinglar, tag‘in aytganlaringizdan hech biri boshimga tushmasin»,— dedi.
25 Butrus bilan Yuhanno Yahovaning* so‘zlarini va’z qilib, keng shohidlik bergandan so‘ng Quddusga qaytishdi. Yo‘l-yo‘lakay esa samariyaliklarning ko‘pgina qishloqlariga xushxabarni yetkazishdi+.
26 Shu orada Yahovaning* farishtasi+ Filipga: «O‘rningdan turib, janubga, Quddusdan G‘azoga boradigan yo‘lga tush»,— deb aytdi. (Bu yo‘l sahro oralab o‘tardi.)
27 U o‘rnidan turib, yo‘lga tushdi. Yo‘lda habashistonlik malika* huzurida yuqori mavqega ega bo‘lgan kishi, uning butun xazinalari mudiri ketayotgan edi. U Xudoga topinish uchun Quddusga kelgan edi+.
28 Endi esa uyiga qaytayotib, aravasida Ishayo payg‘ambarning kitobini ovoz chiqarib o‘qib ketayotgandi.
29 Muqaddas ruh Filipga: «Shu aravaga yetib olib, unga hamroh bo‘l»,— dedi.
30 U arava yonida chopib ketayotganda, o‘tirgan kishi Ishayo payg‘ambarning kitobini ovoz chiqarib o‘qiyotganini eshitib: «O‘qiyotganlaringizni tushunyapsizmi?» — deya so‘radi.
31 U javoban: «Agar birov o‘rgatmasa, qanday tushuna olaman?» — dedi. So‘ng u Filipdan aravaga chiqib o‘tirishini iltimos qildi.
32 U Muqaddas Yozuvlardan ushbu so‘zlarni ovoz chiqarib o‘qib ketayotgan edi: «U bo‘g‘izlanishga olib ketilayotgan qo‘yday, jun qirquvchi oldida jim turgan qo‘ziday miq etmadi+.
33 U xo‘rlanganida adolatdan mahrum etildi+. Uning kelib chiqishini kim aytib beradi? Axir uning yer yuzidagi umriga chek qo‘yildi-ku»+.
34 Habashistonlik amaldor Filipdan: «Iltimos, ayting-chi, payg‘ambar bu yerda kimni nazarda tutyapti? O‘zinimi yoki boshqa kishinimi?» — deya so‘radi.
35 Filip Muqaddas Yozuvlarning o‘sha joyidan boshlab unga Iso haqidagi xushxabarni aytib berdi.
36 Ular yo‘lda davom etib, suv bor joyga kelishganda, amaldor: «Mana suv, mening suvga cho‘mishimga nima to‘sqinlik qilyapti?» — dedi.
37 * ——
38 Shunda u aravani to‘xtatishga buyruq berdi. Ular ikkovi suvga kirishdi-da, Filip amaldorni suvga cho‘mdirdi.
39 Ular suvdan chiqishi bilanoq, Yahovaning* ruhi Filipni u yerdan olib ketdi. Amaldor Filipni boshqa ko‘rmadi. Amaldor quvonib yo‘lida davom etdi.
40 Filip bo‘lsa Ashdod shahriga kelib qoldi va Kesariyaga+ yetib borguncha hamma shaharlarda xushxabarni va’z etdi.
Izohlar
^ Boshqa variant «Samariyaning bir shahriga».
^ Yun. kandaki. Habashistonda ayrim malikalarga berilgan unvon.