Hizqiyo 1:1-28
1 O‘ttizinchi yili, to‘rtinchi oyning beshinchi kunida, men Kavor daryosi+ bo‘yida surgunda yashayotgan odamlar orasida bo‘lganimda+, osmon ochildi va men Xudodan kelgan vahiyni ko‘ra boshladim.
2 Oyning beshinchi kuni, ya’ni shoh Yohayixin+ asir qilib olib ketilganining beshinchi yilida,
3 xaldeylar yurtidagi+ Kavor daryosi bo‘yida, menga — ruhoniy Buzining o‘g‘li Hizqiyoga* Yahovaning so‘zi ayon bo‘ldi. O‘sha yerda Yahovaning qudratini o‘zimda his qildim+.
4 Shunda shimol tomondan shiddatli shamol+ esayotganini, atrofini yorqin nur qoplagan katta bir bulutni va yonayotgan olovni*+ ko‘rdim. Olovning o‘rtasida oltin bilan kumush qotishmasiga o‘xshagan porloq bir narsa bor edi+.
5 Olov ichida ko‘rinishi insonnikiga o‘xshash to‘rtta tirik mavjudot bor edi+.
6 Har bir mavjudotning to‘rtta yuzi, to‘rtta qanoti bor edi+.
7 Oyoqlari to‘g‘ri bo‘lib, uchi buzoqnikiday edi va sayqallangan misday yaltirab turardi+.
8 To‘rtta qanotining ostida odamnikiday qo‘llari bo‘lib, to‘rtta mavjudotning ham yuzlari va qanotlari bor edi.
9 Qanotlari bir-biriga tegib turardi. Harakat qilganda ular burilmasdi, har biri to‘g‘ri oldinga qarab ketardi+.
10 Ularning yuzlari quyidagi ko‘rinishda edi: to‘rtalasining har birida inson yuzi, o‘ng tomonida sherning+ yuzi, chap tomonida buqaning+ yuzi va to‘rtalasining har birida burgutning+ yuzi+ bor edi.
11 Ularning yuzi shunday ko‘rinishda edi. Qanotlari esa tepaga yoyilgan edi. Har birining ikkita qanoti bir-biriga tegib turardi, ikkitasi tanasini yopib turardi+.
12 Mavjudotlarning har biri to‘g‘ri oldinga yurardi. Ruh qayerga boshlasa, ular o‘sha tomonga yurardi+. Yurganda ular burilmasdi.
13 Tirik mavjudotlarning ko‘rinishi yonayotgan ko‘mirga o‘xshardi. Yonib turgan mash’alga o‘xshash narsalar tirik mavjudotlar orasida oldinga va orqaga harakatlanardi, olovdan esa chaqmoq chaqib turardi+.
14 Tirik mavjudotlar oldinga va orqaga harakat qilganida, ularning ko‘rinishi chaqnayotgan chaqmoqga o‘xshardi.
15 Tirik mavjudotlarga qarab turganimda, o‘sha to‘rt yuzli tirik mavjudotlarning yonida — yerda bittadan g‘ildirak borligini ko‘rdim+.
16 G‘ildiraklar va ularning tuzilishi yarqirayotgan xrizolitday ko‘rinishga ega bo‘lib, to‘rtalasi ham bir-biriga o‘xshardi. Ularning ko‘rinishi va tuzilishi, bittasi ikkinchisining ichida joylashgan g‘ildirakday edi*.
17 Yurganda ular to‘rt tomonga qarab harakat qila olardi va yurib ketayotganda hech qayerga burilmasdi.
18 Ularning gardishlari shu qadar baland ediki, vahimaga solardi. To‘rtala gardish ham gir aylanasiga ko‘zlar bilan qoplangan edi+.
19 Tirik mavjudotlar harakat qilganda, ular bilan birga g‘ildiraklar ham harakat qilardi. Tirik mavjudotlar yerdan ko‘tarilganda, g‘ildiraklar ham yerdan ko‘tarilardi+.
20 Ruh qayerga yo‘naltirsa, ruh qayerga borsa, ular o‘sha tomonga yurishardi. To‘rtta tirik mavjudotda amal qilayotgan ruh g‘ildiraklarda ham amal qilgani uchun, g‘ildiraklar ular bilan birga ko‘tarilardi.
21 Tirik mavjudotlar harakatga kelganda, g‘ildiraklar ham harakatlanardi. Ular to‘xtaganda, g‘ildiraklar ham to‘xtardi, ular yerdan ko‘tarilganda, g‘ildiraklar ham ular bilan birga ko‘tarilardi. Chunki tirik mavjudotlarda amal qilayotgan ruh g‘ildiraklarda ham amal qilar edi.
22 Haybatli muz kabi tovlanayotgan, sahnga o‘xshash bir narsa tirik mavjudotlarning boshlari uzra yoyilgan edi+.
23 Bu sahn ostida ularning qanotlari bittasi boshqasiga qaratilgan holda* to‘g‘ri turardi. Har birining ikki yonida tanasini yopadigan ikkitadan qanoti bor edi.
24 So‘ng qanotlarining tovushini eshitdim. Bu tovush, shovullayotgan suvning tovushi, cheksiz Qudrat tovushi kabi edi+. Ular harakatlanganida chiqgan tovush harbiy qo‘shinning shovqiniga o‘xshardi. Ular to‘xtaganda qanotlarini tushirishardi.
25 Ularning boshlari tepasidagi sahn ustidan ovoz eshitildi. (Ular to‘xtaganda qanotlarini tushirishardi.)
26 Ularning boshlari tepasidagi sahn ustida ko‘rinishi sapfir toshi kabi+, taxtga o‘xshash+ bir narsa bor edi. Taxt ustida qiyofasi insonnikiga o‘xshash kimsa o‘tirardi+.
27 Uning belga o‘xshagan joyi va yuqori qismida otash kabi, oltin bilan kumush qotishmasi singari porlayotgan bir narsani ko‘rdim+. Belining pastida olovga o‘xshash narsani ko‘rdim+. Uning har tomonidan nur taralib turardi.
28 Taralib turgan nur, yomg‘irli kunda bulutlar orasidan chiqgan kamalakka o‘xshardi+. Uni qurshab turgan nurning ko‘rinishi shunday edi. Bu nur Yahovaning ulug‘vorligiga o‘xshardi+. Buni ko‘rganimda, yerga yuztuban tiz cho‘kdim va kimdir gapirayotganini eshitdim.
Izohlar
^ Ma’nosi «Xudo kuch beradi».
^ Yoki «chaqmoqni».
^ Bitta g‘ildirak ikkinchisining ichida ko‘ndalangiga harakatlangan bo‘lsa kerak.
^ Boshqa variant «ularning qanotlari yoyilgan holda».