Hizqiyo 11:1-25
11 Ruh meni ko‘tarib, sharq tomonga qaragan Yahova ma’badining darvozasiga olib keldi+. Darvoza yonida 25 ta kishini ko‘rdim. Ularning orasida xalq beklaridan Ozzur o‘g‘li Yazaniyo bilan Binayo o‘g‘li Pilatiyo ham bor edi+.
2 So‘ng Xudo menga shunday dedi: «Inson o‘g‘li, bu odamlar yovuzlik qilishni rejalashtirib, shahardagi insonlarga yomon maslahatlar berib yurishibdi.
3 Ular: “Hozir uylar qurish payti emasmi?!+ Shahar* — qozon+, biz esa go‘shtmiz”,— deb aytishyapti.
4 Shunday ekan, ularga qarshi bashorat qil. Ey inson o‘g‘li, karomat qil»+.
5 So‘ng Yahovaning ruhi meni qamrab oldi+. Xudo menga quyidagilarni aytdi: «Shunday degin: “Yahova aytmoqda: “Ey Isroil xonadoni, gaplaringiz rost. Men nimalar haqida o‘ylayotganingizni bilaman.
6 Bu shaharda ko‘pchilikning o‘limiga sababchisizlar. Ko‘chalarni jasadlarga to‘ldirdingizlar”»+.
7 «Shuning uchun Oliy Hukmdor Yahova bunday demoqda: “Sizlar shaharning har yog‘iga sochib yuborgan jasadlar — go‘shtdir. Shahar esa qozondir+. Ammo sizlar undan chiqarib olinasizlar”».
8 «“Sizlar qilichdan qo‘rqgan edingizlar+, endi ustingizga qilich yuboraman”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova.
9 “Men sizlarni undan chiqarib olib, chet elliklarning qo‘liga topshiraman. Shunda ular sizlarga qarshi hukmimni amalga oshirishadi+.
10 Sizlar qilichdan halok bo‘lasizlar+. Men sizlarni Isroil chegarasi yaqinida hukm qilaman+. Shunda Men Yahova ekanimni bilib olasizlar+.
11 Shahar sizlar uchun qozonday bo‘lmaydi, sizlar ham qozon ichidagi go‘shtday bo‘lmaysizlar. Men sizlarni Isroil chegarasi yaqinida hukm qilaman.
12 Shunda Men Yahova ekanimni bilib olasizlar. Chunki sizlar qonun-qoidalarim bo‘yicha yo‘l tutib, hukmlarimga rioya qilishning o‘rniga+, atrofdagi xalqlarning hukmlari bo‘yicha ish tutdingizlar”»+.
13 Bashorat qilishni tugatishim bilanoq, Binayo o‘g‘li Pilatiyo jon berdi. Shunda men yuztuban muk tushib, baland ovozda faryod qildim: «Evoh, Oliy Hukmdor Yahova! Nahotki Isroil xalqining omon qolganlarini ham qirib tashlasang?!»+
14 Yahova menga yana so‘zini ayon qildi:
15 «Ey inson o‘g‘li, mulkingni qaytarib sotib olishga haqqi bo‘lgan qarindoshlaringga hamda butun Isroil xonadoniga Quddus ahli shunday degan edi: “Yahovaga yaqinlashmanglar. Yurt bizniki; u bizga mulk qilib berilgan”.
16 Ammo ularga quyidagini ayt: “Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Garchi Men ularni boshqa xalqlar orasiga surgun qilib, yurtlar bo‘ylab tarqatib yuborgan bo‘lsam-da+, borgan yurtlarida qisqa vaqtga ular uchun O‘zim muqaddas maskan bo‘laman”+.
17 Shuning uchun ularga quyidagini ayt: “Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Men sizlarni xalqlar orasidan, tarqatib yuborgan yurtlardan yig‘ib olaman. Isroil yurtini sizlarga beraman+.
18 Shunda ular bu yerga qaytib kelib, barcha jirkanch narsalarni yo‘q qilishadi va qabih ishlarga chek qo‘yishadi+.
19 Ularni yakdil qilaman*+. Ularga yangi ruh ato etaman+. Badanlaridan tosh yurakni olib tashlab+, o‘rniga muloyim yurak beraman*+,
20 toki ular farmonu hukmlarim bo‘yicha yo‘l tutadigan bo‘lishsin. Shunda ular Mening xalqim, Men esa ularning Xudosi bo‘laman”.
21 “Yuragi jirkanch narsalariga va qabih ishlariga bog‘lanib qolganlarga kelsak, tutgan yo‘llarining oqibatlarini boshlariga solaman”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova”».
22 Karublar qanotlarini yozishdi, g‘ildiraklar ularning oldida turardi+. Isroil Xudosining ulug‘vorligi ham ularning ustida edi+.
23 Yahovaning ulug‘vorligi+ shahardan ko‘tarilib, shaharning sharq tomonidagi tog‘ ustida to‘xtadi+.
24 Xudoning qudrati bilan ko‘rgan vahiyda ruh meni ko‘tarib, xaldeylar yurtidagi surgun qilinganlar oldiga olib bordi. Shundan so‘ng men ko‘rgan vahiy g‘oyib bo‘ldi.
25 Men surgunda bo‘lgan xalqga Yahova menga ko‘rsatgan barcha narsalarni aytib berdim.
Izohlar
^ Ya’ni Quddus. Yahudiylar shahar ichida hech narsa ularga xavf tug‘dirmaydi deb o‘ylashgan.
^ So‘zma-so‘z «Ularga bitta yurak beraman».
^ Ya’ni Xudoning yo‘l-yo‘riqlariga bo‘ysunuvchan yurak.