Ibroniylarga 12:1-29
12 Atrofimizda bunday shohidlar olomoni* bor ekan, har qanday og‘irlikni hamda bizni osongina tuzoqga ilintirmoqchi bo‘lgan gunohni o‘zimizdan yechib tashlab+, Alloh bizga belgilagan musobaqada chidam bilan chopaylik+.
2 Shuningdek, imonimizning Rahbari va uni kamolotga yetkazuvchi Isoga+ ko‘z tikaylik. U oldinda kutayotgan shodlik uchun sharmanda bo‘lishiga qaramay, azob ustunidagi* o‘limga chidab, Xudo taxtining o‘ng tomoniga o‘tirdi+.
3 Chindan ham, u o‘zlarigagina ziyon keltirgan gunohkorlarning haqoratlariga+ sabr-toqat qildi. Sizlar bu haqda o‘ylanglar, toki charchab, taslim bo‘lmanglar+.
4 Sizlar esa ushbu gunohga qarshi hali qoningiz to‘kilguncha kurashganingiz yo‘q.
5 Ota o‘g‘illariga aytgan mana bu so‘zlarni go‘yo butunlay unutib qo‘ydingizlar: «O‘g‘lim, Yahovaning* tarbiyasini rad etma, U senga tanbeh berganida aslo ruhing tushmasin.
6 Chunki Yahova* O‘zi sevgan insonga tarbiya beradi. Kimni o‘g‘ildek qabul qilsa, o‘shani qamchilaydi»+.
7 Sabr-toqat qilayotganingizning o‘zi sizlar uchun tarbiyadir. Tangri sizlar bilan o‘g‘illaridek muomala qilyapti+. Qaysi ota o‘g‘illarini tarbiyalamaydi?+
8 Bordi-yu, hamma qatori tarbiya olmasangiz, unda sizlar o‘g‘illar emas, balki nikohsiz tug‘ilgan farzandlarsiz.
9 Jismoniy otalarimiz bizni qattiq tarbiyalashganiga qaramay, ularni hurmat qilardik. U holda bizni muqaddas ruhi ila tanlagan va hayot ato etgan Otamizga tayyorlik ila bo‘ysunishimiz yanada muhimroq emasmi?+
10 Ular o‘zlariga yoqqanday, qisqa vaqt davomida bizni tarbiyalashgan edi. Lekin Alloh foydamizni ko‘zlab, U singari muqaddas bo‘lishimiz maqsadida bizga tarbiya beryapti+.
11 To‘g‘ri, har qanday tarbiya hozirgi paytda sevinch emas, og‘riq keltiradi*. Ammo u orqali ta’lim olganlarga tinchlik hosili — odillik keltiradi.
12 Shunday ekan, bo‘shashgan qo‘llaringizni, majolsizlangan tizzalaringizni baquvvat qilinglar+.
13 Oqsagan oyoqlaringiz chiqib ketmasin, aksincha, sog‘aysin, deya oyoqlaringiz uchun tekis yo‘l hozirlanglar+.
14 Hamma odamlar bilan tinchlik saqlashga+ va muqaddas bo‘lishga intilinglar+, chunki muqaddas bo‘lmagan kishi Hazratimizni* ko‘ra olmaydi.
15 Hech kim Xudoning inoyatidan ayrilib qolmasligi uchun ehtiyot bo‘linglar. Toki biron-bir zaharli tomir unib chiqib, ziyon yetkazmasin va natijada ko‘plar bulg‘anmasin+.
16 Shuningdek, birorta zinokor* ham, bitta ovqatni deb o‘zining to‘ng‘ichligini sotgan Esov kabi muqaddas narsalarni qadrlamaydigan ham bo‘lmasin+.
17 O‘zlaringizga ma’lum bo‘lganiday, keyin Esov duo olishni xohlaganda ham rad etildi. U ko‘z yosh to‘kib otasining qarorini o‘zgartirishga intilgan bo‘lsa-da+, bunga erisholmadi.
18 Sizlar lovullab yonayotgan+, qora bulut-u tim qorong‘ilik va bo‘ron ichida bo‘lgan+, qo‘l bilan tegsa bo‘ladigan tog‘ga yaqinlashmadingiz+.
19 Shuningdek, karnay tovushiga+ hamda gapirayotgan ovozga+ ham yaqinlashmadingiz. Chunki bu tovushni eshitgan odamlar U yana biror so‘z gapirmasin, deb Musoga yolvorishgan edi+.
20 Chunki ular: «Hatto hayvon ham tog‘ga yaqinlashsa, toshbo‘ron qilinsin»+,— degan amrdan dahshatga tushishgan edi.
21 Bu manzara shu qadar dahshatli ediki, hatto Muso payg‘ambar ham: «Men qo‘rqqanimdan titrayapman»+,— deb aytgan edi.
22 Ammo sizlar Sion tog‘iga+, barhayot Xudoning shahri samoviy Quddusga+, tumonat* farishtalarga yaqinlashdingiz.
23 Sizlar bir joyda yig‘ilgan farishtalarga+, ismlari osmonda qayd etilgan to‘ng‘ichlar jamoatiga, hammaning Hakami bo‘lmish Allohga+ va kamolotga erishgan odil kishilarning+ ruhiy hayotiga+ hamda
24 yangi ahdning+ vositachisi Isoga+ va Hobilning qonidan ham yaxshiroq gapirayotgan+ sachratilgan qonga yaqinlashdingiz.
25 Gapirayotganga quloq solmaslikdan ehtiyot bo‘linglar. Yer yuzida Allohning ogohlantirishlarini e’lon qilganga quloq solmaganlar jazodan qutula olishmagan ekan, unda samodan turib gapirayotgan Xudodan yuz o‘girsak, qutulolmasligimiz yanada aniq emasmi?!+
26 O‘shanda Xudoning ovozi yerni titratganidek+, endi U yana shunday deb va’da beryapti: «Men yana bir bor nafaqat yerni, balki osmonni ham larzaga solaman»+.
27 «Yana bir bor» degan so‘zlar esa titraydigan, ya’ni yaratilgan narsalarning yo‘q bo‘lib ketishiga ishora qiladi, toki titramaydigani qolsin.
28 Biz tebranmas Shohlikka erishar ekanmiz, bundan buyon ham inoyatga ega bo‘lib boraveraylik. U orqali biz muqaddas xizmatimizni Tangriga ma’qul tarzda, xudotarslik va titroq bilan ado etamiz.
29 Zero Allohimiz yamlamay yutadigan otashdir+.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «buyuk bir shohidlar buluti».
^ Yoki «qayg‘u bo‘lib tuyuladi».
^ Yoki «Rabbimizni», yun. Kirios.
^ Yun. pornia. Lug‘atdagi «jinsiy axloqsizlik» iborasiga q.
^ Yoki «o‘n minglarcha».