Ibtido 12:1-20

  • Ibrom Xorondan chiqib, Kan’onga boradi (1-9)

    • Xudo Ibromga va’da beradi (7)

  • Ibrom bilan Soray Misrda (10-20)

12  Yahova Ibromga dedi: «O‘z yurtingdan chiqib, qarindosh-urug‘laringni va otang xonadonini tark etib, Men senga ko‘rsatadigan yerga bor+.  Sendan buyuk xalq keltirib chiqaraman, seni barakali qilib, ismingni buyuk qilaman. Sen orqali boshqalar ham baraka topadi+.  Seni duo qilganlarni barakali qilaman, seni la’natlaganlarni esa la’natlayman+. Sen orqali yer yuzidagi barcha xalqlar baraka topadi»+.  Ibrom, Yahova unga aytgandek yo‘lga chiqdi va Lut ham unga qo‘shildi. Xorondan chiqib ketganida, Ibrom 75 yoshda edi+.  Ibrom xotini Sorayni+, akasining o‘g‘li Lutni+, yiqqan mol-mulkini+ va Xoronda ega bo‘lgan xizmatkorlarini olib, Kan’on+ yurtiga yo‘l oldi. Ular Kan’on yurtiga yetib kelgach,  Ibrom bu yurtni oralab, ulkan daraxtlar o‘sadigan Mo‘re+ yaqinidagi Shakam+ deb atalgan joyga bordi. O‘sha paytlarda u yerda kan’onliklar yashardi.  Keyin Yahova Ibromga zohir bo‘lib: «Bu yerni Men sening zurriyotingga*+ beraman»+,— dedi. Shundan keyin, Ibrom o‘ziga zohir bo‘lgan Yahovaga atab qurbongoh qurdi.  So‘ng Ibrom u yerdan yo‘lga chiqib, Baytilning+ sharq tomonidagi tog‘li hududga bordi va o‘sha yerda chodir tikdi. Baytil g‘arb tomonida, Ay+ shahri sharq tomonida edi. Shu yerda u Yahovaga atab qurbongoh+ qurdi va Yahovaning ismini aytib chaqira boshladi+.  Bundan keyin Ibrom chodirlarni yig‘di-da, Nagav+ cho‘liga yetib borguncha, chodirlarini bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirib yurdi. 10  O‘sha kunlarda Kan’on yurtida ocharchilik boshlandi. Ibrom vaqtincha* yashab turish uchun Misr tomonga yo‘l oldi+, chunki yurtda ocharchilik kuchaygan edi+. 11  U Misrga yaqinlashib qolganda, xotini Sorayga shunday dedi: «Gapimga quloq solgin: sen nihoyatda go‘zal ayolsan+. 12  Misrliklar seni men bilan ko‘rishganda: “Mana bu ayol uning xotini ekan”,— deyishadi. Shunda meni o‘ldirib, seni tirik qoldirishadi. 13  Sen tufayli biron ziyon ko‘rmasligim va hayotim* saqlab qolinishi uchun, o‘zingni uning singlisiman, deb tanishtirgin»+. 14  Ibrom Misrga kirishi bilanoq, misrliklar Sorayning juda chiroyli ekaniga e’tibor berishdi. 15  Fir’avn a’yonlari ham Sorayni ko‘rib, uni fir’avnga ta’riflay boshladilar. Shunda Soray fir’avnning uyiga olib ketildi. 16  Soray tufayli fir’avn Ibromga yaxshi muomala qildi, unga qo‘ylar, ho‘kizlar, erkak va urg‘ochi eshaklar, qul-u cho‘rilar va tuyalar berdi+. 17  So‘ng Yahova, Ibromning xotini Soray+ uchun fir’avnni va uning xonadonini og‘ir xastaliklarga* duchor qildi. 18  Shunda fir’avn Ibromni chaqirtirib, unga dedi: «Bu nima qilganing? Nega u xotining ekanini menga aytmading? 19  Nega: “U mening singlim”+,— deding? Sal bo‘lsa uni xotinlikka olardim-ku! Mana xotining, uni olib, jo‘na bu yerdan!» 20  Keyin fir’avn o‘z odamlariga buyruq berdi. Ular Ibromni xotini va bor-budi bilan birga kuzatib qo‘yishdi+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «urug‘ingga».
Yoki «musofirdek».
So‘zma-so‘z «jonim».
Yoki «ofatlarga».