Ibtido 13:1-18
13 Keyin Ibrom xotini va bor-budi bilan birga Misrdan chiqib, Nagavga+ yo‘l oldi. Lut ham u bilan birga edi.
2 Ibromning chorvasi va kumush-u oltini juda ko‘p edi+.
3 U Nagavdan Baytilga yetguncha, bir qarorgohdan ikkinchisiga ko‘chib yurdi. Ibrom Baytil bilan Ay+ o‘rtasida chodir tikkan joygacha,
4 oldin qurbongoh qurgan yerga yetguncha, ko‘chib yurdi. O‘sha yerda Ibrom Yahovaning ismini aytib chaqirdi.
5 Ibromga hamrohlik qilgan Lutning ham qo‘ylari, qoramoli va chodirlari bor edi.
6 Shu sababli, birga yashash uchun o‘sha yer ularga torlik qila boshladi. Mol-mulklari shu darajada ko‘payib ketdiki, birga yashashning iloji bo‘lmay qoldi.
7 Natijada Ibromning chorvasini boquvchi podachilar bilan Lutning chorvasini boquvchi podachilar o‘rtasida janjal chiqib qoldi. (O‘sha paytda u yerda kan’onliklar bilan pariziylar yashardi.)+
8 Shunda Ibrom Lutga+ dedi: «Men bilan sening, mening podachilarim bilan sening podachilaring o‘rtasida janjal chiqmasin, axir biz qarindoshmiz-ku.
9 Mana, butun yurt sening ko‘z oldingda. Kel, bir-birimizdan ayrilaylik. Agar sen chap tomonga ketsang, men o‘ng tomonga ketaman; bordi-yu, o‘ng tomonga ketsang, men chap tomonga ketaman».
10 Lut boshini ko‘tarib, butun Iordan vodiysining hududini*+ to Zo‘varga+ qadar ko‘rdi. O‘sha yer (Yahova Sado‘m bilan G‘amo‘rani yo‘q qilishidan oldin) Yahovaning bog‘i+ kabi, Misr yurtiday sersuv ekanini ko‘rdi.
11 Shunda Lut o‘zi uchun butun Iordan vodiysini tanladi va sharq tomonga qarab ketdi. Shu tariqa, ular bir-biridan ayrildi.
12 Ibrom Kan’on yurtida yashadi, Lut esa Iordan vodiysidagi shaharlar yaqiniga borib joylashdi+. Oxiri u Sado‘m shahrining yoniga borib chodir tikdi.
13 Sado‘mning odamlari yovuz bo‘lib, Yahovaga qarshi og‘ir gunohlar qilishardi+.
14 Lut ayrilib ketganidan keyin, Yahova Ibromga shunday dedi: «Boshingni ko‘tarib, turgan joyingdan shimolga, janubga, sharqga va g‘arbga qaragin.
15 Chunki sen ko‘rib turgan shu yerlarning barchasini, Men senga va sening zurriyotingga* asrdan-asrga mulk qilib beraman+.
16 Sening zurriyotingni yerning qumiday ko‘paytiraman. Agar biror kishi yerdagi qumni sanay olsa, unda sening zurriyotingni ham sanash mumkin bo‘ladi+.
17 Endi borib, butun yurtni aylanib chiq, zero uni senga beraman».
18 Shunday qilib, Ibrom chodirlarda yashab yurdi. Keyin Xevrondagi+ Mamreda+ o‘sadigan ulkan daraxtlar orasiga borib o‘rnashdi. O‘sha yerda u Yahovaga atab qurbongoh qurdi+.