Ibtido 15:1-21

  • Xudo Ibrom bilan ahd qiladi (1-21)

    • 400 yillik jabr-zulm haqidagi bashorat (13)

    • Xudo Ibromga va’dasini takrorlaydi (18-21)

15  Shu voqealardan keyin, Yahova Ibromga vahiy orqali: «Qo‘rqma+, Ibrom. Men senga qalqon bo‘laman+. Sening mukofoting judayam buyuk bo‘ladi»+,— deb aytdi.  Bunga Ibrom: «Oliy Hukmdor Yahova, menga qanday mukofot bermoqchisan? Mana, men farzandsiz o‘tib ketyapman, endi uyimning merosxo‘ri damashqlik Eliazar bo‘ladi»+,— dedi.  Keyin esa: «Menga farzand*+ bermading, endi uyimdagi xizmatkorim merosxo‘r bo‘ladi»,— deb qo‘shib qo‘ydi.  Lekin Yahova unga: «Bu kishi sening merosxo‘ring bo‘lmaydi, o‘z o‘g‘ling* merosxo‘r bo‘ladi»+,— deb aytdi.  U Ibromni chodirdan tashqariga olib chiqib: «Osmonga qaragin-da, agar sanay olsang, yulduzlarni sanab chiq»,— dedi. So‘ng: «Sening zurriyoting* shuncha bo‘ladi»+,— deb aytdi.  Ibrom Yahovaga ishondi+ va shuning uchun U Ibromni odil, deb tan oldi+.  Bundan keyin U: «Men bu yurtni senga mulk qilib berish uchun, seni xaldeylarning Ur diyoridan olib chiqqan Yahovaman»+,— deb qo‘shib qo‘ydi.  Ibrom esa: «Oliy Hukmdor Yahova, bu yurtga egalik qilishimni qanday bilib olaman?» — deb so‘radi.  Xudo unga javoban: «Uch yashar g‘unajin, uch yashar urg‘ochi echki, uch yashar qo‘chqor, g‘urrak* va kaptar palaponini olib kel»,— dedi. 10  Ibrom bu hayvonlarning barchasini olib keldi-da, qushlardan tashqari har birini ikki bo‘lakka bo‘lib, bo‘laklarni bir-birining* qarshisiga qo‘ydi. 11  Shunda hayvonlarning jasadiga yirtqich qushlar uchib kela boshladi, biroq Ibrom ularni haydab turdi. 12  Quyosh botayotganda, Ibromni qattiq uyqu bosdi va dahshatga soluvchi tim qorong‘ilik uni qoplab oldi. 13  Shu payt, Xudo Ibromga quyidagilarni aytdi: «Shuni bilib qo‘yginki, sening avloding begona yurtda musofir bo‘lib yashaydi. O‘sha yerning xalqi ularni qulga aylantirib, 400 yil mobaynida jabr-zulm o‘tkazadi+. 14  Ammo Men ularni qul qiladigan xalqni hukm etaman+ va shundan so‘ng ular o‘sha yurtni ko‘pgina mol-mulk bilan tark etishadi+. 15  Senga kelsak, sen uzoq umr ko‘rib, tinchlikda vafot etasan va ota-bobolaring kabi dafn etilasan+. 16  Bu yerga zurriyotingning to‘rtinchi avlodi qaytib keladi+, chunki amoriylarning gunohlari uchun jazolanadigan payt hali kelgani yo‘q»+. 17  Quyosh botib, atrofni quyuq qorong‘ilik bosdi. Shu payt, tutab turgan o‘choq ko‘rindi-da, lovullagan bir mash’al bo‘laklarga ajratilgan hayvonlarning o‘rtasidan o‘tib ketdi. 18  O‘sha kuni Yahova Ibrom bilan ahdlashib+, shunday dedi: «Zurriyotingga Misr daryosidan tortib, buyuk Furot daryosigacha bo‘lgan yurtni+: 19  xayiniylar+, xanaziylar, kadmoniylar, 20  xetiylar+, pariziylar+, rafaimlar+, 21  amoriylar, kan’onliklar, girgoshiylar va yobusiylarning yerlarini beraman»+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «urug‘».
So‘zma-so‘z «o‘z pushti kamaringdan bo‘ladigan».
So‘zma-so‘z «urug‘ing».
Yoki «qumri».
O‘sha paytlarda ahd qilish maqsadida hayvonni ikki bo‘lakka bo‘lish va ularning o‘rtasidan o‘tish odati bo‘lgan.