Ibtido 16:1-16

  • Hojar va Ismoil (1-16)

16  Ibromning xotini Soray befarzand edi+. Uning Hojar ismli misrlik cho‘risi bor edi+.  Soray Ibromga: «Iltimos, gapimga quloq soling! Yahova menga farzand bermadi. Shuning uchun, cho‘rimning yoniga kiring. Ehtimol, shu yo‘sin men farzandli bo‘larman»+,— deb aytdi. Ibrom Sorayning gapiga quloq soldi.  Ibrom Kan’on yurtida yashayotganiga o‘n yil bo‘lganda, uning xotini Soray misrlik cho‘risi Hojarni eri Ibromga xotin qilib berdi.  Shunday qilib, Ibrom Hojarga yaqinlashdi va u homilador bo‘ldi. Hojar homilador ekanini bilgach, bekasini mensimay qo‘ydi.  Shunda Soray Ibromga: «Mening tahqirlanishimga siz javobgarsiz. O‘zim cho‘rimni qo‘yningizga solib qo‘ydim*. U esa homilador ekanini bilganidan keyin meni nazariga ilmay qo‘ydi. Endi oramizdagi bu masalani Yahovaga soldim»,— deb aytdi.  Ibrom Sorayga: «Mana, cho‘ring o‘z izmingda. U bilan qanday yo‘l tutishni ma’qul deb bilsang, shunday qil»,— dedi. So‘ngra, Soray cho‘risini kamsita boshladi va Hojar undan qochib ketdi.  Keyinroq Yahovaning farishtasi uni sahrodagi buloq — Shurga+ olib boradigan yo‘ldagi buloq yonidan topdi.  U: «Ey, Sorayning cho‘risi Hojar, qayerdan kelib, qayerga ketyapsan?» — deb so‘radi. Hojar unga javoban: «Men bekam Soraydan qochib kelyapman»,— dedi.  Yahovaning farishtasi unga: «Bekangning oldiga qaytib bor va unga itoatli bo‘lib yur»,— deb aytdi. 10  So‘ng Yahovaning farishtasi: «Sening zurriyotingni* shunchalik ko‘paytiramanki, ularning sanog‘iga yetolmaysan»+,— dedi. 11  Yahovaning farishtasi unga yana shularni aytdi: «Sen homiladorsan va o‘g‘il tug‘ib, ismini Ismoil* qo‘yasan, chunki Yahova sening faryodingni eshitdi. 12  O‘g‘ling yovvoyi eshakday* bo‘ladi. U hammaga qarshi, hamma unga qarshi chiqadi. U barcha birodarlarining yonida yashab yuradi*». 13  Hojar o‘zi bilan gaplashgan Yahovaga murojaat qilib: «Sen hamma narsani ko‘ra oladigan* Xudosan»+,— dedi. Chunki Hojar: «Haqiqatan ham bu yerda meni ko‘rib turganni ko‘rdimmi?» — deb o‘ylagan edi. 14  Shuning uchun ushbu buloq Ber-Laxay-Ruy*, deb atalib qoldi. (Bu buloq Kadesh bilan Baridning o‘rtasida joylashgan.) 15  Hojar Ibromga o‘g‘il tug‘ib berdi va Ibrom o‘g‘lining ismini Ismoil qo‘ydi+. 16  Hojar Ismoilni tuqqanida, Ibrom 86 yoshda edi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «qo‘lingizga berdim».
So‘zma-so‘z «urug‘ingni».
Ma’nosi «Xudo eshitadi».
Yoki «qulon». Ayrimlarning fikricha «zebra». Ehtimol bu, o‘ta kuchli mustaqillik ruhini namoyon etishiga ishora qilgan.
Boshqa variant «barcha birodarlariga dushman bo‘lib yashaydi».
Yoki «meni ko‘rib turgan»; yoki «O‘zini ko‘rsatgan».
Ma’nosi «meni ko‘rib turgan barhayot Zotning bulog‘i».