Ibtido 17:1-27
17 Ibrom 99 yoshga to‘lganida, Yahova unga zohir bo‘lib: «Men Qodir Tangriman. Doimo Mening irodamga muvofiq yashab*, o‘zingni benuqson tut.
2 Men sen bilan ahd qilaman+ va zurriyotingni ko‘paytiraman»+,— deb aytdi.
3 Shunda Ibrom yuztuban tiz cho‘kdi. Alloh esa gapini davom ettirib, quyidagilarni aytdi:
4 «Mana, Men sen bilan ahd qildim+ va sen albatta ko‘p xalqlarning otasi bo‘lasan+.
5 Bundan buyon sening isming Ibrom* emas, balki Ibrohim* bo‘ladi. Chunki Men seni ko‘p xalqlarning otasiga aylantiraman.
6 Men seni juda ham serfarzand qilaman, sendan xalqlar va shohlar kelib chiqadi+.
7 Sening hamda keyingi zurriyotingning* Xudosi bo‘lib qolish uchun, Men sen bilan va sendan keyingi zurriyoting bilan qilgan ahdimga avlodlar osha rioya qilaman+. Bu ahd abadiy bo‘ladi.
8 Men senga va sendan keyingi zurriyotingga, sen musofir bo‘lib yashayotgan yurtni+ — butun Kan’on yurtini asrdan-asrga mulk qilib beraman va Men ularning Xudosi bo‘laman»+.
9 Alloh Ibrohimga yana shularni aytdi: «Sen bo‘lsang, qilgan ahdimga amal qil. Sen ham, sendan keyingi zurriyoting ham avlodlar osha unga rioya qilinglar.
10 Sen bilan va sendan keyingi zurriyoting bilan qilingan, sen hamda sendan keyingi zurriyoting amal qilishingiz kerak bo‘lgan ahdim quyidagicha: orangizdagi har bir erkak sunnat qilinishi lozim+.
11 Ha, sizlar sunnat qilinishingiz kerak va bu, qilingan ahdning belgisi sifatida xizmat qiladi+.
12 Xonadoningda tug‘ilgan har bir erkak hamda zurriyoting bo‘lmagan, begonadan pulga sotib olingan har bir kishi tug‘ilganiga sakkiz kun bo‘lganda, sunnat qilinsin+. Bunga avlodlaring osha rioya etilsin.
13 Sening xonadoningda tug‘ilgan har bir erkak va sening pulingga sotib olingan har bir kishi sunnat qilinishi lozim+. Tanangizdagi ushbu belgi, asrdan-asrga sizlar bilan ahdlashganimni tasdiqlab turadi.
14 Agar biror erkak sunnat qilinmasa, bunday kishi* o‘z xalqi orasidan yo‘q qilinsin*. U Mening ahdimni buzgan bo‘ladi».
15 So‘ng Xudo Ibrohimga shunday dedi: «Xotining Sorayga+ kelsak, endi uni Soray* deb chaqirma, chunki uning ismi Sora* bo‘ladi.
16 Men uni barakali qilaman va u senga o‘g‘il tug‘ib beradi+. Men uni barakali qilaman, u ko‘p xalqlarning va shohlarning onasi bo‘ladi».
17 Shunda Ibrohim muk tushdi va kulib: «Nahotki 100 yoshli kishi bolali bo‘lsa, 90 ga chiqqan Sora esa bola tug‘sa?»+ — deya ko‘nglidan o‘tkazdi+.
18 Ibrohim haq Xudoga: «Qaniydi, Ismoil Sendan baraka topsa!»+ — dedi.
19 Xudo unga shunday so‘zlarni aytdi: «Xotining Sora senga o‘g‘il tug‘ib beradi va sen uning ismini Is’hoq*+ qo‘yasan. Men u bilan ahdlashaman. Bu abadiy ahd undan keyingi zurriyoti uchun qilinadi+.
20 Ismoil haqida aytgan iltimosingni eshitdim. Men unga barakamni yog‘dirib, serfarzand qilaman va naslini judayam ko‘paytiraman. Undan 12 ta qabila boshi kelib chiqadi va Men undan kuchli bir xalq paydo qilaman+.
21 Biroq Men O‘z ahdimni, kelasi yili aynan shu paytda Sora senga tug‘ib beradigan Is’hoq bilan+ qilaman»+.
22 Xudo Ibrohim bilan gaplashib bo‘lganidan so‘ng, uning yonidan ketdi.
23 Shunda Ibrohim o‘g‘li Ismoilni va uyida tug‘ilgan barcha erkaklarni, shuningdek, puliga sotib olgan har bir kishini — xonadonidagi har bir erkakni olib, o‘sha kunning o‘zida, Alloh unga aytganiday ularni sunnat qildi+.
24 Ibrohim sunnat qilinganida, 99 yoshda edi+.
25 Ismoil esa sunnat qilinganida, 13 yoshda edi+.
26 Ibrohim hamda uning o‘g‘li Ismoil bir kunda sunnat qilindi.
27 Shunday qilib, xonadonidagi barcha erkak, uyida tug‘ilgan hamda begonadan pulga sotib olingan erkaklarning bari u bilan birgalikda sunnat qilindi.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «Mening oldimda yurib».
^ Ma’nosi «ulug‘ ota (yuksaltirilgan)».
^ Ma’nosi «ko‘plarning otasi».
^ So‘zma-so‘z «urug‘ingning».
^ So‘zma-so‘z «jon».
^ Yoki «o‘ldirilsin».
^ Taxminiy ma’nosi «urishqoq».
^ Ma’nosi «malika».
^ Ma’nosi «kulgi».