Ibtido 27:1-46
27 Is’hoq keksayib, ko‘zlari xiralashib, ko‘rmay qolgan edi. U to‘ng‘ich o‘g‘li Esovni+: «O‘g‘lim!» — deb yoniga chaqirdi. U: «Labbay!» — dedi.
2 Is’hoq unga: «Men qarib qoldim. Qancha umrim qolganini bilmayman.
3 Shuning uchun qurollaringni, o‘qdoning va yoyingni olgin-da, dashtga chiqib men uchun biror narsa ovlab kel+.
4 Undan keyin men xush ko‘rgan mazali taomni tayyorlab olib kel. Toki o‘limimdan oldin uni yeb, seni duo qilayin»,— dedi.
5 Rivqo esa, Is’hoq o‘g‘li Esovga aytgan gaplarni eshitib turgan edi. Esov hayvon ovlab kelgani dashtga chiqib ketdi+.
6 Shunda Rivqo o‘g‘li Yoqubga+ dedi: «Akang Esovga otang nimalar deganini eshitib qoldim.
7 U: “Biror narsa ovlab kelib, men xush ko‘rgan mazali taomni tayyorla. Toki o‘limimdan oldin uni yeb, Yahovaning ko‘z o‘ngida seni duo qilayin”+,— dedi.
8 Endi o‘g‘lim, gapimni diqqat bilan eshit va aytganlarimni bajar+.
9 Borgin-da, poda ichidan ikkita semiz uloqchani menga olib kel. Men ulardan otang xush ko‘rgan mazali taom tayyorlayman.
10 Keyin uni otangning oldiga olib kir. Uni yeb, o‘limidan oldin seni duo qilsin».
11 Yoqub onasi Rivqoga: «Akam Esov serjun+, mening badanim esa silliq.
12 Bordi-yu, otam sezib qolsalar-chi?+ U kishini masxara qilganday bo‘lmaymanmi? Shunda duo o‘rniga la’nat eshitaman-ku»,— dedi.
13 Bunga javoban onasi unga: «O‘sha la’nat senga emas menga tegsin, o‘g‘lim. Gapimga quloq sol, borgin-da, men senga aytgan narsalarni olib kel»+,— deb aytdi.
14 Yoqub aytilgan narsalarni onasiga keltirib berdi va onasi Is’hoq xush ko‘rgan mazali taomni tayyorladi.
15 Bundan keyin, Rivqo uyidan to‘ng‘ich o‘g‘li Esovning eng yaxshi kiyimlarini oldi-da, ularni kichik o‘g‘li Yoqubga kiygizdi+.
16 Uloqchalarning terisini ham olib, qo‘llarining hamda bo‘ynining junsiz joylariga o‘radi+.
17 So‘ng o‘zi pishirgan mazali taom bilan yopgan nonni ham o‘g‘li Yoqubga berdi+.
18 Yoqub otasining oldiga borib: «Otajon!» — dedi. U esa: «Ha, o‘g‘lim. Kimsan?» — deb so‘radi.
19 Yoqub otasiga: «Men to‘ng‘ichingiz Esovman+. Aytganingizni bajarib, ov qilib keldim. Marhamat, shu go‘shtdan tayyorlangan ovqatni o‘tirib yeb oling va meni duo qiling»+,— deb javob berdi.
20 Is’hoq o‘g‘lidan: «Qanday qilib bunchalik tez ovlab kelding, o‘g‘lim?» — deb so‘radi. Yoqub unga: «Xudoyingiz Yahovaning O‘zi uni menga berdi»,— deb aytdi.
21 Keyin Is’hoq Yoqubga: «Yaqinroq kel o‘g‘lim, sen chindan ham o‘g‘lim Esovmisan yoki yo‘qmi, seni bir paypaslab ko‘ray-chi»+,— dedi.
22 Yoqub otasiga yaqin keldi va Is’hoq uni paypaslab ko‘rib: «Ovozi Yoqubniki, ammo qo‘llari Esovniki»+,— deb aytdi.
23 Is’hoq uni taniy olmadi, chunki uning qo‘llari akasi Esovniki kabi junli edi. Shu bois, uni duo qildi+.
24 Bundan so‘ng Is’hoq: «Sen chindan ham o‘g‘lim Esovmisan?» — deb so‘radi. U esa: «Ha, Esovman»,— dedi.
25 So‘ng Is’hoq: «Ovlab kelgan go‘shtingdan ber, o‘g‘lim, undan yeb seni duo qilayin»,— dedi. Yoqub unga so‘raganini berdi va u yedi. Is’hoqga sharob ham berdi va u ichdi.
26 Keyin otasi Is’hoq unga: «Yonimga kelib, meni o‘pgin, o‘g‘lim»+,— dedi.
27 Yoqub yaqinroq kelib, uni o‘pganda, Is’hoq uning kiyimini hidladi+. Keyin uni duo qilib dedi:
«O‘g‘limning hidi, Yahova baraka bergan dalaning hididaydir.
28 Haq Tangri senga osmon shudringini+, serhosil yerlarni+ hamda don bilan yangi sharobni mo‘l-ko‘l qilib bersin+.
29 Xalqlar senga xizmat qilsin va millatlar ta’zim qilsin. Birodarlaringning ustidan xo‘jayin bo‘l, ular senga ta’zim qilsin+. Seni qarg‘agan har qanday kishi la’nati bo‘lsin, seni duo qilgan esa barakali bo‘lsin»+.
30 Is’hoq Yoqubni duo qilib bo‘lishi bilanoq, Yoqub otasi Is’hoqning huzuridan chiqib ketdi. Shu payt, Esov ovdan qaytib keldi+.
31 U ham mazali taomni tayyorlab otasiga olib keldi. Esov otasiga: «Otajon, o‘rningizdan turib o‘g‘lingiz tayyorlagan go‘shtdan yeb oling va meni duo qiling»,— dedi.
32 Shunda otasi Is’hoq unga: «Sen kimsan?» — dedi. Bunga javoban u: «Men o‘g‘lingizman, to‘ng‘ichingiz Esovman»+,— deb aytdi.
33 Is’hoqni qattiq titroq bosdi-da: «Unda ov qilib, uni menga olib kelgan kim edi? Kelishingdan oldin, men u olib kelgan ovqatni yeb, uni duo qilib qo‘ydim-ku. Endi u barakali bo‘ladi»,— dedi.
34 Otasining gaplarini eshitgach, Esov qattiq faryod qilib, achchiq-achchiq yig‘lay boshladi va otasiga: «Meni ham duo qiling otajon, meni ham!»+ — dedi.
35 Ammo Is’hoq: «Ukang ayyorlik ishlatib, senga atalgan duoni oldi»,— deb aytdi.
36 Esov bo‘lsa: «Behudaga uni Yoqub* deyishmagan ekan-da. U naq ikki marta mening o‘rnimni egalladi+. To‘ng‘ichligimni allaqachon olib bo‘ldi+, endi menga atalgan duoga ham egalik qildi!»+ — dedi. So‘ng: «Nahotki menga birorta ham duo qolmagan bo‘lsa?» — deb so‘radi.
37 Is’hoq esa unga javob berib, dedi: «Men uni sening ustingdan xo‘jayin etib tayinladim+. Barcha birodarlarini unga xizmatkorlikka berdim. Don va yangi sharobni ham unga in’om etdim+. Senga beradigan yana nimam bor, o‘g‘lim?»
38 Esov otasiga: «Otajon, nahotki sizda bittagina duo bo‘lsa? Meni ham duo qiling otajon, meni ham!» — dedi. Shu gaplarni aytib Esov ho‘ngrab yig‘ladi+.
39 Otasi Is’hoq unga mana bunday javob berdi:
«Sening maskaning serhosil yerlardan hamda osmonning shudringidan uzoqda bo‘ladi+.
40 Umr bo‘yi qo‘lingdan qilich tushmaydi+ va ukangga xizmat qilasan+. Biroq unga qarshi chiqqaningda, gardaningdagi uning bo‘yinturug‘ini sindirib tashlaysan»+.
41 Yoqub Esovga atalgan otasining duosini olgani uchun, Esov ukasiga kek saqlab+: «Otamning umrlari oxirlab qoldi+. Shunday ekan, avval otamni dafn etib*, keyin ukam Yoqubni o‘ldiraman»,— deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
42 To‘ng‘ichi Esovning bunday niyatini Rivqoga aytib berishgach, u kichik o‘g‘li Yoqubni chaqirtirib, dedi: «Menga qara, akang Esov sendan qasd olishni niyat qilib, seni o‘ldirishni rejalashtirib yuribdi*.
43 Shuning uchun o‘g‘lim, men aytganday qil. O‘rningdan turib, akam Lobonning oldiga — Xoronga bor+.
44 Akang jahldan tushguncha, bir muddat o‘sha yerda yashab tur.
45 Akangning g‘azabi tarqab, unga nima qilganing esidan chiqsin. Keyin odam yuborib, seni u yerdan chaqirtiraman. Bir kunning o‘zida ikkalangizdan ham ayrilishni istamayman».
46 Bu voqealardan keyin, Rivqo Is’hoqga dedi: «Xet qizlari meni hayotdan bezdirib yuborishdi+. Agar Yoqub ham mana bularga o‘xshagan shu yurt qizlariga, Xet qizlaridan birortasiga uylansa, unda menga yashashning nima keragi bor?!»+
Izohlar
^ Ma’nosi «tovon ushlovchi, boshqaning o‘rnini egallovchi».
^ Yoki «otam uchun motam tutiladigan kunlar yaqinlashib qoldi».
^ Yoki «seni o‘ldiraman deb, o‘zini yupatib yuribdi».