Ibtido 29:1-35

  • Yoqub Rohilani uchratadi (1-14)

  • Yoqub Rohilani sevib qoladi (15-20)

  • Yoqub Leaxga va Rohilaga uylanadi (21-29)

  • Yoqubning Leaxdan ko‘rgan 4 o‘g‘li: Ruben, Shimo‘n, Levi va Yahudo (30-35)

29  Shundan so‘ng Yoqub yo‘lida davom etib, Sharq xalqlarining yurtiga yetib keldi.  U, dalada quduqni va uning yonida uch suruv qo‘y yotganini ko‘rdi. Odatda qo‘ylarni o‘sha quduqdan sug‘orishardi. Quduqning og‘zida katta tosh bor edi.  O‘sha yerda barcha suruvlar yig‘ilganda, cho‘ponlar quduq og‘zidagi toshni surib, qo‘ylarni sug‘orishardi. Keyin esa, yana o‘sha tosh bilan quduq og‘zini yopib qo‘yishardi.  Yoqub ulardan: «Birodarlarim, qayerdansizlar?» — deb so‘radi. Ular: «Biz Xorondanmiz»+,— deb javob berishdi.  Yoqub: «Naxo‘rning+ nevarasi Lobonni+ taniysizlarmi?» — deb so‘radi. Ular: «Ha, taniymiz»,— deb aytishdi.  Yoqub ulardan: «Lobon yaxshi yuribdimi?» — deb so‘radi. Ular: «Yaxshi yuribdi. Ana, qizi Rohila+ qo‘ylarni haydab kelyapti»,— deyishdi.  Shunda Yoqub: «Endigina tush payti bo‘ldi. Hozir suruvni yig‘adigan vaqt emas-ku! Shunday ekan, qo‘ylarni sug‘orib, o‘tlatgani bormaysizlarmi?» — deb aytdi.  Ular: «Barcha suruvlar yig‘ilib, quduq og‘zidagi toshni surmagunimizcha, qo‘ylarni sug‘ora olmaymiz»,— deb aytishdi.  Yoqub ular bilan gaplashib turganda, Rohila otasining qo‘ylarini haydab kelib qoldi. U cho‘ponlik qilardi. 10  Yoqub tog‘asi Lobonning qizi Rohilani va qo‘ylarini ko‘rib, darrov bordi-da, quduq og‘zidagi toshni surib, tog‘asi Lobonning qo‘ylarini sug‘ordi. 11  Yoqub Rohilani o‘pdi-da, yig‘lab yubordi. 12  Yoqub Rohilaga, u otasining qarindoshi* va Rivqoning o‘g‘li ekanligini aytdi. Rohila bo‘lsa, yugurib borib otasiga xabar qildi. 13  Lobon+ jiyani Yoqub haqida eshitishi bilanoq, uni kutib olish uchun yugurib keldi. U Yoqubni quchoqlab o‘pdi-da, uyiga olib bordi. So‘ng Yoqub tog‘asiga boshidan o‘tgan voqealarning hammasini aytib berdi. 14  Oxiri, Lobon unga: «Sen chindan ham mening qon-qardoshim* ekansan»,— dedi va Yoqub unikida bir oy yashadi. 15  Lobon Yoqubga: «Qarindoshim+ bo‘lsang-da, menga tekinga xizmat qilmasliging kerak. Ayt-chi, xizmat haqingga nima beray?»+ — dedi. 16  Lobonning ikkita qizi bor edi. Kattasining ismi Leax, kichiginiki esa Rohila+ edi. 17  Leax ko‘rimsiz edi*, Rohila esa jozibali va chiroyli edi. 18  Yoqub Rohilani sevib qoldi. Shuning uchun u: «Kichik qizingiz Rohila uchun, sizga yetti yil ishlab berishga tayyorman»+,— deb aytdi. 19  Lobon esa: «Qizimni begonaga bergandan ko‘ra, senga berganim yaxshiroq. Menikida yashayver»,— dedi. 20  Yoqub Rohila uchun yetti yil ishlab berdi+. Lekin Rohilani sevgani uchun, bu vaqt unga bir necha kunday tuyuldi. 21  Yoqub Lobonga: «Mana, xizmatimning muddati bitdi, endi Rohilaga uylanishimga* ijozat bering»,— deb aytdi. 22  Lobon to‘y qilib, o‘sha atrofda yashovchi barcha odamlarni taklif qildi. 23  Biroq kechasi Yoqub bilan birga bo‘lsin deb, qizi Leaxni uning yoniga kirgizdi. 24  Lobon cho‘risi Zilponi ham Leaxga cho‘ri qilib berdi+. 25  Yoqub ertalab turib qarasa, yonida Leax yotgan ekan. Shunda u Lobonga: «Bu nima qilganingiz? Axir men sizga Rohila uchun ishlab berdim-ku! Nega meni aldadingiz?»+ — dedi. 26  Lobon shunday deb javob berdi: «Bizda kattasidan oldin kichigini turmushga berishmaydi. 27  Leaxning kelinlik haftasi o‘tsin. So‘ng ikkinchisini ham olasan, faqat u uchun menga yana yetti yil ishlab berasan»+. 28  Yoqub uning aytganini bajarib, bir haftani Leax bilan o‘tkazdi. Keyin esa, Lobon qizi Rohilani ham unga xotinlikka berdi. 29  Bundan tashqari, Lobon cho‘risi Bilxaxni+ Rohilaga cho‘rilikka berdi+. 30  Yoqub Rohilaning ham yoniga kirdi. U Rohilani Leaxdan ko‘ra ko‘proq sevardi va Lobonga yana yetti yil ishlab berdi+. 31  Yahova Leax sevimli emasligini ko‘rib, uni tug‘adigan qildi+, Rohila esa bepusht edi+. 32  Leax homilador bo‘ldi va o‘g‘il ko‘rib: «Yahova baxtsiz ekanligimni ko‘rdi+, xo‘jayinim endi meni sevadi»,— deya, ismini Ruben*+ qo‘ydi. 33  Leax yana homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di va u: «Yahova sevimli emasligimni eshitib, menga bu o‘g‘ilni ham berdi»,— deb, uning ismini Shimo‘n*+ qo‘ydi. 34  Leax yana homilador bo‘ldi va o‘g‘il ko‘rib: «Endi xo‘jayinim menga bog‘lanib qoladi, chunki men unga uchta o‘g‘il tug‘ib berdim»,— deya, ismini Levi*+ qo‘ydi. 35  So‘ngra Leax yana homilador bo‘lib, o‘g‘il ko‘rdi va u: «Bu safar Yahovani sharaflayman»,— deya, ismini Yahudo*+ qo‘ydi. Bundan keyin u muayyan vaqt farzand ko‘rmadi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «ukasi».
So‘zma-so‘z «et-u suyagim».
Yoki «Leaxning ko‘zlarida o‘t chaqnamas edi».
Yoki «yoniga kirishimga».
Ma’nosi «qarang, o‘g‘il ekan!»
Ma’nosi «eshitadi».
Ma’nosi «vafodorlik; bog‘lanib qolish».
Ma’nosi «maqtalgan; maqtov olgan kishi».