Ibtido 35:1-29
35 Bundan keyin Alloh Yoqubga: «Yo‘lga otlanib, Baytilga+ borgin-da, o‘sha yerga o‘rnashgin. U yerda, akang Esovdan qochib ketayotganingda+ senga zohir bo‘lgan haq Xudoga atab qurbongoh barpo et»,— dedi.
2 Shunda Yoqub xonadon ahliga va yonida bo‘lganlarga: «Sizlarda bor bo‘lgan soxta xudolarning butlarini yo‘q qilib+, poklaninglar va kiyimlaringizni almashtiringlar.
3 Endi biz Baytilga ketamiz. O‘sha yerda, qayg‘uli kunimda menga javob bergan hamda qayerga bormay, doimo yonimda bo‘lgan haq Tangriga atab qurbongoh quraman»+,— deb aytdi.
4 Ular o‘zlarida bor bo‘lgan soxta xudolarning butlarini va quloqlaridagi sirg‘alarini* Yoqubga berishdi. Yoqub ularni Shakam yaqinidagi katta bir daraxtning tagiga ko‘mib qo‘ydi.
5 So‘ng ular yo‘lga otlanishdi. Atrofdagi shaharlarni Allohning dahshati qamrab olgani sababli, ular Yoqubning o‘g‘illari ortidan quvishmadi.
6 Oxiri Yoqub yonidagi odamlari bilan Kan’on yurtidagi Luzga+, ya’ni Baytilga yetib keldi.
7 U o‘sha yerda qurbongoh qurib, bu joyni El-Baytil* deb atadi. Chunki Yoqub akasidan qochib ketayotganida, haq Xudo shu yerda unga zohir bo‘lgan edi+.
8 Bir qancha vaqt o‘tgach, Rivqoning enagasi Dobira+ vafot etdi va Baytilning yaqinidagi eman daraxti tagiga dafn etildi. Shu bois, Yoqub bu daraxtni Olo‘n-Bakut* deb nomladi.
9 Yoqub Paddon-Oromdan qaytayotganida, Alloh unga yana zohir bo‘lib, uni muborakbod qildi.
10 Tangri unga: «Sening isming Yoqub+. Lekin endi isming Yoqub emas, Isroil bo‘ladi»,— deb aytdi. Shunday qilib, uni Isroil+ deb atay boshladi.
11 So‘ng Xudo unga: «Men Qodir Allohman+. Serfarzand bo‘lib, ko‘paygin. Sen ko‘pdan-ko‘p xalqlarning otasi bo‘lasan+ va sening pushti kamaringdan shohlar kelib chiqadi+.
12 Ibrohim bilan Is’hoqga bergan shu yurtni senga va sendan keyingi zurriyotingga* beraman»+,— dedi.
13 Keyin Xudo o‘sha yerdan, u bilan gaplashgan joydan ketdi.
14 Yoqub bo‘lsa, Alloh bilan gaplashgan joyga yodgorlik toshi o‘rnatib, ustiga ichimlik nazri va moy quydi+.
15 Tangri bilan gaplashgan joyni, Yoqub ilgarigiday Baytil+ deb atadi.
16 So‘ng ular Baytildan yo‘lga chiqishdi. Efrataga yetib borishlariga hali ancha borligida, Rohilani to‘lg‘oq tutib, u rosa qiynaldi.
17 U to‘lg‘oq azobini chekayotganida, doya unga: «Qo‘rqma, yana o‘g‘il ko‘rasan»+,— deb aytdi.
18 Rohila o‘layotgan edi. Uning joni* uzilay deb turganida, u o‘g‘lini Beno‘n* deb nomladi. Ammo otasi uning ismini Benyamin*+ deb qo‘ydi.
19 Rohila hayotdan ko‘z yumdi va uni Efrataning, ya’ni Baytlahmning+ yo‘lida dafn etishdi.
20 Yoqub uning qabriga yodgorlik toshi o‘rnatdi. Bu tosh hozirgacha Rohilaning qabri ustida turibdi.
21 Bundan keyin Isroil yo‘lga otlanib, Eder minorasining narigi tomoniga chodir tikdi.
22 Isroil o‘sha yurtda yashab yurganida, Ruben otasining cho‘risi Bilxax bilan yotdi. Bu haqda Isroil bilib qoldi+.
Yoqubning 12 ta o‘g‘li bor edi.
23 Uning Leaxdan tug‘ilgan to‘ng‘ich o‘g‘li Ruben+, keyin Shimo‘n, Levi, Yahudo, Issaxor va Zabulun.
24 Rohiladan Yusuf bilan Benyamin tug‘ildi.
25 Rohilaning cho‘risi Bilxaxdan Dan va Naftali tug‘ildi.
26 Leaxning cho‘risi Zilpodan Gad bilan Osher dunyoga keldi. Yoqubning Paddon-Oromda tug‘ilgan o‘g‘illari shulardir.
27 Nihoyat, Yoqub otasi Is’hoqning oldiga, Xirat-Arbadagi Mamrega+, ya’ni Xevronga, Ibrohim bilan Is’hoq musofir bo‘lib yashagan+ joyga yetib keldi.
28 Is’hoq 180 yil yashadi+.
29 U uzoq umr ko‘rib, hayotdan mamnun bo‘lib vafot etdi va o‘z xalqiga qo‘shildi*. Uni o‘g‘illari Yoqub bilan Esov dafn etishdi+.
Izohlar
^ Qadimda boshqa xalqlar sirg‘alardan tumor tariqasida foydalanishgan.
^ Ma’nosi «Baytilning Xudosi».
^ Ma’nosi «yig‘i emani».
^ So‘zma-so‘z «urug‘ingga».
^ Yoki «hayoti».
^ Ma’nosi «qayg‘umning o‘g‘li».
^ Ma’nosi «o‘ng qo‘limning o‘g‘li».
^ Bu ibora orqali o‘lim she’riy tarzda ifodalangan.