Ibtido 38:1-30
-
Yahudo va Tamara (1-30)
38 Bu orada Yahudo aka-ukalaridan bo‘linib, adullamlik Xirax ismli kishiga yaqin joyga borib chodir tikdi.
2 U yerda Yahudo kan’onlik+ Shuva ismli kishining qizini ko‘rib qoldi. Yahudo uni xotinlikka olib, unga yaqinlashdi va
3 ayol homilador bo‘lib, o‘g‘il ko‘rdi. Yahudo unga G‘ur+ deb ism qo‘ydi.
4 Ayol yana homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di va uni O‘nan deb atadi.
5 Keyin u yana o‘g‘illi bo‘ldi va unga Shelo deb ism qo‘ydi. Bu paytda Yahudo Axsibda+ edi.
6 Vaqti kelib, Yahudo to‘ng‘ichi G‘urni uylantirdi. Xotinining ismi Tamara+ edi.
7 Biroq Yahudoning to‘ng‘ich o‘g‘li G‘ur, Yahovaning nafratini keltirdi. Shuning uchun Yahova uni o‘ldirdi.
8 Shunda Yahudo O‘nanga: «Akangning bevasiga uylan. Shu tariqa qarindoshlik burchini* o‘tab, akangning avlodini davom ettir»+,— dedi.
9 Ammo O‘nan, tug‘iladigan farzand akasining avlodi hisoblanishini bilardi+. U akasining avlodini davom ettirmaslik uchun, uning xotini bilan yotganda urug‘ini yerga to‘kar edi+.
10 Uning bu qilmishi Yahovaning nazarida yomon ish edi. Shu sababli, Xudo uni ham o‘ldirdi+.
11 So‘ngra Yahudo kelini Tamaraga: «O‘g‘lim Shelo o‘sib ulg‘ayguncha, hech kimga turmushga chiqmay, otang uyida yashab tur»,— dedi. Uning ko‘nglidan: «Tag‘in bunisi ham akalariga o‘xshab o‘lib qolmasin»+,— degan fikr o‘tgani uchun shunday dedi. Xullas, Tamara otasining uyida yashab yurdi.
12 Bir muncha vaqtdan keyin Shuvaning+ qizi, Yahudoning xotini vafot etdi. Aza kunlari tugagach, Yahudo adullamlik do‘sti Xirax+ bilan birga Timnaxga+, qo‘ylarining junini qirqayotganlar oldiga yo‘l oldi.
13 Tamaraga: «Qaynatang qo‘ylarining junini qirqqani Timnaxga ketyapti»,— degan xabar keldi.
14 Tamara bevalik kiyimlarini yechdi-da, ro‘molga o‘ranib, yuzini yopdi va Timnaxga olib boradigan yo‘l bo‘yida joylashgan Enayimga kiraverishda o‘tirib oldi. U Shelo o‘sib ulg‘ayganini bilardi. Qaynatasi esa, uni Sheloga xotinlikka olib bermayotgan edi+.
15 Yahudo Tamarani ko‘rganida, uni fohisha deb o‘yladi, chunki u yuzini bekitgan edi.
16 Uning oldiga borib: «Men bilan birga bo‘lgin»,— dedi. Yahudo kelinini tanimadi+. Ayol undan: «Siz bilan yotsam, menga nima berasiz?» — deb so‘radi.
17 Unga javoban Yahudo: «Suruvimdan bir uloqchani senga yuboraman»,— dedi. Ammo u: «Yuborguningizga qadar garov sifatida nima berasiz?» — deb so‘radi.
18 Yahudo undan: «Xo‘sh, garovga senga nima beray?» — deb so‘raganida, u: «Qo‘lingizdagi tayoqni va muhr uzugingizni+ bog‘ichi bilan bering»,— deb aytdi. Yahudo ayol so‘ragan narsalarni berdi va u bilan yotdi. Ayol undan homilador bo‘ldi.
19 So‘ng u o‘rnidan turib ro‘molini yechdi-da, bevalik kiyimlarini kiyib oldi.
20 Yahudo garov sifatida bergan narsalarini qaytarib olish uchun, adullamlik do‘sti+ orqali bir uloqchani berib yubordi. Ammo do‘sti o‘sha ayolni topa olmadi.
21 Shunda u o‘sha yerlik odamlardan: «Enayimda, yo‘l bo‘yida bir fohisha* o‘tirardi. Uni qayerdan topsa bo‘ladi?» — deb so‘radi. Ammo ular: «Bu yerda hech qachon fohisha o‘tirmasdi»,— deyishdi.
22 Oxiri u Yahudoning oldiga qaytib borib, unga: «Men uni topa olmadim. Bundan tashqari, o‘sha yerlik odamlar: “Bu yerda hech qachon fohisha o‘tirmasdi”,— deb aytishdi»,— dedi.
23 Yahudo unga: «Mayli, o‘sha narsalarni o‘ziga qoldiraversin. Tag‘in uni izlab yurib, isnodga qolmaylik. Nima bo‘lganda ham, men unga uloqchani yubordim, sen esa uni topa olmading»,— deb aytdi.
24 Taxminan uch oy o‘tgach, Yahudoga: «Keliningiz Tamara fohishalik qilib, homilador bo‘lib qolibdi»,— degan xabar keldi. Shunda Yahudo: «Uni olib chiqib, o‘ldiringlar-da, keyin yoqib yuboringlar»+,— dedi.
25 Tamarani olib chiqib ketishayotganida, u qaynatasiga: «Men mana bu narsalarning egasidan homilador bo‘lganman»,— deya xabar yubordi. So‘ng: «Iltimos, mana bu tayoq va muhr uzugi bog‘ichi bilan kimga tegishli ekanini bilib bering»+,— deb qo‘shib qo‘ydi.
26 Yahudo narsalarni tanib qolib: «U menga qaraganda to‘g‘riroq yo‘l tutdi, boisi men o‘g‘lim Sheloni unga uylantirmadim»+,— dedi. Shundan keyin Yahudo u bilan yotmadi.
27 Tug‘ish vaqti kelganda, qornida egizak borligi ma’lum bo‘ldi.
28 Tamara tug‘ayotgan paytda egizaklardan biri qo‘lini tashqariga chiqardi va doya: «Bunisi birinchi chiqdi»,— deya darhol uning qo‘liga qirmizi ip bog‘ladi.
29 Ammo u qo‘lini orqaga tortib olishi bilanoq, ikkinchisi tug‘ildi. Doya: «Voy, sen yo‘lingni qanday yorib chiqding?!» — deb yubordi. Shu bois unga Paraz*+ deb ism qo‘yishdi.
30 Undan keyin qo‘liga qirmizi ip bog‘langani chiqdi va uni Zerah*+ deb atashdi.
Izohlar
^ Yoki «ibodatxona fohishasi». Ehtimol bu, Kan’on xudolariga sig‘inish usullaridan biri bo‘lgan.
^ Ma’nosi «yorib chiqish». Ehtimol, chot orasini yorib chiqishga ishora qilgan.
^ Ma’nosi «yarqiramoq; kun chiqishi».