Ibtido 45:1-28

  • Yusuf o‘zini oshkor etadi (1-15)

  • Yusufning akalari Yoqubni olib kelishga boradi (16-28)

45  Bu so‘zlardan keyin Yusuf o‘zini tuta olmay+, xizmatkorlariga: «Bu yerdan chiqib ketinglar!» — deya baqirdi. Ular chiqib ketgach, Yusuf o‘zini aka-ukalariga tanitdi+.  U shunchalik baland ovozda yig‘lab yubordiki, buni misrliklar ham, fir’avnning saroyidagilar ham eshitdi.  Yusuf aka-ukalariga: «Men Yusufman. Otam hali ham hayotmilar?» — dedi. Biroq ular hayratdan dong qotib qolishdi va unga javob bera olishmadi.  Keyin Yusuf ularga: «Iltimos, yaqinroq kelinglar»,— dedi. Ular Yusufning oldiga yaqinroq borishdi. Shunda Yusuf ularga quyidagilarni aytdi: «Sizlar Misrga sotib yuborgan ukangiz Yusufman+.  Ammo sizlar tashvishlanmanglar va meni bu yerga sotib yuborganingiz uchun bir-biringizni ayblamanglar. Xudo hayotingizni saqlab qolish uchun, meni sizlardan avval bu yerga yubordi+.  Yer yuzida ocharchilik boshlanganiga endi ikki yil bo‘ldi+, yana besh yil yer shudgor qilinmaydi va o‘rim-yig‘im bo‘lmaydi.  Xudo yer yuzida naslingizni saqlab qolish+ va buyuk bir najot orqali sizlarni tirik qoldirish uchun, meni sizlardan avval bu yerga yubordi.  Meni bu yerga sizlar emas, balki haq Xudo yubordi. Tangri meni fir’avnning bosh maslahatchisi* etib tayinlab, xonadoni ustidan xo‘jayin va butun Misr yurtining hokimi qilib qo‘ydi+.  Otamning oldiga tezroq qaytib boringlar-da, o‘g‘lingiz Yusuf mana bunday dedi deb aytinglar: “Xudo meni butun Misr yurti ustidan xo‘jayin qilib tayinladi+. Ortga surmasdan, tezroq yonimga keling+. 10  Bu yerga kelib, Go‘shen yeriga+ joylashasiz. O‘shanda farzandlaringiz, nevaralaringiz, mollaringiz va bor-budingiz bilan mening yonimda bo‘lasiz. 11  Bor-budingizdan ayrilib, ochlikdan qiynalmasligingiz uchun, men sizni va xonadoningizni oziq-ovqat bilan ta’minlab turaman+. Chunki ocharchilik yana besh yil davom etadi”. 12  Bu gaplarni chindan ham men aytayotganimni sizlar va ukam Benyamin ko‘rib turibsizlar+. 13  Misr yurtida shon-sharafga ega ekanimni hamda barcha ko‘rganlaringizni otamga aytib beringlar va tezroq borib, otamni bu yerga olib kelinglar». 14  Keyin Yusuf ukasi Benyaminni bo‘ynidan quchoqlab yig‘ladi, Benyamin ham uni quchoqlagancha yig‘lardi+. 15  Yusuf hamma akalarini o‘pdi va ularni quchoqlab yig‘ladi. Shundan keyin akalari u bilan gaplasha boshlashdi. 16  «Yusufning akalari kelibdi!» — degan xabar fir’avnning saroyiga yetib bordi. Buni eshitib, fir’avn ham, uning xizmatkorlari ham xursand bo‘lishdi. 17  Fir’avn Yusufga quyidagilarni aytdi: «Akalaringga: “Yuklaringizni ulovlarga ortib, Kan’on yurtiga yo‘l olinglar. 18  Otangizni, xonadon ahlingizni olib, bu yerga — mening oldimga kelinglar. Men sizlarga Misr yurtining eng yaxshi narsalarini beraman. Sizlar yurtning eng sara ne’matlarini yeysizlar”+,— deb ayt. 19  Ularga yana bunday degin+: “Misr yurtidan aravalar olib+, ularga bolalaringizni, xotinlaringizni hamda otangizni o‘tirg‘izib, bu yerga olib kelinglar+. 20  Qolgan mol-mulkingiz uchun qayg‘urmanglar+, chunki Misr yurtining eng yaxshi narsalari sizlarniki bo‘ladi”». 21  Isroil o‘g‘illari aytilgandek qilishdi. Yusuf ularga, fir’avnning buyrug‘iga ko‘ra, aravalar hamda yo‘l uchun oziq-ovqat berdi. 22  Yusuf akalarining har biriga bittadan yangi kiyim-bosh, Benyaminga esa 300 shekel kumush bilan besh sidra kiyim-bosh berdi+. 23  Otasiga bo‘lsa, Misrning eng yaxshi narsalari ortilgan o‘nta eshak hamda don, non, yo‘l uchun oziq-ovqat yuklangan o‘nta urg‘ochi eshak berib yubordi. 24  Yusuf akalarini kuzatayotib, ularga: «Tag‘in yo‘lda bir-biringiz bilan janjallashib yurmanglar»+,— deb tayinladi. 25  Shunday qilib, ular Misr yurtidan chiqishdi va Kan’on yurtiga — otalari Yoqubning oldiga yetib kelishdi. 26  Keyin unga: «Yusuf tirik ekan! U butun Misr yurtini boshqarayotgan ekan!»+ — deb aytishdi. Yoqub dong qotib qoldi, chunki o‘g‘illarining gaplariga ishonmadi+. 27  Ular otalariga Yusufning hamma gaplarini aytib berishgandan va uni olib kelish uchun Yusuf yuborgan aravalarni ko‘rgandan so‘ng, Yoqub o‘ziga kela boshladi. 28  Keyin Isroil: «Bo‘ldi, ishondim! O‘g‘lim Yusuf tirik ekan! Ko‘zim ochiqligida uni borib ko‘rishim kerak!»+ — deya xitob qildi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «otasi».