Ibtido 50:1-26
50 Shunda Yusuf otasini quchoqlab oldi-da+, yig‘lagancha uni o‘pdi.
2 So‘ngra Yusuf xizmatida bo‘lgan tabiblarga otasini mumiyolashni*+ buyurdi. Tabiblar Isroilni mumiyolashdi.
3 Bu ish uchun 40 kun sarflandi. Chunki mumiyolashga shuncha vaqt ketardi. Misrliklar Yoqub uchun aza tutib, 70 kun yig‘ladilar.
4 Motam kunlari tugagach, Yusuf fir’avnning saroyiga* borib: «Agar sizlarning ko‘z oldingizda marhamat topgan bo‘lsam, fir’avnga mana bu gapimni yetkazinglar:
5 “Otam menga: “Mana, mening umrim ham oxirlab boryapti+. Sen meni Kan’on yurtida joylashgan+, men o‘zim uchun tayyorlab qo‘ygan qabrga ko‘mgin”+,— deb qasam ichtirgan edilar+. Ruxsat bersangiz, men borib otamni ko‘mayin. So‘ng qaytib kelaman”»,— deb aytdi.
6 Javoban fir’avn: «Boraver, ichgan qasamingga ko‘ra otangni ko‘mib kel»+,— dedi.
7 Shunday qilib, Yusuf otasini ko‘mish uchun yo‘lga chiqdi. U bilan birga fir’avnning xizmatkorlari, saroyidagi oqsoqollar+ hamda Misr yurtidagi oqsoqollarning barchasi,
8 Yusufning butun xonadoni, birodarlari va otasining xonadoni borishdi+. Go‘shen yerida ularning bolalari, qo‘y-echkilari-yu qoramollari qoldi, xolos.
9 Aravalar-u+ otliqlar ham ular bilan birga yo‘lga chiqdi, borayotganlar nihoyatda ko‘p edi.
10 Ular Iordan yonidagi Otad degan xirmonga yetib kelib, nihoyatda qattiq faryod qildilar. O‘sha yerda otalari uchun yetti kun motam tutdilar.
11 O‘sha yerning aholisi bo‘lmish kan’onliklar, Otad xirmonidagi motam marosimini ko‘rib: «Misrliklar katta motam marosimini o‘tkazishyapti!» — deb aytishdi. Shu sababli Iordan viloyatidagi o‘sha yerni Ovil-Misrayim*, deb atashdi.
12 Yoqubning o‘g‘illari hammasini aynan u aytgandek qilishdi+.
13 O‘g‘illari uning jasadini Kan’on yurtiga olib borib, Mamre yaqinidagi Maxpala degan dalada joylashgan g‘orga qo‘ydilar. Bu dalani Ibrohim dafn qilinadigan joy sifatida xetiy Efro‘ndan sotib olgan edi+.
14 Yusuf otasini dafn etib bo‘lgach, birodarlari hamda otasini ko‘mish uchun kelgan odamlar bilan birga Misrga qaytdi.
15 Otalarining o‘limidan so‘ng, Yusufning akalari: «Hoynahoy, Yusuf bizga kek saqlab yurgan bo‘lsa kerak. Unga yomonlik qilganimiz uchun, endi bizdan o‘ch oladi»+,— deyishdi.
16 Shu bois, ular Yusufga mana bu xabarni aytib yuborishdi: «Otang o‘limidan oldin:
17 “Yusufga: “Sendan o‘tinaman, iltimos, akalaringning qilmishini, senga shunchalar ozor berib, gunoh qilishganini kechir”,— deb aytinglar”,— degan edi. Iltimos, otangning Tangrisiga xizmat qilayotganlarning gunohidan o‘t». Ularning gapini eshitib, Yusuf yig‘lab yubordi.
18 Keyin akalari ham kelishdi va uning oldida yuztuban tiz cho‘kib: «Biz bilan istaganingni qil, biz sening qullaringmiz!» — deyishdi+.
19 Yusuf esa ularga: «Qo‘rqmanglar. Axir men Xudo emasman-ku!
20 Garchi menga ozor yetkazishni niyat qilgan bo‘lsangizlar-da+, o‘zlaringiz ko‘rib turganday, Alloh buni yaxshilikka o‘girib, ko‘plarning hayotini saqlab qoldi+.
21 Shuning uchun hech xavotirlanmanglar. Men sizlarni ham, bola-chaqangizni ham oziq-ovqat bilan ta’minlayman»+,— deb aytdi. Shu tariqa, u akalariga tasalli berib, ularning ko‘nglini ko‘tardi.
22 Yusuf hamda otasining xonadoni Misrda yashab qolishdi. Yusuf 110 yil umr ko‘rdi.
23 U Efrayimning nevaralarini+ hamda Manashening o‘g‘li Moxirning o‘g‘illarini+ ham ko‘rdi. Yusuf uchun ular o‘z farzandlariday bo‘ldi.
24 Nihoyat Yusuf birodarlariga: «Mening umrim oxirlab boryapti. Biroq Alloh sizlarga yordamga keladi+ va sizlarni bu yurtdan olib chiqib, ota-bobolarimiz Ibrohimga, Is’hoqga va Yoqubga qasam ichib aytgan yurtga olib boradi»+,— dedi.
25 U Isroil o‘g‘illariga: «Tangri albatta sizlarga yordamga keladi. O‘shanda mening suyaklarimni bu yerdan olib chiqinglar»+,— deb qasam ichtirdi.
26 Yusuf 110 yoshda hayotdan ko‘z yumdi. Uni mumiyolab+, Misrda bir tobutga solib qo‘yishdi.
Izohlar
^ O‘lgan kishining tanasini buzilishdan saqlash uchun, xushbo‘y moylar bilan ishlov berishni anglatadi.
^ Yoki «xonadon ahli oldiga».
^ Ma’nosi «misrliklarning aza tutishi».