Levilar 23:1-44
23 Yahova Musoga gapirishda davom etib, dedi:
2 «Isroil o‘g‘illariga shunday deb ayt: “Sizlar e’lon qilishingiz lozim+ bo‘lgan Yahovaning mavsumiy bayramlari+ — muqaddas yig‘inlardir. Quyidagilar Mening mavsumiy bayramlarimdir:
3 Olti kun davomida har qanday ishni bajarishingiz mumkin, ammo yettinchi kun to‘liq dam olinadigan Shabbat+ — muqaddas yig‘in kunidir. Sizlar hech qanday ish qilmasligingiz darkor. Shu kuni sizlar yashayotgan hamma joyda Yahovaga atalgan Shabbat bo‘ladi+.
4 Belgilangan vaqtda e’lon qilishingiz kerak bo‘lgan, Yahovaga atalgan mavsumiy bayramlar, ya’ni muqaddas yig‘inlar quyidagilar bo‘ladi:
5 birinchi oyning 14- kuni+, oqshom* payti, Yahovaga atalgan Fisih bayrami nishonlanadi+.
6 O‘sha oyning 15- kuni Yahovaga atalgan Xamirturushsiz non bayrami nishonlanadi+. Yetti kun mobaynida xamirturushsiz non tanovul qilishingiz lozim+.
7 Birinchi kuni muqaddas yig‘in o‘tkaziladi+. Hech qanday og‘ir ish qilmanglar.
8 Yetti kun davomida Yahovaga atab kuydiriladigan qurbonliklar keltiringlar. Yettinchi kuni esa muqaddas yig‘in bo‘ladi. O‘sha kuni hech qanday og‘ir ish qilmanglar”».
9 Yahova Musoga yana shularni aytdi:
10 «Isroil o‘g‘illariga bunday deb ayt: “Men sizlarga berayotgan yurtga borib, hosilini o‘rib olganingizda, hosilingizdan birinchi bog‘lamni+ ruhoniyga olib kelinglar+.
11 Ruhoniy bo‘lsa, Yahovaning iltifotiga ega bo‘lishingiz uchun, Uning oldida bog‘lamni silkitadi. Ruhoniy uni Shabbatdan keyingi kuni silkitishi kerak.
12 Ruhoniy bog‘lamni silkitadigan kuni, Yahovaga atab kuydiriladigan qurbonlik sifatida bir yashar nuqsonsiz yosh qo‘chqorni olib kelinglar.
13 Shuningdek, don nazri uchun Yahovaga atab olovda kuydiriladigan xush hidli nazr sifatida efaning* o‘ndan ikki qismiga teng oliy navli moy qo‘shilgan un keltiringlar. Ichimlik nazri uchun esa chorak xin* sharob olib kelinglar.
14 Tangringizga nazrlaringizni olib kelmaguningizcha, yangi dondan non ham, qovurilgan don ham, yangi don ham yemanglar. Qayerda yashamang, bu sizlar va barcha avlodlaringiz uchun asrlar osha amal qilinadigan qoida bo‘lsin.
15 Shabbatdan keyingi kundan, silkitiladigan nazr sifatida bog‘lamlar olib kelingan kundan boshlab yettita Shabbat+, ya’ni yettita to‘liq hafta sanab chiqing.
16 Yettinchi Shabbatga kelasi kun ham qo‘shib hisoblansa, naq 50 kun chiqadi+. O‘sha kuni Yahovaga atab yangi don nazri keltiringlar+.
17 Turar joylaringizdan silkitiladigan nazr sifatida ikkita non olib kelinglar. Ular Yahovaga atalgan ilk hosil sifatida+ keltirilib, efaning o‘ndan ikki qismiga teng oliy navli undan achitqi qo‘shib tayyorlansin+.
18 Bu nonlar bilan birga nuqsonsiz bir yashar yettita erkak qo‘zi, bitta yosh buqa va ikkita qo‘chqor olib kelinglar+. Ular don nazri va ichimlik nazrlari bilan birga Yahovaga atab kuydiriladigan qurbonlik, Yahovaga atalgan xush hidli nazr bo‘ladi.
19 Bundan tashqari, gunoh qurbonligi uchun bitta yosh taka+, tinchlik qurbonligi+ uchun esa bir yashar ikkita erkak qo‘zi olib kelinglar.
20 Ruhoniy bu ikkita erkak qo‘zini va ilk hosildan tayyorlangan nonlarni olib, Yahovaning oldida silkitiladigan nazr sifatida silkitadi. Ular Yahovaning nazarida muqaddas hisoblanib, ruhoniyga tegishli bo‘ladi+.
21 O‘sha kuni muqaddas yig‘in bo‘lishini e’lon qilinglar+. Hech qanday og‘ir ish qilmanglar. Qayerda yashamang, bu sizlar va barcha avlodlaringiz uchun asrlar osha amal qilinadigan qoida bo‘lsin.
22 Yurtingiz hosilini yig‘ayotganda, dalangiz chekkalaridagi hosilni butunlayin o‘rib olmanglar. O‘rim-yig‘imdan qolib ketgan boshoqlarni yig‘ib olmanglar+. Ularni kambag‘allar-u+ musofirlarga+ qoldiringlar. Men Tangringiz Yahovaman”».
23 Yahova Musoga gapirishni davom ettirib, dedi:
24 «Isroil xalqiga quyidagilarni ayt: “Yettinchi oyning birinchi kuni to‘liq dam olinadigan kun, karnay sadolari bilan esga solinadigan+ muqaddas yig‘in kuni bo‘lsin.
25 Hech qanday og‘ir ish qilmanglar. Yahovaga atab olovda kuydiriladigan nazr keltiringlar”».
26 Keyin Yahova Musoga bunday dedi:
27 «Yettinchi oyning o‘ninchi kuni — Gunohni yuvish kunidir+. Bu kuni muqaddas yig‘in qilinsin va sizlar qilgan gunohlaringizdan pushaymon ekaningizni ko‘rsatib*+, Yahovaga atab olovda kuydiriladigan qurbonlik olib kelinglar.
28 Ushbu o‘zgacha kunda hech qanday ish qilmanglar, chunki bu kun — gunohni yuvish kuni, Tangringiz Yahovaning oldida gunohdan forig‘ bo‘ladigan kundir+.
29 Shu kuni qayg‘u chekmagan* har qanday kishi, o‘z xalqi orasidan yo‘q qilinadi+.
30 O‘sha kuni biron ishga qo‘l urgan har qanday odamni o‘z xalqi orasidan yo‘q qilaman.
31 Hech qanday ish qilmanglar. Qayerda yashamang, bu sizlar va barcha avlodlaringiz uchun asrlar osha amal qilinadigan qoida bo‘lsin.
32 Bu kun — sizlar to‘liq dam oladigan Shabbatdir. Mazkur oyning to‘qqizinchi kuni kechqurun qilgan gunohlaringizdan pushaymon ekaningizni ko‘rsatinglar+. O‘sha kun oqshomidan, ertasi kunning oqshomigacha Shabbatni nishonlanglar».
33 Yahova Musoga yana quyidagilarni aytdi:
34 «Isroil o‘g‘illariga bunday deb ayt: “Yettinchi oyning 15- kunidan boshlab, yetti kun mobaynida Yahovaga atab Chaylalar bayrami* nishonlanadi+.
35 Birinchi kuni muqaddas yig‘in bo‘ladi. Hech qanday og‘ir ish qilmanglar.
36 Yetti kun davomida Yahovaga atab olovda kuydiriladigan nazr keltiringlar. Sakkizinchi kuni muqaddas yig‘in qilib+, Yahovaga atab kuydiriladigan nazr olib kelinglar. Bu, tantanali yig‘in bo‘lib, hech qanday og‘ir ish qilmanglar.
37 Bular — sizlar muqaddas yig‘in deya e’lon qilishingiz kerak+ bo‘lgan, Yahovaga atalgan mavsumiy bayramlardir+. Bu bayramlarning har bir kuni uchun belgilangan tartibda, Yahovaga atab olovda kuydiriladigan nazrlar: kuydiriladigan qurbonlik+, don nazri+ va ichimlik nazrlari+ olib kelishingiz kerak.
38 Bu nazrlarni, Yahovaning Shabbat kunlari keltiriladigan nazrlardan+, hadyalardan+, ichgan qasamingizga binoan keltiriladigan tortiqlardan+ va Yahovaga atalgan ixtiyoriy nazrlardan+ tashqari olib kelinglar.
39 Yettinchi oyning 15- kuni, yurtingiz hosilini yig‘ib olganingizdan so‘ng, yetti kun Yahovaga atab bayram qilinglar+. Uning birinchi va sakkizinchi kunlari to‘liq dam olish kuni bo‘lsin+.
40 Birinchi kuni daraxtlarning yaxshi hosilidan, palma novdalaridan+, serbarg daraxtlarning va vodiyda o‘sadigan teraklarning novdalaridan olib kelib, Allohingiz Yahova oldida yetti kun xursandchilik qilinglar+.
41 Yahovaga atalgan ushbu bayramni har yili yetti kun davomida nishonlanglar+. Bu, sizlar va barcha avlodlaringiz uchun asrlar osha amal qilinadigan qoida bo‘lsin. Bayramni yettinchi oyda nishonlanglar.
42 Yetti kun chaylalarda yashanglar+. Butun Isroil xalqi chaylalarda yashasin.
43 Shu tariqa, bo‘lajak avlodlaringiz, Isroil xalqini Misr yurtidan olib chiqqanimda+, chaylalarda yashattirganimni bilib olishadi+. Men Tangringiz Yahovaman”».
44 Muso barcha Isroil o‘g‘illariga Yahovaga atalgan mavsumiy bayramlar haqida aytib berdi.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «ikki kechki payt oralig‘i». Quyosh botishidan, to qorong‘i tushishigacha bo‘lgan vaqt oralig‘i.
^ Bir efa=22 l. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Bir xin=3,67 l. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Bu, ro‘za tutishni va shu kabi cheklovlarni o‘z ichiga olishi mumkin.
^ Boshqa variant «ro‘za tutmagan».