Levilar 27:1-34
27 Yahova Musoga gapirishda davom etib, dedi:
2 «Isroil o‘g‘illariga shunday deb ayt: “Bordi-yu, kimdir o‘zgacha qasam ichib+, belgilangan qiymatga binoan birorta kishini Yahovaga bag‘ishlasa,
3 yigirma yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan erkak kishi uchun belgilangan narx, muqaddas joyda asos qilib olingan shekel bilan hisoblaganda 50 kumush shekel* bo‘lsin.
4 Agar ayol kishi bag‘ishlansa, uning belgilangan narxi 30 shekel bo‘lsin.
5 Yoshi 5 dan 20 gacha bo‘lgan o‘g‘il bolaning bahosi 20 shekel, qiz bolaning bahosi esa 10 shekel deb belgilansin.
6 Bir oylikdan besh yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolaning belgilangan bahosi besh kumush shekel bo‘lsin, qiz bolaning bahosi esa uch kumush shekel deb belgilansin.
7 Yoshi 60 va undan yuqori bo‘lgan erkak kishining bahosi 15 shekel, ayol kishining bahosi esa 10 shekel deb belgilansin.
8 Mabodo qasam ichgan kishi juda kambag‘al bo‘lib, belgilangan bahoni to‘lay olmasa+, unda u ruhoniyning oldiga borsin va ruhoniy unga narx qo‘ysin. Ruhoniy qasam ichgan kishining sharoitini hisobga olgan holda narx qo‘ysin+.
9 Bordi-yu, kishi birorta hayvonni bag‘ishlashga va’da bergan bo‘lsa va u Yahovaga nazr qilishga yarasa, Yahovaga nimaiki nazr qilmasin, bu nazr muqaddas hisoblanadi.
10 U, olib kelgan nazrining o‘rniga boshqasini bera olmaydi, yaxshi hayvonni yomoniga yoki yomon hayvonni yaxshisiga almashtira olmaydi. Agar bir hayvonni boshqasi bilan almashtirsa, unda ikkala hayvon ham muqaddas deb hisoblansin.
11 U nopok hayvonni+ olib kelgan bo‘lsa, uni Yahovaga nazr sifatida keltirib bo‘lmaydi. U hayvonni ruhoniyning oldiga olib borsin.
12 Ruhoniy hayvonning holati yaxshi yoki yomonligiga qarab narx belgilasin. Ruhoniy qancha narx qo‘ysa, uning narxi shuncha bo‘lsin.
13 Bordi-yu, qasam ichgan kishi hayvonni qaytarib sotib olmoqchi bo‘lsa, u belgilangan narxning ustiga o‘sha narxning beshdan bir qismini qo‘shib bersin+.
14 Agar kimdir uyini muqaddas bir narsa sifatida Yahovaga bag‘ishlamoqchi* bo‘lsa, ruhoniy uyning holati yaxshi yoki yomonligiga qarab, narx belgilasin. Ruhoniy qancha narx qo‘ysa, uyning narxi shuncha bo‘lsin+.
15 Mabodo uyini bag‘ishlagan kishi uyini qaytarib sotib olmoqchi bo‘lsa, u belgilangan narxning ustiga o‘sha narxning beshdan bir qismini qo‘shib bersin. Shunda uy uniki bo‘ladi.
16 Agar biror kishi dalasining bir qismini Yahovaga bag‘ishlamoqchi bo‘lsa, uning narxi dalaga qancha urug‘ ekilishiga qarab belgilansin. Bir xo‘mr* arpa urug‘i 50 kumush shekel bo‘lsin.
17 Agar u Ozodlik yilida+ dalasini bag‘ishlasa, dalaning belgilangan narxi o‘zgarmaydi.
18 U Ozodlik yilidan so‘ng dalasini bag‘ishlasa, ruhoniy keyingi Ozodlik yiligacha necha yil qolganiga qarab narxni hisoblab chiqsin va uni belgilangan narxdan ayirsin+.
19 Bordi-yu, u dalasini qaytarib sotib olmoqchi bo‘lsa, belgilangan narxning ustiga o‘sha pulning beshdan bir qismini qo‘shib bersin. Shunda dala uniki bo‘ladi.
20 Agar u dalasini qaytarib sotib olmasa va dala boshqa kishiga sotib yuborilsa, u dalasini qaytarib sotib ololmaydi.
21 Ozodlik yili kelganda esa, dala Yahovaga bag‘ishlanishi kerak. Shunda dala muqaddas hisoblanadi va ruhoniylarga tegishli bo‘lib qoladi+.
22 Mabodo odam o‘z mulki bo‘lmagan, ya’ni sotib olgan dalani Yahovaga bag‘ishlasa+,
23 ruhoniy Ozodlik yiligacha necha yil qolganiga qarab narxni hisoblab chiqsin va o‘sha kishi shu kunning o‘zida belgilangan narxni bersin+. Bu, Yahova uchun muqaddas hisoblanadi.
24 Ozodlik yili dala kimdan sotib olingan bo‘lsa, o‘sha kishiga — o‘z egasiga qaytarilsin+.
25 Har bir narsaning bahosi muqaddas joyda asos qilib olingan shekel bilan hisoblansin. Shekel 20 geraga* teng bo‘lsin.
26 Hayvonlarning birinchi bolasini hech kim bag‘ishlamasin, chunki ular Yahovaga tegishli+. Qoramolning bolasi bo‘ladimi yoki qo‘y-echkilarnikimi, ular shundoq ham Yahovaga tegishlidir+.
27 Agarda bu nopok hayvon bo‘lsa va egasi uni belgilangan narxda sotib olsa, u belgilangan narxning ustiga o‘sha narxning beshdan bir qismini qo‘shib bersin+. Lekin hayvon sotib olinmasa, u belgilangan bahoga sotib yuborilsin.
28 Biroq kishi o‘ziga tegishli odamni, hayvonni yoki dalani Yahova uchun tamomila* bag‘ishlasa, uni sota olmaydi yoki qaytarib sotib ololmaydi. Bag‘ishlangan har qanday narsa Yahova uchun g‘oyat muqaddas hisoblanadi+.
29 Bundan tashqari, halok bo‘lishga mahkum etilgan* odamni qaytarib sotib olib bo‘lmaydi+. U albatta o‘ldirilsin+.
30 Yurtdagi har qanday narsa, xoh u dala hosili, xoh daraxt mevasi bo‘lsin, o‘ndan bir qismi*+ Yahovaga tegishlidir. Bu, Yahova uchun muqaddas hisoblanadi.
31 Bordi-yu, kishi bergan har qanday ushrini qachondir qaytarib sotib olmoqchi bo‘lsa, u ushrning bahosi ustiga bahoning beshdan bir qismini qo‘shib bersin.
32 Qoramol va qo‘y-echkilarning o‘ndan biriga keladigan bo‘lsak, cho‘ponning tayog‘i ostidan o‘tadigan har bir o‘ninchi hayvon Yahova uchun ajratib olinsin*.
33 U hayvon yaxshimi yoki yomonmi, deb tekshirib o‘tirmasin va o‘rniga boshqasini bermasin. Agar u o‘rniga boshqasini bermoqchi bo‘lsa, ikkala mol ham Tangri uchun ajratilgan bo‘ladi*+. Hayvonni qaytarib sotib olib bo‘lmaydi”».
34 Yahova Sinay tog‘ida+ Muso orqali Isroil o‘g‘illariga bergan amrlar shulardan iborat.
Izohlar
^ Bir shekel=11,4 g. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Yoki «muqaddas qilmoqchi».
^ Bir xo‘mr=220 l. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Bir gera=0,57 g. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Yoki «yo‘q qilishga».
^ Yoki «bag‘ishlangan».
^ Yoki «ushr».
^ So‘zma-so‘z «muqaddas bo‘lsin».
^ So‘zma-so‘z «muqaddas bo‘ladi».