Levilar 8:1-36
-
Horun va o‘g‘illarining ruhoniylikka tayinlanishi (1-36)
8 Yahova so‘zida davom etib, Musoga shunday dedi:
2 «Horun bilan uning o‘g‘illarini+, kiyimlarni+, muqaddas moyni*+, gunoh qurbonligi uchun buqani, ikkita qo‘chqorni, xamirturush qo‘shilmagan ikki savat nonni+ olib kelib,
3 butun jamoani uchrashuv chodirining kiraverishiga yig‘».
4 Muso, Yahova buyurganiday qilib, butun jamoani uchrashuv chodirining kiraverishiga yig‘di.
5 Muso ularga: «Yahova bizga shunday qilishni buyurdi»,— deb aytdi-da,
6 Horun bilan uning o‘g‘illarini olib kelib, yuvintirdi*+.
7 So‘ng Horunga uzun ko‘ylak+ kiygizib, belini belbog‘+ bilan bog‘ladi. Uning ustidan kamzul+ bilan efodni+ kiygizdi-da, efodning to‘qima belbog‘i+ bilan belini mahkam bog‘lab qo‘ydi.
8 Keyin esa ko‘krakpechni+ taqib, unga urim bilan tummimni*+ soldi.
9 Boshiga salla+ o‘rab, bag‘ishlanganini ko‘rsatuvchi muqaddas belgini — oltindan qilingan yaltiroq bir lavhani joylashtirdi+. Muso hammasini Yahova buyurganday qildi.
10 So‘ng Muso moylash uchun mo‘ljallangan moyni oldi-da, muqaddas chodirni hamda undagi barcha narsalarni moylab+, ularni muqaddas qildi.
11 Keyin moydan qurbongohga yetti marta sachratib, qurbongohni, uning barcha anjomlarini, tosni va uning tagligini moyladi va muqaddas qildi.
12 Oxiri u muqaddas moyni olib, Horunning boshiga quydi-da, uni moylab, muqaddas qildi+.
13 Bundan so‘ng, Muso Horunning o‘g‘illarini olib kelib, ularga uzun ko‘ylaklar kiygizdi-da, bellarini belbog‘ bilan bog‘lab, boshlariga bosh kiyim kiygizdi+. Muso hammasini Yahova buyurganday qildi.
14 Keyin u, gunoh qurbonligi sifatida keltiriladigan buqani olib keldi va Horun bilan uning o‘g‘illari qo‘llarini buqaning boshiga qo‘yishdi+.
15 Muso buqani so‘yib, barmog‘ini uning qoniga+ botirdi-da, qurbongohning har bir shoxiga surtib chiqdi va uni pokladi. Qolgan qonni esa qurbongohning yonboshiga to‘kdi. U qurbongohni shu tariqa muqaddas qilib, tozaladi.
16 Keyin Muso jonliqning ichaklarini qoplab turgan hamma yog‘ni, jigar ustidagi yog‘ni, ikkita buyragini va ularni qoplab turgan yog‘ni olib, qurbongohda kuydirdi+.
17 Buqaning qolgan qismlarini — terisini, go‘shtini va go‘ngini esa qarorgohning tashqarisida kuydirdi+. U barini Yahova buyurganday qildi.
18 Bundan so‘ng, Muso kuydiriladigan qurbonlik uchun bitta qo‘chqorni olib keldi. Horun bilan o‘g‘illari qo‘llarini qo‘chqorning boshiga qo‘yishdi+.
19 Muso uni so‘yib, qonini qurbongohning hamma tomoniga sachratib chiqdi.
20 U qo‘chqorni bo‘lak-bo‘lak qilib, uning kallasi, boshqa qismlari va charvisini* kuydirdi.
21 Uning ichaklari va pochalarini yuvib, qurbongohdan tutun ko‘tarilishi uchun qo‘chqorni butunlayin kuydirdi. Bu — xush hidli kuydiriladigan qurbonlik, Yahovaga atab olovda yondiriladigan nazrdir. Muso hammasini Yahova buyurganday qildi.
22 Keyin u ikkinchi qo‘chqorni, ruhoniylik xizmatiga tayinlash uchun qurbon qilinadigan qo‘chqorni olib keldi+. Horun bilan o‘g‘illari qo‘chqorning boshiga qo‘llarini qo‘yishdi+.
23 Muso qo‘chqorni so‘yib, uning qonidan bir oz oldi-da, Horunning o‘ng qulog‘ining solinchagiga, o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘ining bosh barmog‘iga surtdi.
24 Bundan so‘ng, Muso Horunning o‘g‘illarini olib kelib, qo‘chqorning qonidan bir oz oldi-da, ularning o‘ng qulog‘ining solinchagiga, o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘ining bosh barmog‘iga surtdi. Qolgan qonni esa, Muso qurbongohning hamma tarafiga sachratib chiqdi+.
25 Keyin u qo‘chqorning yog‘ini, dumbasini, ichaklarini qoplab turgan yog‘ni, jigar ustidagi yog‘ni, ikkala buyragini va ularni qoplab turgan yog‘ni hamda o‘ng sonini oldi+.
26 Shuningdek, Yahovaning oldidagi savatga solingan xamirturushsiz nonlardan — halqa shaklidagi xamirturushsiz nonlardan bitta+, moy qo‘shilgan halqa shaklidagi nonlardan bitta+ va lochiralardan bitta olib, qo‘chqorning yog‘li joylari va o‘ng sonining ustiga qo‘ydi.
27 U, bularning hammasini Horun bilan o‘g‘illarining qo‘liga tutqazdi va Yahovaning oldida silkitiladigan nazr sifatida silkitdi.
28 Keyin Muso ularning qo‘lidan bu narsalarni oldi-da, kuydiriladigan qurbonlik ustiga qo‘yib, qurbongohdan tutun ko‘tarilishi uchun kuydirdi. Bu — ruhoniylik xizmatiga tayinlanganda keltiriladigan xush hidli qurbonlik, Yahovaga atab olovda kuydiriladigan nazr.
29 So‘ng Muso to‘shni olib, uni Yahovaning oldida silkitiladigan nazr singari silkitdi+. Bu, ruhoniylik xizmatiga tayinlanganda qurbon qilinadigan qo‘chqordan Musoga tegadigan ulushdir. Muso hammasini Yahova buyurganday qildi+.
30 Muso muqaddas moy+ bilan qurbongohdagi qondan olib, Horunga, uning kiyimlariga, o‘g‘illariga va ularning kiyimlariga sachratdi. U shu tariqa Horunni, uning kiyimlarini, uning o‘g‘illari+ va ularning kiyimlarini muqaddas qildi+.
31 Muso Horunga va uning o‘g‘illariga shunday dedi: «“Buni Horun bilan uning o‘g‘illari yeyishsin”+,— deb menga amr berilgan edi. Shu amrga binoan, qo‘chqorning go‘shtini uchrashuv chodirining kiraverishida pishirib+, ruhoniylik xizmatiga tayinlanganda keltirilgan savatdagi nonlar bilan birga o‘sha yerda yenglar.
32 Go‘sht bilan nondan ortganini olovda kuydiringlar+.
33 Ruhoniylik xizmatiga tayinlash kunlari bitmaguncha, yetti kun uchrashuv chodirining kiraverishidan nari ketmanglar. Boisi, ruhoniylikka tayinlash uchun yetti kun kerak bo‘ladi+.
34 Sizlarni gunohdan forig‘ etish uchun, Yahova bugun qilingan narsalarni qolgan kunlar ham bajarishni buyurdi+.
35 Yetti kun davomida, tun-u kun uchrashuv chodirining kiraverishida turinglar+ va o‘lmaslik uchun, Yahovaning oldidagi vazifalaringizni bajaringlar+. Chunki menga shunday amr berilgan».
36 Horun bilan o‘g‘illari, Yahova Muso orqali buyurgan hamma narsani bajo keltirishdi.
Izohlar
^ Lug‘atdagi «moylamoq» so‘ziga q.
^ Muso ularga yuvinishni buyurgan bo‘lishi mumkin.
^ Yoki «buyraklarini qoplab turgan yog‘ini».