Luqo 23:1-56

  • Iso Pilat bilan Hirod qarshisida (1-25)

  • Iso va ikkita jinoyatchi ustunga mixlanadi (26-43)

    • «Siz men bilan birga Jannatda bo‘lasiz» (43)

  • Iso o‘ladi (44-49)

  • Iso dafn etiladi (50-56)

23  Bundan so‘ng ularning bari turib, Isoni Pilatning oldiga olib borishdi+.  Ular Isoni shunday deya ayblay boshlashdi+: «Bu odam xalqimizni yo‘ldan ozdirayotganini, podshohga* soliq to‘lashni man etayotganini+ va o‘zini Masih, shoh deb atayotganini aniqladik»+.  Shunda Pilat Isodan: «Sen yahudiylarning shohimisan?» — deb so‘radi. Iso unga javoban: «O‘zingiz aytdingiz»,— dedi+.  Keyin Pilat bosh ruhoniylar va olomonga: «Men bu odamdan biron ayb topolmayapman»+,— deb aytdi.  Ular bo‘lsa aytganlarida turib olib: «U o‘z ta’limotini butun Yahudiya bo‘ylab — Jaliladan tortib shu yergacha yoyib, xalqni g‘alayonga chorlayapti»,— deyishdi.  Buni eshitgach, Pilat bu odam jalilalik emasmikin deya surishtirdi.  Isoning Hirod* hukmi ostidagi viloyatdan ekanini bilib+, Pilat Isoni uning oldiga jo‘natdi. Chunki Hirod shu paytda Quddusda edi.  Isoni ko‘rgach Hirod rosa suyunib ketdi, sababi, u haqda ko‘p eshitgan edi+. Iso unga biron-bir mo‘jiza ko‘rsatar degan umidda yurib, anchadan beri uni ko‘rmoqchi edi.  Hirod unga ancha savollar berdi, lekin Iso hech qanday javob qaytarmadi+. 10  Bosh ruhoniylar va ulamolar esa uni qattiq ayblashardi. 11  So‘ng Hirod unga qimmatbaho kiyim kiydirdi-da, askarlari bilan birga uni kamsitib+, masxara qildi+. Keyin esa Pilatning oldiga yubordi. 12  Shu paytgacha bir-biriga dushmanlik qilib yurgan Hirod bilan Pilat o‘sha kuni do‘st bo‘lib qolishdi. 13  Bundan keyin Pilat bosh ruhoniylar-u boshliqlarni hamda xalqni chaqirtirib, 14  ularga dedi: «Bu kishini oldimga xalqni isyon ko‘tarishga da’vat etyapti, deb olib keldingizlar. Ammo men uni ko‘zingiz oldida so‘roq qilib, qo‘ygan ayblovlaringizning birortasini ham topa olmadim+. 15  Hirod ham unda hech qanday ayb topa olmay, uni oldimizga qaytardi. Xullas, u o‘lim jazosiga loyiq hech narsa qilmagan. 16  Shuning uchun uni jazolayman-da+, qo‘yib yuboraman». 17  * —— 18  Biroq xaloyiq: «Uni o‘ldirib, bizlarga Barabbani ozod eting!»+ — deya qichqirdi. 19  (Barabba shaharda qo‘zg‘olon ko‘tarib, qotillik qilgani uchun qamalgan edi.) 20  Lekin Pilat Isoni qo‘yib yubormoqchi bo‘lib, ularga yana murojaat etdi+. 21  Shunda ular: «Uni ustunga mixlating, ustunga!» — deb baqirishdi+. 22  Pilat xaloyiqga uchinchi marta shunday dedi: «Nega? U nima yomonlik qilgan? Men unda o‘limga loyiq hech qanday ayb topmadim. Shu sababli men uni jazolab, qo‘yib yuboraman». 23  Ammo ular ovozi boricha qichqirib, uni ustunga mixlatishni talab qilishdi. Ular shunchalik baqirishdiki+, 24  oxiri Pilat ularning gapiga ko‘ndi. 25  Shaharda qo‘zg‘olon ko‘tarib, qotillik qilgan kishini ularning talabi bo‘yicha ozod etdi. Isoni esa ularning ixtiyoriga topshirdi. 26  Isoni olib ketishayotganda, daladan qaytayotgan kirineyalik Simun degan kishini ushlashdi-da, azob ustunini* uning yelkasiga yuklab, Isoning ortidan borishga majburlashdi+. 27  Isoning orqasidan katta xaloyiq ergashib borardi. Ularning orasida ayollar ham bor edi. Ular qayg‘udan ko‘kslariga urib, yig‘lab ketishayotgandi. 28  Iso ularga burilib, shunday dedi: «Ey Quddus qizlari, men uchun yig‘lamanglar. O‘zingiz va bolalaringiz uchun yig‘langlar+. 29  Zero: “Bepusht, bola ko‘rmagan va emizmagan ayollar baxtlidir!”+ — deb aytiladigan kunlar kelyapti. 30  O‘shanda odamlar tog‘larga: “Ustimizga qulanglar!” va tepaliklarga: “Bizni bosib qolinglar!”+ — deb aytishadi. 31  Daraxt ko‘karib turganda shunday qilayotgan bo‘lishsa, u qurib qolsa nima qilishar ekan?» 32  Iso bilan birga ikki jinoyatchini ham qatl qilishga olib ketishayotgan edi+. 33  Ular Boshsuyagi degan joyga kelib+, Isoni va ikki jinoyatchini ustunga mixlashdi: birini o‘ng tomoniga, ikkinchisini esa chap tomoniga+. 34  Iso bo‘lsa: «Otajon, bularni kechir, chunki ular nima qilishayotganini bilishmaydi»,— dedi. So‘ng uning kiyimlarini bo‘lib olish uchun qur’a tashlashdi+. 35  Xalq esa tomosha qilib turardi. Boshliqlar Isoning ustidan kulib: «Boshqalarni qutqarardi-ku. Agar u Xudo tanlagan Masih bo‘lsa, qani o‘zini qutqarsin-chi»+,— deyishardi. 36  Hatto askarlar ham uni masxara qilardilar. Ular Isoga achigan sharob ichirish uchun yoniga borib+: 37  «Agar yahudiylarning podshohi bo‘lsang, o‘zingni qutqar»,— deb aytishardi. 38  Boshining tepasida esa: «Bu yahudiylarning shohidir»,— degan yozuv bor edi+. 39  Ustunga mixlangan jinoyatchilardan biri Isoni haqoratlab+: «Agar sen Masih bo‘lsang, bizni ham o‘zingni ham qutqar»,— deya boshladi. 40  Boshqasi esa sherigiga ta’na qilib, dedi: «Hoy, Xudodan qo‘rqmaysanmi? Axir bunday jazoga o‘zing ham mahkum etilgansan-ku. 41  Biz-ku qilmishimizga yarasha adolatli hukm etildik. U bo‘lsa hech qanday yomonlik qilmagan». 42  Keyin davom etib: «Iso, Shoh bo‘lganingizda*+ meni eslang»,— dedi. 43  Iso unga: «Sizga va’da beraman*, siz men bilan birga Jannatda+ bo‘lasiz»,— deb aytdi. 44  Kunduzi soat o‘n ikkilarda* butun yerni zulmat bosdi va bu taxminan soat uchgacha* davom etdi+. 45  Boisi quyosh nur sochmay qo‘ydi. Shu vaqt ma’baddagi parda+ o‘rtasidan yirtilib ketdi+. 46  Shunda Iso baland ovozda: «Ota, hayotimni* Sening qo‘llaringga topshiryapman»+,— dedi. Buni aytgach, nafasi uzildi+. 47  Yuz bergan voqealarni ko‘rgan yuzboshi: «Chindan ham u odil inson ekan»+,— deya Allohni sharafladi. 48  Tomoshaga to‘plangan xaloyiq bu voqealarni ko‘rib, ko‘ksiga urgancha uyiga qaytib ketdi. 49  Isoni bilganlar, shu jumladan unga Jaliladan ergashib kelgan ayollar nariroqda turib, bu hodisalarni kuzatishardi+. 50  O‘sha yerda Yusuf ismli yaxshi va odil kishi bor edi. U Kengash a’zosi edi+. 51  (Lekin ularning rejalari-yu xatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamasdi.) Yusuf yahudiylarning Arimateya shahridan bo‘lib, Xudoning Shohligi kelishini kutib yurardi. 52  U Pilatning oldiga borib, Isoni dafn etish uchun ruxsat so‘radi. 53  Yusuf Isoni ustundan tushirib+, a’lo sifatli zig‘ir kafanga o‘radi-da, qoyada o‘yilgan, hali hech kim qo‘yilmagan qabrga qo‘ydi+. 54  O‘sha kun Tayyorgarlik kuni* edi+. Kech yaqinlashib, Shabbat kuni+ boshlanishiga oz vaqt qolgan edi. 55  Iso bilan Jaliladan kelgan ayollar ham, qabrni va jasad qanday qo‘yilganini ko‘rish uchun o‘sha yerga borishdi+. 56  So‘ng ular xushbo‘y o‘tlar va moyni tayyorlab kelish uchun qaytib ketishdi. Shabbat kuni+ bo‘lsa Tavrotga binoan dam olishdi.

Izohlar

Yoki «qaysarga». Yun. sezar.
Ya’ni Hirod Antipa. Lug‘atga q.
So‘zma-so‘z «Shohligingizga kirganingizda».
So‘zma-so‘z «Bugunning o‘zida sizga aytyapmanki».
So‘zma-so‘z «oltinchi soatda».
So‘zma-so‘z «to‘qqizinchi soatgacha».
Yoki «nafas». So‘zma-so‘z «ruh».