Matto 4:1-25
4 Shundan so‘ng Xudoning ruhi Isoni sahroga boshlab ketdi. U yerda Iblis uni vasvasaga soldi+.
2 Iso 40 kecha-yu 40 kunduz ro‘za tutib, oxiri och qoldi.
3 Shunda vasvasa qiluvchi+ uning yoniga kelib shunday dedi: «Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang, mana bu toshlarga buyur, ular nonga aylansin».
4 Bunga javoban Iso: «Muqaddas Yozuvlarda: “Odam faqat non bilan emas, balki Yahovaning* og‘zidan chiqqan har bir so‘z bilan yashaydi”+,— deb aytilgan»,— dedi.
5 Keyin Iblis uni muqaddas shaharga+ olib borib, ma’badning* eng yuqori joyiga* chiqardi-da+,
6 shunday dedi: «Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang, o‘zingni pastga tashla-chi. Axir, Muqaddas Yozuvlarda: “Sen to‘g‘ringda U farishtalariga buyruq beradi” va “Oyoqlaring toshga qoqilib ketmasligi uchun, ular seni qo‘llarida ko‘tarib ketadi”+,— deb aytilgan-ku».
7 Iso bo‘lsa unga: «“Tangring Yahovani* sinama”,— deb yozilgan joyi ham bor»+,— dedi.
8 Bu safar Iblis uni nihoyatda baland toqqa olib chiqdi va dunyoning barcha shohliklarini hamda ularning ulug‘vorligini ko‘rsatib+,
9 shunday dedi: «Bularning hammasini senga beraman, faqat menga bir marta tiz cho‘kib sajda qilsang bas».
10 Iso esa: «Yo‘qol ko‘zimdan, Shayton! Chunki Muqaddas Yozuvlarda: “Allohing Yahovaga* sajda qil+, birgina Unga muqaddas xizmatni ado et”+,— deb aytilgan»,— dedi.
11 Shundan so‘ng Iblis uni tark etdi+ va farishtalar kelib Isoga xizmat qila boshlashdi+.
12 Yahyoni hibsga olishganini+ eshitib, Iso Jalilaga jo‘nab ketdi+.
13 Keyin Nosiradan chiqib, Zabulun va Naftali viloyatlaridagi dengiz bo‘yida joylashgan Kafarnahum shahriga kelib o‘rnashdi+.
14 Bu, Ishayo payg‘ambar orqali aytilgan quyidagi so‘zlar ro‘yobga chiqishi uchun sodir bo‘ldi:
15 «Ey, Zabulun va Naftali yerlari, Iordanning naryog‘ida, dengiz yo‘lida joylashgan o‘zga xalqlar Jalilasi!
16 Zulmatda o‘tirgan xalq ulug‘ bir nurni ko‘rdi, o‘lim soyasida o‘tirganlar ustiga yorug‘lik+ tushdi»+.
17 O‘sha paytdan beri Iso: «Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi»+,— deya va’z qila boshladi.
18 Jalila dengizi* yonidan o‘tib ketayotib, Iso dengizga to‘r tashlab turgan ikkita aka-ukani ko‘rib qoldi. Butrus deb ataluvchi Simun+ va uning ukasi* Idris baliqchi edilar+.
19 Iso ularga: «Mening ortimdan yuringlar, men sizlarni odam ovchilari qilaman»+,— dedi.
20 Shunda ular darhol to‘rlarini qoldirib, Isoning ketidan ergashdilar+.
21 Yo‘lida davom etib, u yana ikkita aka-ukani — otalari Zabadiy bilan birga qayiqda to‘rlarini yamab o‘tirgan Yoqubni va ukasi Yuhannoni+ ko‘rib qoldi. Iso ularni ham chaqirdi+.
22 Ular ham shu zahoti qayiqni va otalarini qoldirib, Isoning ortidan ergashishdi.
23 Iso butun Jalilani aylanib+, o‘sha yerdagi ibodatxonalarda*+ ta’lim berar, Shohlik haqidagi xushxabarni e’lon etar va odamlarning har turli xastalik va darmonsizliklarini davolardi+.
24 U haqdagi xabar butun Suriyaga yoyildi. Uning oldiga har xil kasalliklardan azob chekayotgan+, jinga chalingan+, tutqanog‘i bor+, shol va og‘ir ahvolda bo‘lganlarning barini olib kelishardi va Iso ularga shifo berardi.
25 Shunday qilib, Jaliladan, O‘nkent, Quddus, Yahudiya va Iordanning naryog‘idan kelgan ulkan olomon uning ketidan ergashib borardi.
Izohlar
^ Yoki «dandana ustiga».
^ Yoki «ko‘li».
^ Yunonchada ikkalasidan qaysi biri kattaligi aniq ko‘rsatilmagan.