Qonunlar 11:1-32
11 Tangringiz Yahovani sevinglar+ va Uning oldidagi burchingizni hamisha ado etinglar, Uning nizomlariga, qoidalari-yu amrlariga rioya qilinglar.
2 Bugun o‘g‘illaringizga emas, sizlarga murojaat qilayotganimni o‘zlaringiz yaxshi bilasizlar. Axir ular Xudoyingiz Yahovaning tarbiyasini+, Uning buyukligini+, kuchli bilagi-yu qudratli qo‘lini+ bilishmaydi ham, ko‘rishmagan ham.
3 Misr fir’avniga va uning butun yurtiga U qanday alomatlar va ishlar qilganini o‘g‘illaringiz ko‘rishmagan+.
4 Misr qo‘shinlari — fir’avnning otlari va jang aravalari bilan U nima qilganini o‘g‘illaringiz bilishmaydi. Ular sizlarni ta’qib qilishganida, Qizil dengiz suvlari ularni bosib qolgan edi va Yahova ularni butunlay yo‘q qilib yuborgandi+.
5 Bu yerga kelgunga qadar, U sahroda sizlarga qanday g‘amxo‘rlik qilganini o‘g‘illaringiz ko‘rishmagan.
6 Yoki Rubenning o‘g‘li bo‘lmish Eliyobning o‘g‘illari Datan va Aburamga nima qilganini ular ko‘rishmagan. O‘shanda barcha Isroil o‘g‘illarining ko‘z oldida ularni, ularning xonadonlarini-yu chodirlarini va ularga ergashgan har bir tirik jonni yer yutib yuborgan edi+.
7 Yahovaning barcha buyuk ishlarini o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rgansizlar.
8 Mahkam bo‘lishingiz va daryoning naryog‘iga o‘tib yurtni egallab olishingiz uchun, men bugun sizlarga berayotgan amrlarning bariga rioya qilinglar.
9 Shundagina ota-bobolaringiz va ularning zurriyotiga* Yahova qasam ichib beraman deb aytgan+, sut va asal oqib yotgan yurtda+ uzoq umr ko‘rasizlar+.
10 Sizlar egallash uchun borayotgan yurt esa, sizlar chiqqan Misr yurtiga o‘xshamaydi. U yerda urug‘ ekib, polizni sug‘organday mashaqqat bilan yerga* suv berar edingizlar.
11 Sizlar egallamoqchi bo‘lib borayotgan yurt esa, osmon yomg‘irlari sug‘oradigan+ tog‘lar va vodiylar yurtidir+.
12 Bu yurtga Tangringiz Yahova g‘amxo‘rlik qiladi. Yilning boshidan to oxirigacha, Xudoyingiz Yahovaning nigohi hamisha shu yurtga qaratilgandir.
13 Men bugun sizlarga buyurgan amrlarga astoydil bo‘ysunsangiz va Allohingiz Yahovani sevib, butun qalbingiz va butun joningiz* bilan+ Unga xizmat qilsangiz,
14 U* belgilangan vaqtda yerlaringizga kuzgi va bahorgi yomg‘irlarni yog‘diradi va sizlar donlaringizni yig‘ib, yangi sharobingiz va moyingizni olasizlar+.
15 U chorvangiz uchun dalalaringizda o‘t o‘stiradi, sizlar ham yeb to‘yasizlar+.
16 Ehtiyot bo‘linglar, qalbingiz aldanmasin, yo‘ldan ozib boshqa xudolarga sig‘inmanglar va ularga sajda qilmanglar+.
17 Aks holda, sizlarga qarshi Yahovaning g‘azabi qaynab, yomg‘ir yog‘masligi uchun osmonni berkitib qo‘yadi+ va yer o‘z hosilini bermaydi. Shunda Yahova sizlarga bermoqchi bo‘lgan yaxshi yurtdan tezda qirilib ketasizlar+.
18 Mening bu so‘zlarimni qalb va joningizga* muhrlab, ularni qo‘lingizga eslatmadek bog‘lab qo‘yinglar. Ular peshonangizda peshonabanddek bo‘lsin+.
19 Ularni farzandlaringizga o‘rgatinglar, uyda o‘tirganingizda ham, yo‘lda ketayotganingizda ham, yotganingizda ham, turganingizda ham ular haqda farzandlaringiz bilan gaplashinglar+.
20 Ularni eshiklaringiz yondorlariga va darvozalaringizga* yozib qo‘yinglar.
21 O‘shanda osmon yer ustida qancha tursa, o‘zingiz ham, o‘g‘illaringiz ham Yahova ota-bobolaringizga beraman deb qasam ichgan yurtda+ shuncha vaqt umr ko‘rasizlar+.
22 Men sizlarga berayotgan bu amrlarga qat’iy amal qilib, ularni bajarsangiz, Tangringiz Yahovani sevsangiz+, Uning barcha yo‘llaridan yurib Unga sodiq bo‘lsangiz+,
23 Yahova bu barcha xalqlarni oldingizdan quvib chiqaradi+ va sizlar o‘zingizdan qudratliroq va ko‘proq bo‘lgan xalqlarning yerlarini egallab olasizlar+.
24 Qayerga oyoq bossangizlar, o‘sha yer sizlarniki bo‘ladi+. Chegarangiz sahrodan tortib Livangacha, Furot daryosidan to g‘arb tomondagi dengizgacha* cho‘ziladi+.
25 Hech kim sizlarga qarshi tura olmaydi+. Tangringiz Yahovaning O‘zi va’da qilganiday, qadamingiz yetgan yerlardagi xalqlarning barini sizlardan qo‘rqadigan hamda vahimaga tushadigan qilib qo‘yadi+.
26 Bugun sizlarga baraka yoki la’natni tanlashni taklif qilyapman+.
27 Bugun men sizlarga buyurayotgan Allohingiz Yahovaning amrlariga bo‘ysunsangiz, baraka topasizlar+.
28 Bordi-yu, Xudoyingiz Yahovaning amrlariga bo‘ysunmasangiz+, yurishingiz uchun bugun ko‘rsatgan yo‘limdan og‘ib ketib, o‘zlaringiz bilmagan xudolarga ergashsangiz, la’nati bo‘lasizlar.
29 Tangringiz Yahova egallashingiz kerak bo‘lgan yurtga sizlarni olib borganida, Garizim tog‘ida barakani, Ebal tog‘ida la’natni e’lon qilinglar+.
30 Bu tog‘lar Arabada yashaydigan kan’onliklarning yurtida — g‘arb* tomonda, Iordanning naryog‘ida, ulkan daraxtlar o‘sadigan Mo‘re+ yaqinidagi Gilgalning qarshisida joylashgan.
31 Allohingiz Yahova sizlarga berayotgan yurtga kirib, uni egallab olish uchun Iordanni kechib o‘tyapsizlar+. Uni egallab olib, unda yashaganingizda,
32 bugun men sizlarga berayotgan qonun-qoidalarga astoydil rioya qilinglar+.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «urug‘iga».
^ Yoki «oyog‘ingiz bilan», ya’ni charxpalakni harakatga keltirish yoki kanallar ochish va o‘tkazish uchun oyoq kuchini ishlatish.
^ So‘zma-so‘z «Men». Bu va keyingi oyatda Xudo nazarda tutilgan.
^ Ya’ni shahar darvozalariga.
^ Ya’ni Buyuk dengiz yoki O‘rta dengiz.
^ Yoki «quyosh botar».