Qonunlar 13:1-18

  • Murtadlar haqida ko‘rsatmalar (1-18)

13  Agar orangizda biror bir payg‘ambar yoki tushlar ko‘rib bashorat qiladigan kishi paydo bo‘lib, sizlarga belgi yoki alomat bildirsa  va sizlarga bildirgan o‘sha belgi yoki alomat amalga oshib, u sizlarga: “Yuringlar, sizlar bilmaydigan boshqa xudolarga ergashamiz, ularga xizmat qilamiz”,— deb aytsa,  o‘sha payg‘ambar yoki tushlar ko‘rib bashorat qiladigan kishining so‘zlariga quloq solmanglar+. Chunki Tangringiz Yahova sizlarni sinamoqchi+. Allohingiz Yahova Uni butun qalbingiz va butun joningiz* bilan+ sevish-sevmasligingizni bilmoqchi.  Xudoyingiz Yahovaga ergashinglar, Undan qo‘rqinglar, Uning amrlariga rioya qilinglar, Unga quloq solinglar, faqat Unga xizmat qilinglar va Unga sodiq bo‘linglar+.  O‘sha payg‘ambar yoki tushlar ko‘rib bashorat qiladigan kishi o‘ldirilsin+. Chunki u sizlarni Misrdan olib chiqib, qullikda bo‘lgan yurtdan* ozod etgan Tangringiz Yahovaga qarshi isyon ko‘tarishga undadi va Xudoyingiz Yahova yurishni amr etgan yo‘ldan sizlarni og‘dirmoqchi bo‘ldi. Yovuzlikni orangizdan yo‘q qilinglar+.  Agar birodaringiz, aka yoki ukangiz, o‘g‘il yoki qizingiz, suyukli xotiningiz yoki yaqin do‘stingiz siz ham, ota-bobolaringiz ham bilmagan xudolarga yashirincha sajda qilish maqsadida, sizga: “Yur, borib boshqa xudolarga xizmat qilaylik”+,— deb aytsa  va atrofingizdagi xalqlarning, xoh ular uzoqda, xoh yaqinda yashasin, yurtning bir chekkasidan narigi chekkasigacha bo‘lgan xalqlarning xudolariga sajda qilishga undasa,  rozi bo‘lmang va unga quloq solmang+. Unga rahm qilmang, ayamang, himoyangizga ham olmang.  Uni albatta o‘ldiring+. Uni o‘ldirish uchun birinchi bo‘lib o‘zingiz tosh oting, undan keyin butun xalq toshbo‘ron qilsin+. 10  U sizlarni Misrdan, sizlar qullikda bo‘lgan yurtdan olib chiqqan Tangringiz Yahovadan uzoqlashtirmoqchi bo‘lgani uchun, uni toshbo‘ron qilib o‘ldiringlar+. 11  Shunda butun Isroil xalqi buni eshitib qo‘rqadi va orangizdan hech bir kishi hech qachon bunday yovuzlikka boshqa qo‘l urmaydi+. 12  Agar Xudoyingiz Yahova bosib olish uchun sizlarga bergan shaharlardan birida: 13  “Yaramas odam shahar aholisini yo‘ldan urib yuribdi. O‘sha odam sizlarni o‘zingiz bilmaydigan boshqa xudolarga borib xizmat qilishga undayapti”,— degan gaplarni eshitsangizlar, 14  masalani o‘rganib chiqinglar, atroflicha tekshirib ko‘rib, surishtirish ishlarini olib boringlar+. Agar bunday jirkanch ish chindan ham orangizda sodir bo‘lgani isbotlansa, 15  unda butun shahar aholisini albatta qilichdan o‘tkazinglar+. Undagi bor narsani, shu qatorda chorvani ham qilichdan o‘tkazib, yo‘q qilinglar+. 16  O‘ljaning hammasini shahar maydonining o‘rtasiga yig‘inglar, shaharni esa yondirib yuboringlar. O‘lja bo‘lsa Tangringiz Yahova uchun butunlayin kuydiriladigan qurbonlik sifatida xizmat qiladi. Shahar hamisha xarobaga aylanib yotadi. U hech qachon qayta qurilmaydi. 17  Yo‘q qilish uchun ajratilgan* hech bir narsani olmanglar+. Shunda Yahovaning otashin g‘azabi bosiladi va U sizlarga rahm-shafqat ko‘rsatib, ota-bobolaringizga qasam ichib aytganiday, sizlarni ko‘paytiradi+. 18  Men bugun sizlarga berayotgan Uning barcha amrlariga rioya qilib, Allohingiz Yahovaga bo‘ysuninglar*. Shu tariqa, Xudoyingiz Yahovaning nazarida to‘g‘ri ish qilgan bo‘lasizlar+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «qullar uyidan».
Yoki «taqiqlash orqali muqaddas qilingan».
Yoki «ovoziga quloq solinglar».