Qonunlar 5:1-33

  • Yahovaning Xorevdagi ahdi (1-5)

  • O‘nta amr takrorlanadi (6-22)

  • Sinay tog‘i etagida xalqni qo‘rquv bosadi (23-33)

5  Muso butun Isroil xalqini to‘plab, ularga dedi: «Ey Isroil xalqi, men bugun sizlarga e’lon qilayotgan qonun-qoidalarni tinglanglar. Ularni o‘rganib chiqib, ularga astoydil rioya qilinglar.  Tangrimiz Yahova Xorevda biz bilan ahdlashgan edi+.  Yahova bu ahdni nafaqat ota-bobolarimiz bilan, balki shu yerda turgan bizlar bilan ham qilgan.  Yahova tog‘da sizlar bilan olov ichidan yuzma-yuz gaplashgan edi+.  O‘shanda men sizlarga Yahovaning so‘zlarini aytib turish uchun, Yahova bilan sizlarning o‘rtangizda turganman+. Chunki sizlar olovdan qo‘rqib, tog‘ga ko‘tarilmagan edingizlar+. U quyidagilarni aytgan edi:  “Men sizlarni Misrdan, sizlar qullikda bo‘lgan yurtdan* olib chiqqan Tangringiz Yahovaman+.  Mendan o‘zga xudolaringiz bo‘lmasin+.  O‘zingiz uchun na osmonda, na yerda, na suvlarda mavjud bo‘lgan hech bir narsaning o‘yma tasviri yoki shaklini yasamanglar+.  Ularga sajda va xizmat qilmanglar+. Chunki Men, Xudoyingiz Yahova mutlaq sadoqatni talab qiladigan Tangriman+. Mendan nafratlangan otalarning gunohi oqibatlarini ularning o‘g‘illari, nevaralari va evaralari boshdan kechirishiga yo‘l qo‘yaman+; 10  lekin Meni sevib, amrlarimga amal qilganlarning ming-ming avlodlariga mehr-sadoqatimni* namoyon etaman. 11  Allohingiz Yahovaning ismini noo‘rin tarzda tilga olmanglar+, chunki Yahova Uning ismini noo‘rin tarzda tilga olgan kishini jazosiz qoldirmaydi+. 12  Xudoyingiz Yahova buyurganiday, Shabbat kunini muqaddas saqlab, unga rioya qilinglar+. 13  Olti kun mehnat qilib, ishlaringizni shu kunlar ichida bajaringlar+. 14  Ammo yettinchi kun Tangringiz Yahovaga atalgan Shabbat bo‘ladi+. Na o‘zingiz, na o‘g‘il-u qizingiz, na qul-u cho‘ringiz, na ho‘kizingiz, na eshagingiz, na boshqa uy hayvoningiz, na shaharlaringizda yashovchi musofir+ hech qanday ish qilmasin+. O‘zingiz kabi qul-u cho‘ringiz ham dam olsin+. 15  Misr yurtida qul bo‘lib yurganingizda, Tangringiz Yahova sizlarni kuchli bilagi-yu qudratli qo‘li bilan olib chiqqanini unutmanglar+. Mana shu sababli, Allohingiz Yahova sizlarga Shabbat kuniga rioya qilishni buyurgan. 16  Xudoyingiz Yahova sizlarga berayotgan yurtda ravnaq topib, uzoq umr ko‘rishingiz uchun+, Tangringiz Yahova buyurganiday ota-onangizni hurmat qilinglar+. 17  Qotillik qilmanglar+. 18  Zino qilmanglar+. 19  O‘g‘rilik qilmanglar+. 20  Yaqiningizga qarshi soxta guvohlik bermanglar+. 21  Yaqiningizning xotiniga ko‘z olaytirmanglar+. Na uning uyiga, na dalasiga, na qul-u cho‘risiga, na ho‘kiziga, na eshagiga va unga tegishli hech bir narsaga ko‘z olaytirmanglar”+. 22  Ushbu amrlarni Yahova butun jamoatingizga tog‘da olov, bulut va tim qorong‘ilik ichidan+ baland ovozda aytgan va ularga boshqa hech narsa qo‘shmagan. So‘ngra ularni ikkita tosh lavhaga yozib, menga bergan+. 23  Qorong‘ilik ichidan chiqqan ovozni eshitganingizda, tog‘ olov bo‘lib yonib turgan mahalda+, barcha qabila boshlari bilan oqsoqollar kelib, menga shunday deyishgan: 24  “Mana, Tangrimiz Yahova bizga O‘z ulug‘vorligi va buyukligini ko‘rsatdi hamda Uning olov ichidan chiqqan ovozini eshitdik+. Bugun Xudo odamzod bilan gaplashganini va odam tirik qolishi mumkinligini ko‘rdik+. 25  Lekin biz o‘lishni istamaymiz, chunki bu olov bizni yutib yuborishi mumkin! Agar Allohimiz Yahovaning ovozini yana eshitsak, aniq o‘lamiz. 26  Axir biz kabi olov ichidan barhayot Xudoning ovozini eshitib tirik qolgan inson bormi? 27  O‘zingiz boring-da, Tangrimiz Yahovaning aytadigan barcha so‘zlarini eshitib, Tangrimiz Yahova aytganlarining barini bizga yetkazing. Biz tinglab ularni bajaramiz”+. 28  Yahova menga aytgan so‘zlaringizni eshitdi va Yahova menga bunday dedi: “Bu xalq senga nima deganini eshitdim. Ularning barcha aytgan so‘zlari to‘g‘ri+. 29  Qaniydi, ularning qalblarida Mendan qo‘rqish+ va barcha amrlarimga amal qilish+ istagi doim bo‘lsa! Shunda o‘zlari ham, o‘g‘illari ham toabad baxtiyor bo‘lishardi!+ 30  Endi borib, ularga: “Chodirlaringizga qaytinglar”,— deb ayt. 31  Sen esa shu yerda, yonimda tur. Men senga ularga o‘rgatishing kerak bo‘lgan barcha amrlar-u qonun-qoidalarni aytaman va Men mulk qilib berayotgan yurtda ularga amal qilishadi”. 32  Endi sizlar diqqatli bo‘lib, Tangringiz Yahova buyurganiday qilinglar+. Bu amrlardan o‘ngga ham, chapga ham og‘ib ketmanglar+. 33  Yashashingiz, ravnaq topishingiz va egalik qiladigan yurtda uzoq umr ko‘rishingiz uchun+, Xudoyingiz Yahova buyurgan yo‘ldan yuringlar+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «qullar uyidan».
Yoki «mehr-inoyatimni».