Sahroda 11:1-35
11 Xalq Yahovaning oldida qattiq noliy boshladi. Yahova buni eshitib, g‘azabi qaynadi va shunda Yahovadan olov tushib, qarorgohning chekkalaridagi ba’zi odamlarni yutib yubordi.
2 Xalq yordam so‘rab Musoga murojaat qildi. Muso Yahovaga yolvordi+ va olov o‘chdi.
3 Ularning ustiga Yahovadan olov tushgani uchun o‘sha yerga Tavera* deb nom berildi+.
4 Ularning oralaridagi turli xalqlardan tashkil topgan xaloyiq+, ilgari yeb yurgan taomlarini qo‘msay boshladi+ va Isroil o‘g‘illari ham: «Kim bizga yegani go‘sht beradi?»+ — deya yana yig‘lashdi.
5 Ular shunday deyishardi: «Eh, qani o‘sha biz Misrda yegan baliqlar, bodringlar, tarvuzlar, porey piyozlari, piyozlar-u sarimsoqlar!+
6 Hozir esa sillamiz qurib boryapti. Eyishga mannadan bo‘lak hech narsa yo‘q»+.
7 Manna+ kashnich urug‘i kabi+ bo‘lib, ko‘rinishi xuddi xushbo‘y yelimga o‘xshab ketardi.
8 Xalq har tarafga tarqalib, manna terib kelardi va uni qo‘l tegirmonida maydalardi yoki hovonchada yanchardi. Keyin ular mannani qozonda qaynatishardi yoki undan patir yopishardi+. Uning mazasi yog‘li shirin kulchaga o‘xshardi.
9 Qarorgohga kechasi shudring tushganda, manna ham tushardi+.
10 Muso xalqning yig‘layotganini eshitdi. Har bir kishi oilasi bilan birgalikda, o‘z chodirining kiraverishida yig‘layotgan edi. Yahovaning g‘azabi qaynab ketdi+. Musoning ham ulardan jahli chiqdi.
11 Muso Yahovaga shunday dedi: «Nega xizmatkoring azob chekishiga yo‘l qo‘yyapsan? Qaysi qilmishim uchun Sen mendan mamnun emassan? Nima uchun bu odamlarning og‘irligini menga tashlab qo‘yyapsan?+
12 Men bu xalqning onasimanmi? Men ularni dunyoga keltirganmidimki, Sen ota-bobolariga beraman deb va’da qilgan yurtga+ yetib bormaguncha, “enaga chaqaloqni ko‘tarib yurganday, ularni qo‘yningda ko‘tarib yur”, deb aytyapsan?
13 Shuncha odamga qayerdan go‘sht topib beraman? Ular oldimga kelib: “Yegani go‘sht ber!” — deb yig‘lashyapti.
14 Bu xalqni bir o‘zim ko‘tara olmayman. Ularning yuki menga juda og‘ir+.
15 Agar menga shunday munosabatda bo‘ladigan bo‘lsang, meni o‘ldirib qo‘yaqol+. Bordi-yu, Sening nazaringda iltifot topgan bo‘lsam, bundan ortiq azob chekishimga yo‘l qo‘yma».
16 Yahova Musoga javoban shunday dedi: «Isroil oqsoqollari orasidan 70 ta erkakni — oqsoqol sifatida o‘zing taniydigan erkaklarni va xalq boshliqlarini tanlab olgin-da+, uchrashuv chodiriga olib kel. Ular o‘sha yerda sen bilan birga turishsin.
17 Men pastga tushib+ o‘sha yerda sen bilan gaplashaman+ va sendagi muqaddas ruhimdan bir qismini olib+, ularga beraman. Ular xalqning yukini ko‘tarishda senga yordamlashishadi. Shunda xalqning yukini bir o‘zing ko‘tarmaysan+.
18 Sen xalqqa quyidagilarni ayt: “Ertangi kun uchun o‘zlaringizni muqaddas qilinglar+, chunki ertaga albatta go‘sht yeysizlar. Sizlar Yahovaga: “Kim bizga yegani go‘sht beradi? Misrda yashaganimiz yaxshiroq emasmidi!?”+ — deya yig‘laganingiz uchun+, Yahova sizlarga albatta go‘sht beradi va sizlar yeysizlar+.
19 Sizlar na bir kun, na 2 kun, na 5 kun, na 10 kun, na 20 kun,
20 balki naq bir oy go‘sht yeysizlar. Uni burningizdan chiqquncha, ko‘nglingiz ayniguncha yeysizlar+. Chunki sizlar orangizdagi Yahovani rad etib, Uning oldida: “Nega Misrdan chiqdik?”+ — deya yig‘lagan edingizlar”».
21 Shunda Muso dedi: «Men erkaklarining o‘zi 600 000 kishidan iborat xalq+ ichida yuribman. Sen esa: “Men ularga go‘sht beraman, ular naq bir oy to‘yguncha go‘sht yeyishadi!” — deb aytyapsan.
22 Hatto bor qo‘y-echkilar va qoramollar so‘yilsa ham, ularga yetkazib bo‘larmidi? Yoki dengizdagi barcha baliqlar tutib kelinsa ham, ularga yetkazib bo‘larmidi?»
23 Yahova Musoga dedi: «Yahovaning qo‘li shunchalik kaltami?+ Aytganim bajo bo‘ladimi yoki yo‘qmi, endi ko‘rasan».
24 Muso xalqning oldiga chiqib, Yahovaning gaplarini yetkazdi. U xalq oqsoqollaridan 70 ta erkakni tanlab oldi va ularni chodirning atrofiga turg‘izib qo‘ydi+.
25 Shunda Yahova bulut ichida pastga tushib+, Muso bilan gaplashdi+ va undagi muqaddas ruhdan bir qismini olib+, 70 ta oqsoqolning har biriga berdi. Ruh ularga berilishi bilanoq, ular o‘zlarini xuddi payg‘ambarlarday tuta* boshlashdi+, lekin bunday hol qayta takrorlanmadi.
26 O‘sha kishilardan ikkitasi qarorgohda qolgan edi. Ularning ismlari Eldod bilan Midod bo‘lib, ular chodirning oldiga kelmagan bo‘lsalar-da, ismlari ro‘yxatga kiritilgani uchun ularga ham ruh berildi. Shunda ular qarorgohda o‘zlarini xuddi payg‘ambarlarday tuta boshlashdi.
27 Bir yigit Musoning yoniga yugurib kelib: «Eldod bilan Midod qarorgohda o‘zlarini xuddi payg‘ambarlarday tutishyapti!» — degan xabar yetkazdi.
28 Shu payt, Musoga yoshligidan yordam berib kelayotgan Nun o‘g‘li Yoshua+: «Taqsirim, ularni to‘xtating!»+ — dedi.
29 Biroq Muso unga shunday dedi: «Sen men uchun xavotirlanyapsanmi*? Tashvishlanma, men Yahovaning butun xalqi payg‘ambar bo‘lishini va Yahova O‘z ruhini ularga ham berishini istayman!»
30 Bir muncha vaqtdan so‘ng, Muso Isroil oqsoqollari bilan qarorgohga qaytdi.
31 Yahova shamol ko‘tarib, dengiz tomondan bedanalarni haydab keldi-da, qarorgoh atrofiga tushirdi. Bedanalar butun qarorgoh atrofida+ — bir tomonidan bir kunlik masofagacha, ikkinchi tomonidan ham bir kunlik masofagacha — yer yuzasidan taxminan ikki tirsak* balandlikda uchib yurgan edi.
32 O‘sha kuni xalq kun bo‘yi, tuni bilan, shuningdek, ertasiga ham kun bo‘yi bedanalarni yig‘di. Hech kim o‘n xo‘mrdan* kam yig‘madi. Ular yiqqan bedanalarini butun qarorgoh atrofiga yoyib qo‘yishdi.
33 Ular og‘zidagi go‘shtni chaynab ulgurmasidan, Yahovaning xalqqa qarshi g‘azabi alanga oldi va Yahova ulardan ko‘pini qirib tashladi+.
34 O‘sha yerga Xivrut-Xattavo*+ deb nom berishdi, chunki u yerga ochko‘z odamlarni ko‘mishdi+.
35 Xalq Xivrut-Xattavodan Xazero‘tga+ yo‘l oldi va o‘sha yerda to‘xtadi.
Izohlar
^ Ma’nosi «yonish», ya’ni katta yong‘in; alanga.
^ Yoki «bashorat qilishni».
^ So‘zma-so‘z «rashk qilyapsanmi».
^ Bir tirsak=44,5 sm. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Bir xo‘mr=220 l. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Ma’nosi «nafs ko‘milgan yer».