Sahroda 14:1-45

  • Xalq Misrga qaytmoqchi bo‘ladi (1-10)

    • Yoshua va Xolibning yaxshi xabari (6-9)

  • Yahova g‘azablanadi; Muso o‘rtaga tushadi (11-19)

  • Jazo: sahroda 40 yil sarson bo‘lish (20-38)

  • Omoleklar Isroilni mag‘lub qiladi (39-45)

14  Shunda butun jamoa faryod ko‘tarib, tuni bilan ho‘ngrab yig‘ladi+.  Barcha Isroil o‘g‘illari Muso bilan Horunga qarshi chiqib, noliy boshlashdi+. Butun jamoa: «Qaniydi, Misr yurtida yoki mana shu sahroda o‘lib ketsak edi!  Yahova bizni bu yurtga qilichdan o‘tkazgani olib boryaptimi?+ Axir xotinlarimiz-u bola-chaqalarimiz o‘ljaga aylanadi–ku!+ Undan ko‘ra, Misrga qaytganimiz yaxshiroq emasmi?»+ — derdi.  Ular hatto bir-biriga: «Kelinglar, ustimizdan boshliq tayinlab, Misrga qaytamiz!»+ — deya boshlashdi.  Buni ko‘rgan Muso bilan Horun, butun Isroil jamoasi oldida yerga yuztuban tiz cho‘kishdi.  Ushbu yurtni ko‘rib kelganlar orasida bo‘lgan Nun o‘g‘li Yoshua+ va Yafunax o‘g‘li Xolib+ kiyimlarini yirtib,  Isroil o‘g‘illarining butun jamoasiga shunday deyishdi: «Biz ko‘zdan kechirib kelgan yurt juda-juda yaxshi yurt ekan+.  Agar Yahova bizdan mamnun bo‘lsa, bizni albatta bu yurtga olib borib, sut bilan asal oqib yotgan yurtni bizga beradi+.  Faqat Yahovaga qarshi isyon ko‘tarmanglar va ushbu yurtning odamlaridan qo‘rqmanglar+, chunki biz ularni osonlikcha yenga olamiz*. Ular himoyasiz qolgan, Yahova esa biz bilan+. Ulardan qo‘rqmanglar». 10  Ammo jamoa ularni toshbo‘ron qilamiz, deya boshladi+. Shu payt, butun Isroil xalqiga uchrashuv chodiri ustida Yahovaning ulug‘vorligi ko‘rindi+. 11  Yahova Musoga: «Qachongacha bu xalq Menga hurmatsizlik ko‘rsatadi?+ Ularning orasida shuncha alomatlar ko‘rsatganimga qaramay, qachongacha Menga ishonmay yuradi?+ 12  Ularga o‘lat yuborib, qirib tashlayman-da, sendan esa ularga qaraganda buyukroq va qudratliroq xalq keltirib chiqaraman»+,— deb aytdi. 13  Lekin Muso Yahovaga bunday dedi: «Buni eshitgan misrliklar nima deydi? Sen bu xalqni O‘z qudrating bilan ularning orasidan olib chiqqan eding-ku+. 14  Axir ular bu haqda ushbu yurtning aholisiga aytib berishadi. Yahova, ular ham Sen shu xalq orasida ekaningni, ular bilan yuzma-yuz ko‘rishganingni+ eshitishgan-ku+. Shuningdek, Sen Yahova ekaningni va Sening buluting shu xalq ustida turganini, kunduzi bulut ustuni orqali, kechasi esa olov ustuni orqali ularning oldida borayotganingni eshitishgan+. 15  Agar bu xalqni bitta qoldirmay o‘ldirib yuborsang, Sening shuhrating to‘g‘risida eshitgan xalqlar: 16  “Yahova bu xalqni O‘zi va’da bergan yurtga olib bora olmay, sahroda qirib tashlabdi”+,— deb aytishmaydimi? 17  Shunday ekan, Yahova, iltimos, qudrating naqadar buyukligini ko‘rsat. Axir O‘zing va’da berib: 18  “Yahova sabr-toqatli*, mehr-sadoqatga* boy+, ayb va gunohni kechiruvchi, shu bilan bir vaqtda aybdorni jazosiz qoldirmaydigan, otalari qilgan gunohning oqibatlarini o‘g‘illari, nevaralari va evaralari boshdan kechirishiga yo‘l qo‘yadigan Tangridir+”,— degan eding-ku. 19  Iltimos, mehr-sadoqating naqadar buyuk ekanini namoyon etib, bu xalqni Misr yurtida bo‘lganidan tortib to hozirgacha kechirib kelganingday, yana kechiraqol»+. 20  Bunga javoban Yahova dedi: «Iltimosingga ko‘ra ularni kechiraman+. 21  Hayotim bilan qasam ichib aytamanki, butun yer yuzi Yahovaning ulug‘vorligiga to‘ladi+. 22  Ammo Mening ulug‘vorligimni va Misrda hamda sahroda yaratgan alomatlarimni+ ko‘rgan bo‘lsa-da, Meni o‘n marta sinab+, gapimga quloq solmaganlarning+ hech biri, 23  Men otalariga va’da bergan yurtni ko‘rmaydi. Ha, Menga hurmatsizlik ko‘rsatganlarning hech biri bu yurtni ko‘rmaydi+. 24  Biroq xizmatkorim Xolib+ o‘zgacha ruhni namoyon etib, butun qalbi bilan Menga ergashgani uchun, o‘zi ko‘rib kelgan yurtga uni olib kiraman va uning avlodi unga egalik qiladi+. 25  Vodiyda omoleklar bilan kan’onliklar yashaydi+. Shu bois, ertaga orqaga burilib, Qizil dengizga olib boradigan yo‘ldan sahroga boringlar»+. 26  Yahova keyin Muso bilan Horunga dedi: 27  «Qachongacha bu yovuz jamoa Mendan noliyveradi?+ Isroil xalqi Mendan noliyotganini eshitdim+. 28  Ularga bunday deb ayt: “Hayotim bilan qasam ichib aytamanki,— deyapti Yahova,— Menga nima deb aytgan bo‘lsangizlar, shuni boshingizga solaman!+ 29  Jasadlaringiz shu sahroda qoladi+. Ha, ro‘yxatdan o‘tgan, 20 va undan yuqori yoshdagilarning, Mendan noliganlarning jasadlari shu sahroda qoladi+. 30  Yafunax o‘g‘li Xolib bilan Nun o‘g‘li Yoshuadan bo‘lak hech biringiz, unda yashaysizlar deya sizlarga ont ichgan* yurtga+ kirmaysizlar+. 31  O‘ljaga aylanadi, degan bola-chaqangizni u yerga olib boraman+ va ular sizlar rad etgan yurtdan+ bahramand bo‘lishadi. 32  Sizlarning jasadlaringiz esa shu sahroda qoladi. 33  Barchangiz o‘lib bitmaguningizcha, o‘g‘illaringiz shu sahroda 40 yil+ cho‘ponlik qilib, bevafolik* qilganingiz uchun javob berishadi+. 34  Yurtni ko‘zdan kechirib chiqishga ketgan 40 kunga+ muvofiq — bir kun evaziga bir yildan — qilgan gunohlaringiz uchun 40 yil+ davomida jazo tortasizlar. Shunda, Menga qarshi chiqish qanaqa bo‘lishini bilib olasizlar. 35  Bularni Men — Yahova aytyapman. Ushbu yovuz jamoa bilan — birgalashib Menga qarshi chiqqanlar bilan shunday yo‘l tutaman: shu sahroda ularning kuni bitib, shu yerning o‘zida hammasi o‘lib ketadi+. 36  Shuningdek, Muso yurtni ko‘rib kelish uchun yuborgan kishilar qaytgach, o‘sha yurt haqida yomon xabar keltirib+, butun jamoa Undan nolishiga sababchi bo‘lgan kishilar, 37  ha, o‘sha yurt to‘g‘risida yomon xabar olib kelgan kishilar ham jazolanib, Yahovaning oldida o‘lishadi+. 38  Yurtni ko‘rib kelish uchun yuborilganlar orasidan faqat Nun o‘g‘li Yoshua bilan Yafunax o‘g‘li Xolib tirik qolishadi”+». 39  Muso bu so‘zlarni butun Isroil xalqiga aytganida, xalq qattiq qayg‘urdi. 40  Buning ustiga, ular sahar turib: «Biz gunoh qildik. Lekin endi, Yahova aytgan joyga borishga tayyormiz»,— deya, tog‘ning tepasiga chiqmoqchi bo‘lishdi+. 41  Biroq Muso ularga dedi: «Nega sizlar Yahovaning buyrug‘ini buzyapsizlar? Bu bilan hech narsaga erisha olmaysizlar. 42  Tog‘ga chiqa ko‘rmanglar, chunki Yahova sizlar bilan emas. Dushmanlaringiz sizlarni mag‘lub qiladi+. 43  U yerda omoleklar bilan kan’onliklar sizlarga qarshi chiqib+, qilichdan o‘tkazadi. Yahovaga ergashishdan bosh tortganingiz uchun, Yahova sizlar bilan bo‘lmaydi»+. 44  Ammo ular o‘zbilarmonlik qilib tog‘ning tepasiga chiqishdi+. Muso bo‘lsa, Yahovaning ahd sandig‘i bilan birga qarorgohning o‘rtasida qoldi+. 45  Shunda o‘sha tog‘da yashaydigan omoleklar bilan kan’onliklar pastga tushib, ularga hujum qildi va Xo‘rmaxgacha+ ularni quvib bordi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «ular biz uchun non bo‘ladi».
Yoki «g‘azablanishga shoshmaydigan».
Yoki «mehr-inoyatga».
So‘zma-so‘z «qo‘limni ko‘targan».
So‘zma-so‘z «fohishalik».