Sahroda 5:1-31
5 Yahova Musoga gapirishda davom etib, dedi:
2 «Isroil o‘g‘illariga buyur: moxov kasalligiga chalingan+, tanasidan ajralma oqqan+ va o‘lgan odamga* tegib, nopok bo‘lgan+ har qanday kishini qarorgohdan tashqariga chiqarib yuborishsin.
3 Erkak yoki ayol bo‘lishidan qat’i nazar, chiqarib yuboringlar. Men xalqim orasida bo‘lganim bois+, xalqimning qarorgohini bulg‘amasliklari uchun+, ularni qarorgoh tashqarisiga chiqarib yuboringlar».
4 Isroil o‘g‘illari xuddi shunday yo‘l tutib, ularni qarorgoh tashqarisiga chiqarib yuborishdi. Isroil o‘g‘illari Yahova Musoga buyurganday qilishdi.
5 Yahova Musoga yana shunday dedi:
6 «Isroil o‘g‘illariga bunday deb ayt: “Agar biror erkak yoki ayol gunohga qo‘l urib, Yahovaga nisbatan bevafolarcha yo‘l tutsa, u aybdor hisoblanadi+.
7 U* qilgan gunohiga iqror bo‘lib+, aybi dastidan yetkazgan ziyonning o‘rnini to‘liq qoplasin va uning ustiga belgilangan bahoning beshdan bir qismini qo‘shib bersin+. Buni, u kimga zarar yetkazgan bo‘lsa, o‘shanga bersin.
8 Ammo jabr ko‘rgan kishi o‘lib qolsa va uning yaqin qarindoshi bo‘lmasa, aybdor kishi yetkazgan ziyonning bahosini Yahovaga to‘lasin va bu, gunohini yuvish uchun olib kelgan qo‘chqor bilan birga ruhoniyga tegishli bo‘lsin. Ruhoniy qo‘chqorni qurbon qilib, uning gunohini yuvsin+.
9 Isroil o‘g‘illari ruhoniyga olib kelgan muqaddas xayr-ehsonlarning bari+, ruhoniyga tegishli bo‘lsin+.
10 Ularning har biri ehson qilgan muqaddas narsalar ruhoniyga tegishli bo‘lsin. Ruhoniyga nima olib kelinmasin, unga tegishli bo‘lsin”».
11 Yahova Musoga gapirishda davom etib, dedi:
12 «Isroil o‘g‘illariga quyidagilarni ayt: “Biror kishining xotini yo‘ldan ozib, unga xiyonat qilsa va
13 boshqa kishi u bilan jinsiy aloqada bo‘lsa+, lekin eri bundan bexabar bo‘lib, bu ish yashirin bo‘lib qolsa, ayol o‘zini bulg‘agan bo‘lsa-da, bunga hech kim guvoh bo‘lmagan va uni hech kim ushlab olmagan bo‘lsa,
14 lekin eri rashk qilib, xotinining sadoqatida shubhalana boshlasa va xotini chindan ham o‘zini bulg‘agan bo‘lsa yoki eri rashk qilib, xotinining sadoqatida shubhalana boshlasa-yu, ammo xotini o‘zini bulg‘amagan bo‘lsa,
15 bu kishi xotinini hamda xotini uchun nazr sifatida arpa unidan efaning* o‘ndan bir qismini ruhoniyning oldiga olib kelsin. Nazrning ustiga moy quymasin, ustiga xushbo‘y smola* ham qo‘ymasin, chunki bu rashk bilan bog‘liq bo‘lgan don nazri, gunohni eslatib turuvchi don nazridir.
16 Ruhoniy o‘sha ayolni oldinga olib chiqib, Yahovaning oldiga turg‘izsin+.
17 Keyin ruhoniy sopol idishga muqaddas suvdan quyib, muqaddas chodirdagi tuproqdan olsin-da, suvga solsin.
18 So‘ng ruhoniy ayolni Yahovaning oldiga turg‘izib, uning sochini yozsin va gunohni eslatib turuvchi don nazrini, ya’ni rashk bilan bog‘liq bo‘lgan don nazrini uning kaftiga qo‘ysin+. La’nat keltiruvchi achchiq suv esa ruhoniyning qo‘lida bo‘lsin+.
19 Ruhoniy ayolga ont ichirib, shunday desin: “Agar sen erli xotin*+ bo‘la turib boshqa erkak bilan jinsiy aloqa qilmagan, yo‘ldan ozmagan va bulg‘anmagan bo‘lsang, la’nat keltiradigan ushbu achchiq suvning ta’siridan xoli bo‘lasan.
20 Bordi-yu, erli xotin bo‘la turib, yo‘ldan ozgan bo‘lsang va eringdan tashqari boshqa kishi bilan jinsiy aloqa qilib+, o‘zingni bulg‘agan bo‘lsang...”
21 Ruhoniy ayolga la’nat ontini ichirgach, unga shunday desin: “Yahova sening bachadoningni* quritib, qorningni shishirsin. Xalqing orasida la’nat aytilganda va ont ichilganda, Yahova sening ismingni tilga olinadigan qilsin.
22 La’nat keltiradigan bu suv ichingga kirganda, qorningni shishirib, bachadoningni quritadi”. Bunga javoban o‘sha ayol: “Omin! Omin!*” — deb aytsin.
23 Ruhoniy ushbu la’nat so‘zlarini kitobga yozib, ularni achchiq suvda yuvsin.
24 Keyin esa la’nat keltiradigan achchiq suvni ayolga ichirsin. Bu suv uning ichiga kirib, unga og‘riq keltiradi.
25 Ruhoniy ayolning qo‘lidagi rashk bilan bog‘liq bo‘lgan don nazrini olib+, uni Yahovaning huzurida silkitsin va qurbongoh oldiga olib borsin.
26 Ruhoniy ramz nazri* sifatida don nazridan bir hovuch olib, qurbongohdan tutun ko‘tarilishi uchun kuydirsin+. So‘ng ayolga suvdan ichirsin.
27 Bordi-yu, ayol eriga xiyonat qilib, o‘zini bulg‘agan bo‘lsa, ruhoniy unga suvni ichirgach, la’nat keltiradigan suv ichiga kirib, unga og‘riq keltiradi: qorni shishib, bachadoni qurib qoladi. Xalqi orasida la’nat aytilganda, bu ayolning ismi tilga olinadi.
28 Biroq ayol o‘zini bulg‘amagan va pok bo‘lib chiqsa, bunday jazoga yo‘liqmaydi. U homilador bo‘lib, farzand ko‘rishga qodir bo‘ladi.
29 Bu — rashk haqidagi qonun+. Erli xotin yo‘ldan ozib, o‘zini bulg‘asa
30 yoki erkakning rashki kelib, xotinining sadoqatida shubhalansa, uni Yahovaning huzuriga olib kelsin va ruhoniy bu ayolga nisbatan ushbu qonunni qo‘llasin.
31 Shunda erkak gunohdan xoli bo‘ladi, xotini esa gunohi uchun javob beradi”».
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «ular».
^ Bir efa=22 l. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Yoki «eringning hokimiyati ostida».
^ So‘zma-so‘z «sonlaringni».
^ Yoki «Shunday bo‘lsin! Shunday bo‘lsin!»