Vahiy 18:1-24

  • «Buyuk Bobil vayron bo‘ldi!» (1–8)

    • «Ey xalqim... undan chiqib ket!» (4)

  • Bobil vayron bo‘lgani uchun faryod (9–19)

  • Bobil vayron bo‘lganidan shodlanish (20)

  • Bobil tosh kabi dengizga uloqtiriladi (21–24)

18  Shundan keyin osmondan tushib kelayotgan boshqa bir farishtani ko‘rdim. U buyuk hokimiyatga ega bo‘lib, yer yuzi uning ulug‘vorligidan yorishib ketdi.  Farishta baland ovoz bilan shunday xitob qildi: «Vayron bo‘ldi! Buyuk Bobil vayron bo‘ldi!+ U jinlarning makoniga, har qanday nopok ruhning* hamda iflos va jirkanch qushlarning panohiga aylandi!+  Barcha xalqlar uning shahvoniy* zino* sharobi qurboni bo‘lishdi+. Yer yuzi podshohlari u bilan zino qilishdi+ hamda dunyo savdogarlari* uning beqiyos boyligi-yu behayo dabdabasi tufayli boyib ketishdi».  So‘ngra men samodan yana bir ovoz shunday deganini eshitdim: «Ey xalqim, uning gunohlariga sherik bo‘lma, o‘latlariga yo‘liqmaslik uchun+ undan chiqib ket!+  Axir uning gunohlari ko‘kkacha yetdi-ku+. Shunda Xudo uning nohaq ishlarini esladi+.  Boshqalarga nima qilgan bo‘lsa, shunga yarasha qaytarilsin+. Ha, qilmishiga yarasha ikki baravar qilib qaytarilsin+. U ichkilikni aralashtirgan kosada+ ikki baravar aralashtirib o‘ziga berilsin+.  Qanchalar u o‘zini ulug‘lab, behayolarcha dabdaba surgan bo‘lsa, shunchalar unga azob va qayg‘u-alam qaytarilsin. Sababi, u o‘z qalbida: “Men tul emas, malikaman va hech qachon qayg‘u chekmayman”+,— deb aytmoqda.  Shu uchun bir kunning o‘zida unga o‘latlar, ya’ni o‘lim, qayg‘u-alam va ochlik yog‘ilsin. U o‘tda butkul yondiriladi+, chunki qudratlidir uni hukm qilgan Tangri Yahova*+.  Shunda u bilan zino* qilib, behayolarcha dabdaba surgan yer yuzi podshohlari, undagi yong‘indan chiqayotgan tutunni ko‘rishadi-da, qayg‘udan ko‘kslariga urib, u uchun faryod chekishadi. 10  Bobilning azoblari dastidan qo‘rquvga to‘lib, ular yiroqda turgancha shunday deyishadi: “Voy, holingga voy! Ey buyuk shahar+, mustahkam Bobil! Zero bir soatning ichida ustingdan chiqarilgan hukm bajo bo‘ldi!” 11  Dunyo savdogarlari ham u uchun yig‘lab, motam tutishadi. Chunki ularning mollarini endi hech kim sotib olmaydi. 12  Jumladan oltin, kumush, qimmatbaho toshlar, marvaridlar, yaxshi zig‘ir, qirmizi kiyim, ipak va to‘q qizil matolar; xushbo‘y daraxtdan yasalgan turli narsalar, fil suyagidan, qimmatbaho yog‘ochdan, misdan, temirdan hamda marmardan yasalgan turli buyumlar; 13  shuningdek dolchin, Hindiston ziravorlari, tutatqi, xushbo‘y moy va smola, sharob, zaytun moyi, sara un va bug‘doy; qoramol va qo‘ylar, otlar-u aravalar, qullar hamda inson hayotini* sotib oladigan hech kim bo‘lmaydi. 14  Ha, sen istagan lazzatli mevalar qo‘lingdan ketdi. Butun nafis va serhasham narsalardan mahrum bo‘lding va endi ular hech qachon topilmaydi. 15  Bu mollar bilan savdo-sotiq qilib, uning orqasidan boyib ketgan savdogarlar, u chekayotgan azoblar dastidan qo‘rqib, uzoqda turgancha zor yig‘lab, 16  shunday deyishadi: “Voy, holingga voy, yaxshi zig‘irdan, qirmizi va to‘q qizil kiyim kiyib, tilla taqinchoqlar, qimmatbaho toshlar va marvaridlar bilan bezangan buyuk shahar+, 17  chunki shunday boyliging bir soatdayoq yo‘q bo‘lib ketdi!” Har bir kemachi, dengizda sayohat qiluvchilar, dengizchilar hamda dengiz hisobidan kun kechiruvchilar uzoqda turgancha, 18  undagi yong‘indan chiqayotgan tutunga qarab baland ovozda: “Bu buyuk shaharga o‘xshaydigan shahar bormi?” — deb xitob qilishdi. 19  Ular boshlariga kul sochib, faryod chekib, ingrab dod solishdi: “Voy, holingga voy, ey buyuk shahar! Dengizdagi kemalarga ega bo‘lganlarning hammasi uning dabdabasi tufayli boyigan edi. Endi esa bir soatdayoq u xarobaga aylandi!”+ 20  Shodlaning, ey osmon-u falak+, muqaddas kishilar+, havoriylar-u payg‘ambarlar. Zero Alloh sizlar uchun Bobilning ustidan hukm chiqardi!»+ 21  Shunda kuchli bir farishta tegirmon toshiga o‘xshash katta toshni ko‘tarib, uni dengizga uloqtirdi-da, quyidagicha dedi: «Buyuk shahar Bobil xuddi shunday shiddat bilan qulab tushadi va aslo qad ko‘tarmaydi+. 22  Endi senda arfa chalib qo‘shiq aytuvchilarning ham, naychi-yu karnaychilarning ham, boshqa musiqachilarning ham ovozi eshitilmaydi. Endi sendan na biror hunarmand chiqadi, na tegirmon toshining ovozi eshitiladi. 23  Endi senda chiroq ham nur sochmaydi, kuyov bilan kelinning ovozi ham eshitilmaydi. Zero savdogarlaring yer yuzining mashhur odamlari edi va sehr-joduing+ bilan barcha xalqlar aldangan edi. 24  Ha, payg‘ambarlarning, muqaddas kishilarning+ va yer yuzida o‘ldirilgan barchaning qoni undan topildi»+.

Izohlar

Boshqa variant «nafas; nafas chiqarish; ilhomlantirilgan so‘z».
Yoki «g‘azabli».
Yun. pornia. Lug‘atdagi «jinsiy axloqsizlik» iborasiga q.
Yoki «dunyoni kezib yuruvchi savdogarlar».
Lug‘atdagi «jinsiy axloqsizlik» iborasiga q.
Yoki «jonini».