Voiz 6:1-12
6 Quyosh ostida insonlar duch keladigan bir fojiani ko‘rdim:
2 Alloh insonga u orzu qilgan barcha narsani — boylik, mol-dunyo va shuhrat ato etadi. Ammo haq Xudo bu narsalardan u emas, balki begonalar zavqlanishiga yo‘l qo‘yib beradi. Bu ham behuda va og‘ir bir darddir.
3 Agar inson yuzta farzandli bo‘lsa, uzoq umr ko‘rib qarisa-yu, lekin hayotdan lazzat olmay qabrga kirsa, o‘lik tug‘ilgan bola undan yaxshiroqdir+.
4 Sababi, u bekorga dunyoga kelib, qorong‘ilikka qaytadi. Uning ismi zulmat bilan qoplanadi.
5 U hatto hech qachon quyosh yuzini ko‘rmasa va hech narsani bilmasa-da, o‘sha insondan yaxshiroqdir+.
6 Odam ikki ming yil yashasa-yu, lekin hayotdan lazzat olmasa, bundan unga ne foyda? Axir hammaning borar joyi bir emasmi?!+
7 Insonning barcha qilgan mehnati qornini to‘ydirish uchungina, xolos+. Lekin u hech qachon to‘ymaydi.
8 Dononing nodondan qanday ustunligi bor?+ Kambag‘al qanday kun kechirish kerakligini bilganidan nima foyda?
9 Xomxayol bo‘lgandan ko‘ra, ko‘z oldida turgan narsalardan quvongan yaxshiroq. Bu ham behuda, shamol ortidan quvishdaydir.
10 Dunyoda bor narsaning bariga allaqachon nom berilgan. Inson kimligi ham barchaga ayon. Odam o‘zidan qudratliroq shaxs bilan da’volasha olmaydi.
11 So‘zlar* ko‘paysa, behuda narsalar ham ko‘payadi. Ulardan odamga ne naf?
12 Xuddi soya kabi o‘tib ketadigan besh kunlik umrida inson nima qilsa yaxshi bo‘lishini kim biladi?+ U o‘lganidan keyin quyosh ostida nima bo‘lishini unga kim ayta oladi?
Izohlar
^ Boshqa variant «Narsalar».