Yeremiyo 29:1-32

  • Yeremiyo Bobilga surgun qilinganlarga maktub yuboradi (1-23)

    • Isroil 70 yildan so‘ng qaytadi (10)

  • Shamayoga xabar (24-32)

29  Surgun bo‘lganlar orasida qolgan oqsoqollar, ruhoniylar, payg‘ambarlarga va shoh Navuxodonosor Quddusdan Bobilga surgun qilgan butun xalqga Yeremiyo payg‘ambar Quddusdan maktub yubordi.  Bu xat shoh Yoxoniyo+, shohning onasi+, saroy amaldorlari, Yahudo va Quddus beklari, hunarmandlar-u temirchilar* Quddusdan jo‘natib yuborilganidan so‘ng yozilgan edi+.  U maktubni Shofon+ o‘g‘li Elasax hamda Xilqiyo o‘g‘li Gamariyah orqali Bobilga yubordi. Yahudo shohi Zidqiyo+ ularni Bobil shohi Navuxodonosor oldiga jo‘natgan edi. Maktubda shunday deyilgandi:  «Isroil Xudosi, Qo‘shinlar Sarvari Yahova O‘zi Quddusdan Bobilga surgun qilgan butun xalqga shunday demoqda:  “Uylar qurib, ularda yashanglar. Bog‘lar yaratib, mevalarini yenglar.  Uylanib, o‘g‘il-qizlar ko‘ringlar. O‘g‘illaringizni uylantirib, qizlaringizni erga beringlar, toki ular ham o‘g‘il-qizlar ko‘rishsin. Shu yerda ko‘payinglar, soningiz kamaymasin.  Men sizlarni surgun qilgan shaharda tinchlik bo‘lishiga harakat qiling, shahar uchun Yahovaga ibodat qiling. Chunki shaharda tinchlik bo‘lsa, sizlar ham tinch yashaysiz+.  Isroil Tangrisi, Qo‘shinlar Sarvari Yahova shunday demoqda: “Orangizdagi payg‘ambarlar va folbinlar sizlarni aldashiga yo‘l qo‘ymanglar+, ko‘rgan tushlarini aytib berishganida ularga quloq solmanglar.  Chunki Yahova demoqda: “Ular Mening nomimdan yolg‘onni bashorat qilishyapti. Men ularni jo‘natganim yo‘q”»+. 10  «Shuning uchun Yahova demoqda: “Bobildagi 70 yil nihoyasiga yetgach, sizlarga yana nazar solaman+ va sizlarni bu yerga qaytarib olib kelib, va’damni bajaraman”+. 11  “Sizlar haqingizda qilgan niyatlarimni O‘zim yaxshi bilaman, — demoqda Yahova. — Musibat emas, tinchlik keltirish niyatidaman+, sizlarga porloq kelajak va umid baxsh etaman+. 12  Sizlar Meni chaqirasizlar, kelib Menga ibodat qilasizlar va Men sizlarni eshitaman”+. 13  “Meni izlaysizlar va topasizlar+, chunki Meni butun qalbingiz bilan qidirasizlar+. 14  Meni topishingizga izn beraman”+,— demoqda Yahova. “Asirda bo‘lganlaringizni to‘playman, O‘zim sizlarni tarqatib yuborgan barcha xalqlar orasidan va joylardan yig‘ib olaman+, — demoqda Yahova. — Sizlarni qayerdan surgun qilgan bo‘lsam, o‘sha yerga qaytarib olib kelaman”+. 15  Ammo sizlar: “Yahova bizga Bobilda payg‘ambarlar berdi”,— dedingiz. 16  Dovud taxtida o‘tirgan shohga+ va Quddus shahrida yashayotgan butun xalqga — surgunga ketmagan birodarlaringizga Yahova shunday demoqda: 17  “Mana, ularga qarshi qilich, ocharchilik va o‘lat yuboryapman,+ — demoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova. — Ularni yomonligidan yeyishga yaramaydigan, chirigan* anjirlar singari qilaman”+. 18  “Ularni qilich+, ocharchilik va o‘lat bilan ta’qib qilaman. Yer yuzidagi barcha shohliklar ularni ko‘rib dahshatga tushishadi+, qarg‘aganda ularning nomini tilga olishadi va hayratda qolib, hushtak chalishadi+. Men ularni tarqatib yuborgan barcha xalqlar orasida masxara bo‘lishadi+. 19  Chunki ular xizmatchilarim payg‘ambarlar orqali aytgan so‘zlarimni tinglashmadi, — demoqda Yahova. — Men ularni qayta-qayta yuborgandim”+. “Ammo sizlar quloq solmadingiz”+,— demoqda Yahova. 20  Shu sababli, ey xalq, Men Quddusdan Bobilga surgun qilgan odamlar, Yahovaning so‘zini tinglang! 21  Mening nomimdan sizlarga yolg‘onni bashorat qilayotgan+ Xulayo o‘g‘li Axab hamda Masiyo o‘g‘li Zidqiyo haqida Isroil Tangrisi, Qo‘shinlar Sarvari Yahova shunday demoqda: “Ularni Bobil shohi Navuxodonosor qo‘liga beraman va u ko‘z o‘ngingizda ularni o‘ldiradi. 22  Bobildagi Yahudoning barcha surgun qilinganlari ular bilan sodir bo‘lganlarni qarg‘ish sifatida ishlatib: “Yahova seni Bobil shohi o‘tda kuydirgan Zidqiyo bilan Axabning ko‘yiga solsin!” — deydigan bo‘lishadi. 23  Chunki ular yaqinining xotini bilan zino qilib, Isroilda o‘zlarini sharmandalarcha tutishdi+. Men ularga buyurmagan bo‘lsam-da, Mening nomimdan yolg‘on so‘zlarni aytishdi+. “Men bundan xabardorman va buning guvohiman”+,— demoqda Yahova». 24  «Naxalamlik Shamayoga+ esa shunday deb aytasan: 25  “Isroil Xudosi, Qo‘shinlar Sarvari Yahova demoqda: “Sen Quddusdagi butun xalqga, Masiyo o‘g‘li ruhoniy Zafaniyoga+ va barcha ruhoniylarga o‘z nomingdan maktub jo‘natib, quyidagilarni aytding: 26  “O‘zini payg‘ambarday tutadigan har qanday telbani nazorat qilib, kundalasin* deb, Yahova seni ruhoniy Yohayido o‘rniga Yahova uyining nazoratchisi bo‘lishing uchun ruhoniy etib tayinlagan edi+. 27  Shunday ekan, nega orangizda o‘zini payg‘ambarday tutayotgan+ onoto‘tlik+ Yeremiyoni jazolamading? 28  U hatto Bobilga, bizlarga maktub yo‘llab, shunday dedi: “Bu uzoq davom etadi! Uylar qurib, ularda yashanglar. Bog‘lar yaratib, mevalarini yenglar...”»+. 29  Ruhoniy Zafaniyo+ bu maktubni Yeremiyoga eshittirib o‘qib berayotganida, 30  Yahova Yeremiyoga quyidagi so‘zini ayon qildi: 31  «Surgunda bo‘lgan butun xalqga quyidagi xabarni jo‘nat: “Yahova naxalamlik Shamayo haqida shunday demoqda: “Men yubormagan bo‘lsam-da, Shamayo sizlarga bashorat qilgani va sizlarni yolg‘onga ishontirmoqchi bo‘lgani uchun+, 32  Yahova demoqda: “Men naxalamlik Shamayoni va avlodlarini jazolayman. Bu xalq orasida uning avlodlaridan birortasi ham omon qolmaydi va Men xalqimga qiladigan yaxshilikni u ko‘rmaydi,— demoqda Yahova. — Chunki u xalqni Yahovaga qarshi isyon ko‘tarishga undadi”».

Izohlar

Boshqa variant «qo‘rg‘on quruvchilari».
Boshqa variant «yorilib ketgan».
Asl matnda bu yerda ikkita so‘z qo‘llanilgan bo‘lib, biri «oyoqlar uchun kunda», ikkinchisi «bosh va qo‘llar uchun kunda» ma’nosini anglatishi mumkin.