Yuhanno 10:1-42
10 «Ishonavering, kimki qo‘y qo‘rasiga eshik orqali emas, boshqa joydan kirsa, u o‘g‘ri va bosqinchi+.
2 Eshik orqali kirgan esa cho‘pondir+.
3 Darvozabon unga eshikni ochib beradi+ va qo‘ylar uning ovoziga quloq soladi+. U qo‘ylarini nomma-nom chaqirib, tashqariga olib chiqadi.
4 Tashqariga olib chiqayotib, ularning oldida boradi. Qo‘ylar ham uning orqasidan ergashadi, chunki ular uni ovozidan taniydi.
5 Ular begonaning ketidan bormaydi, aksincha, undan qochadi, sababi qo‘ylar begonalarning ovozini tanimaydi».
6 Iso ularga bu misolni keltirganida, ular tushunishmadi.
7 Shuning uchun Iso yana so‘zida davom etdi: «Ishonavering, men qo‘ylar uchun eshikman+.
8 Qalbaki ravishda mening nomimdan kelganlarning barchasi o‘g‘ri va bosqinchidir. Ammo qo‘ylar ularga quloq solmaydi.
9 Men eshikman. Men orqali kirgan, qutqariladi. U kiradi, chiqadi va yaylov ham topadi+.
10 O‘g‘ri faqat o‘g‘irlash, o‘ldirish va yo‘q qilish uchun keladi+. Men esa qo‘ylar yashashi, abadiy hayotga ega bo‘lishi uchun keldim.
11 Men yaxshi cho‘ponman+. Yaxshi cho‘pon qo‘ylari uchun o‘z jonini* ham ayamaydi+.
12 Yollanma ishchi cho‘pon bo‘lmagani va qo‘ylarning egasi emasligi sabab, bo‘ri kelayotganini ko‘rsa ularni tashlab qochib ketadi. Shunda bo‘ri qo‘ylarga tashlanib, ularni tumtaraqay qiladi.
13 Bu odam yollangan bo‘lgani uchun shunday qiladi. U qo‘ylarning g‘amini yemaydi.
14 Men yaxshi cho‘ponman. Men qo‘ylarimni, qo‘ylarim esa meni taniydi+.
15 Xuddi shunday Otam meni, men esa Otamni bilaman+. Men qo‘ylarim uchun o‘z jonimni* bag‘ishlayman+.
16 Bu qo‘radan bo‘lmagan boshqa qo‘ylarim ham bor+. Ularni ham olib kelishim kerak. Ular mening ovozimni eshitadi va bir suruv hamda bir cho‘pon bo‘ladi+.
17 Otam meni sevadi+, negaki men o‘z jonimni* qaytarib olish uchun uni beryapman+.
18 Hech kim jonimni mendan tortib olayotgani yo‘q, balki men o‘zim uni beryapman. Uni berishga ham, qaytarib olishga ham huquqim bor+. Otam menga shunday amr etgan».
19 Bu so‘zlar tufayli yahudiylarning orasida yana bo‘linish yuzaga keldi+.
20 Ulardan ko‘plari: «Bu odamni jin urgan, u aqldan ozgan. Nega uni tinglayapsizlar?» — deb aytishardi.
21 Boshqalar esa: «Jin urganda, bunaqa gapirmasdi. Axir jin ko‘rlarning ko‘zlarini ocha olarmidi?» — deyishardi.
22 O‘sha vaqtda Quddusda Bag‘ishlash bayrami* o‘tkazilayotgan edi. Qish fasli edi.
23 Iso ma’badda Sulaymon ravoqida+ aylanib yurardi.
24 Shu payt yahudiylar uni o‘rab olib, unga shunday deya boshlashdi: «Qachongacha bizga to‘g‘risini aytmay yurasan? Masih bo‘lsang, ochig‘ini ayt».
25 Iso ularga javoban dedi: «Men sizlarga aytdim, lekin sizlar ishonmayapsizlar. Otam nomidan sodir etayotgan ishlarim men haqimda shohidlik bermoqda+.
26 Ammo sizlar ishonmayapsizlar, boisi mening qo‘ylarimdan emassizlar+.
27 Qo‘ylarim ovozimga quloq soladi. Men ularni bilaman va ular orqamdan ergashyapti+.
28 Men ularga abadiy hayotni ato etaman+ va ular aslo halok bo‘lmaydi. Hech kim ularni mening qo‘limdan tortib ololmaydi+.
29 Otam menga bergan odamlar barcha narsadan a’loroqdir. Otamning qo‘lidan ularni hech kim o‘g‘irlay olmaydi+.
30 Men bilan Otam — birmiz»+.
31 So‘ng ayrim yahudiylar uni yana toshbo‘ron qilmoqchi bo‘lishdi.
32 Shunda Iso ularga dedi: «Men Otam nomidan sizlarga ko‘p ezgu ishlarni ko‘rsatdim. Bu ishlarning qaysi biri uchun meni toshbo‘ron qilmoqchisizlar?»
33 Ular esa: «Xayrli ishlaring uchun emas, Allohni haqorat qilganing uchun toshbo‘ron qilmoqchimiz+. Sen oddiy inson bo‘la turib, o‘zingni xudo qilib ko‘rsatyapsan-ku»,— deyishdi.
34 Iso shunday javob qaytardi: «Axir Qonuningizda: “O‘zim aytdim: sizlar xudolarsiz*+”,— deb yozilmaganmi?
35 Modomiki Alloh, O‘z kalomi orqali qoralagan kishilarni “xudolar”+ degan ekan va Muqaddas Yozuvlarni man etib bo‘lmas ekan,
36 muqaddas qilib dunyoga yuborilgan meni, “Xudoning O‘g‘liman”+ deganim uchun “Allohni haqoratlayapsan” deyapsizlarmi?
37 Agar Otamning ishlarini qilmayotgan bo‘lsam, menga ishonmanglar.
38 Agar Uning ishlarini qilayotgan bo‘lsam, menga ishonmasangiz ham, bajarayotgan ishlarimga ishoning+. Shunda Otam men bilan, men esa Otam bilan birlikda+ ekanimni bilib, tushunib olasizlar».
39 Shundan so‘ng ular yana Isoni ushlamoqchi bo‘lishdi, ammo u ulardan qochib qutuldi.
40 Keyin Iso Iordan daryosining narigi qirg‘og‘iga, ilgari Yahyo xalqni suvga cho‘mdirgan joyga+ ketdi va o‘sha yerda qoldi.
41 Uning oldiga ko‘p odamlar kelib: «Garchi Yahyo birorta mo‘jiza qilmagan bo‘lsa-da, uning bu odam haqida aytgan barcha gaplari to‘g‘ri chiqdi»+,— deyishardi.
42 Xullas, o‘sha yerda ko‘plar unga ishondi.