Yuhanno 17:1-26

  • Isoning havoriylari bilan so‘nggi ibodati (1-26)

    • Xudoni tanib-bilish abadiy hayot demakdir (3)

    • Masihning izdoshlari dunyoga tegishli emas (14-16)

    • «Sening kaloming — haqiqat» (17)

    • «Ismingni ularga ma’lum qildim» (26)

17  Ushbu so‘zlarni aytgach, Iso ko‘zini osmonga tikib, dedi: «Ota, vaqt-soat keldi. O‘z o‘g‘lingni ulug‘la, toki o‘g‘ling ham Seni ulug‘lasin+.  Sen unga bergan kishilarning bariga+ abadiy hayotni ato etsin deya+, unga butun insoniyat ustidan hokimlikni berding+.  Abadiy hayotga ega bo‘lish uchun+, Seni — tanho haq Xudoni+ va Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilish kerak+.  Sen menga topshirgan ishni nihoyasiga yetkazib+, yer yuzida Seni sharafladim+.  Endi bo‘lsa Otajon, dunyo yaratilishidan avval oldingda ega bo‘lgan sharafni menga yana ato etgin+.  Dunyodan tanlab olib, menga bergan odamlaringga ismingni oshkor etdim+. Ular Seniki edi va Sen ularni menga berding. Ular esa Sening so‘zingga rioya qilishyapti.  Menga bergan hamma narsalaring Sendan ekanini ular endi bilib olishdi.  Zero menga bergan so‘zlaringni ularga yetkazdim+ va ular qabul qilishdi. Ular men Sening vakiling ekanimni chinakamiga anglashdi+ va meni Sen yuborganingga ishonishdi+.  Men ular uchun iltimos qilaman. Dunyo uchun emas, balki Sen menga bergan kishilar uchun so‘rayman. Chunki ular Senikidir 10  va menda bori Senikidir, Seniki esa menikidir+. Men ular orasida ulug‘landim. 11  Bundan buyon men dunyoda bo‘lmayman, Sening yoningga ketyapman, ular esa dunyoda qolyaptilar+. Ey muqaddas Otam, ular ham biz kabi bir bo‘lishlari uchun+, menga bergan noming haqqi ularni himoyalagin+. 12  Men ular bilan bo‘lganimda, menga bergan noming haqqi ularni himoyalagan edim+. Muqaddas Yozuvlardagi so‘zlar bajo bo‘lsin deb+, halokatga yo‘liqadigan kishidan bo‘lak+ hech biri nobud bo‘lmadi+, ularni asradim. 13  Ammo endi Sening oldingga ketyapman. Hamon dunyoda ekanman, bularni aytyapman, toki menda bor bo‘lgan quvonchni ular to‘laligicha his etishsin+. 14  Sening kalomingni ularga berdim, ammo dunyo ulardan nafratlandi. Boisi, men dunyoga tegishli bo‘lmaganim kabi, ular ham dunyoga tegishli emas+. 15  Ularni dunyodan olishingni emas, balki Shaytondan* himoyalashingni iltimos qilaman+. 16  Men dunyoga tegishli bo‘lmaganim singari+, ular ham dunyoga tegishli emas+. 17  Ularni haqiqat yordamida muqaddas qilgin+. Sening kaloming — haqiqat+. 18  Sen meni dunyoga yuborganingdek, men ham ularni dunyoga yubordim+. 19  Haqiqat yordamida muqaddas bo‘lishsin deya, ular uchun o‘zimni muqaddas saqlayapman. 20  Men faqatgina ular uchun emas, balki ularning so‘zi tufayli menga ishonadigan kishilar uchun ham iltimos qilaman: 21  hammalari bir bo‘lishsin+. Otajon, Sen men bilan, men esa Sen bilan birlikda bo‘lganimiz kabi+, ular ham biz bilan birlikda bo‘lishsin. Shu tariqa dunyo meni Sen yuborganingga ishonsin. 22  Ular biz singari bir bo‘lishsin deb+, Sen menga bergan ulug‘vorlikni ularga ham berdim. 23  Men ular bilan birlikdaman va Sen men bilan birlikdasan. Ular ham chinakamiga birlikda bo‘lishsin, toki dunyo, meni Sen yuborganingga va meni sevganingdek, ularni ham sevishingni anglasin. 24  Otajon, Sen menga bergan kishilar uchun so‘ramoqchiman. Men qayerda bo‘lsam, ular ham o‘sha yerda bo‘lishini+ va Sen menga bergan ulug‘vorlikni ko‘rishini istayman. Zero dunyoga asos solinishidan avval Sen meni sevgansan+. 25  Ey odil Otam, dunyo aslida Seni bilmaydi+, lekin men Seni bilaman+. Meni Sen yuborganingdan ular xabardor. 26  Men ismingni ularga ma’lum qildim va yana ma’lum qilaman+, toki meni qanday sevgan bo‘lsang, ular ham shunday sevgini namoyon etishsin va men ular bilan birlikda bo‘layin»+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «yovuzdan».