Oziq-ovqatni saqlashning va sog‘lom ovqatlanishning yettita siri
Nimalar yeyishimiz nega muhim?
Sog‘lig‘ingiz qisman nima yeyishingizga bog‘liq. Oziq-ovqatni to‘g‘ri saqlab, sog‘lom ovqatlansangiz, sog‘ligingizni yaxshilay olishingiz mumkin. Sifatsiz yonilg‘i tufayli mashina bilan nosozliklar kelib chiqqanidek, oziq-ovqatlarni noto‘g‘ri saqlasak yoki foydali bo‘lmagan oziq-ovqatlardan iste’mol qilsak, bu jiddiy sog‘liq muammolariga olib keladi. Muammolar shu zahotiyoq paydo bo‘lmasligi mumkin, lekin bir kun kelib albatta yuzaga chiqadi. (Galatiyaliklarga 6:7)
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ta’kidlashicha, dunyodagi har bir mamlakatda noto‘g‘ri ovqatlanishning bir yoki undan ko‘proq turi kuzatiladi. Bu nafaqat yetarlicha ovqatlanmaslikni, balki ortiqcha vaznga ega bo‘lishni ham o‘z ichiga oladi. Tez-tez nosog‘lom yeb-ichish dastidan kishi yurak kasalligi, insult, qandli diabet va saratonga chalinish xavfiga yo‘liqadi. Bir tadqiqotga ko‘ra, noto‘g‘ri ovqatlanish birgina 2017-yilning o‘zida kamida 11 million odamning o‘limiga sabab bo‘lgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hisobotiga ko‘ra, aynigan oziq-ovqat har kuni mingdan oshiq odamning hayotiga zomin bo‘ladi va yuz millionlab sog‘liq muammolariga yetaklaydi.
Muqaddas Kitobdagi prinsiplar nega bu masalaga jiddiy yondashishimiz kerakligini tushunishimizga ko‘maklashyapti. Unga ko‘ra, Alloh hayot manbaidir. (Zabur 36:9) Hayot hadyadir, o‘zimiz-u oilamizdagilarning sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik qilish orqali uning qadriga yetayotganimizni ko‘rsatamiz. Keling, buni qanday qilishimiz mumkinligini bilib olaylik.
Oziq-ovqatni saqlashning to‘rtta siri
1. Ovqatni to‘g‘ri tayyorlash.
Nega bunday qilish kerak? Aynigan oziq-ovqat hamda suvda zararli mikroblar a bo‘ladi va ular ichimizga kirganida, bizni kasal qilishi mumkin.
Sog‘liq sohasidagi mutaxassislar quyidagi tavsiyalarni aytmoqda:
Ovqat tayyorlashdan avval qo‘llaringizni sovunlab suv bilan yuving b. Qo‘llaringizni kamida 20 soniya davomida ishqalang, qo‘l kaftlarining ust va past tomonini, barmoqlaringizning ora-churalarini va tirnoq taglarini ham unutmang. So‘ng ularni chayib, yaxshilab quriting.
Taxtakachlarni, idishlarni va oziq-ovqat uchun ishlatiladigan har qanday narsani sovun va suv bilan yuving. Bundan tashqari, pishiriladigan va pishirilmaydigan oziq-ovqat uchun alohida taxtakachlardan foydalaning.
Barcha mevalar-u sabzavotlarni yuving. Qolaversa, siz yashaydigan hududda ular o‘g‘it bilan sug‘orilsa, ularni dezinfeksiyalang.
2. Xom va pishirilgan oziq-ovqatni alohida saqlash.
Nega bunday qilish kerak? Xom oziq-ovqat mahsulotlaridagi, masalan, go‘sht va uning suvlaridagi mikroblar boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ifloslaydi.
Sog‘liq sohasidagi mutaxassislar quyidagi tavsiyalarni aytmoqda:
Bozordan kelayotganda yoki oziq-ovqatlarni joylashtirayotganda, xom oziq-ovqatni, ayniqsa, go‘shtlarni tayyoridan ajratib qo‘ying.
Boshqa oziq-ovqatni to‘g‘rashdan oldin, qo‘lingizni, pichoqni va taxtakachni yaxshilab yuving.
3. Pishirmoqchi bo‘lgan mahsulotlar yaxshilab pishganiga amin bo‘lish.
Nega bunday qilish kerak? Oziq-ovqatlar yetarlicha yuqori haroratda pishirilsagina, zararli mikroblar o‘ladi.
Sog‘liq sohasidagi mutaxassislar quyidagi tavsiyalarni aytmoqda:
Oziq-ovqatni yuqori haroratda tayyorlang. Ovqat, jumladan, go‘sht pishishi uchun Syelsiy bo‘yicha 70 darajada kamida 30 soniya davomida tayyorlanishi lozim.
Suyuq taomlarni qaynating.
Oldin tayyorlangan ovqatni yemoqchi bo‘lsangiz, uni issiq va bug‘ chiqadigan holatgacha isiting.
4. Oziq-ovqatni yetarlicha haroratda saqlash.
Nega bunday qilish kerak? Agar oziq-ovqat Syelsiy bo‘yicha 5dan 60 daraja haroratda saqlansa, atigi 20 daqiqa ichida undagi bakteriya soni ikki martaga ko‘payadi. Ustiga-ustak, xom go‘sht to‘g‘ri haroratda saqlanmasa, ba’zi bakteriyalar zaharli moddalar chiqarishi mumkin va ular hatto go‘sht pishirilganida ham yo‘q bo‘lib ketmaydi.
Sog‘liq sohasidagi mutaxassislar quyidagi tavsiyalarni aytmoqda:
Oziq-ovqatni issiq yoki sovuq holda saqlash lozim; iliq bo‘lmasligi kerak. Shunda, mikroblarning ko‘payish jarayoni sekinlashadi yoki hatto to‘xtaydi.
Hech qachon oziq-ovqatni xona haroratida 2 soatdan oshiq vaqtga qoldirmang yoki xona harorati Syelsiy bo‘yicha 32 darajadan yuqori bo‘lsa, uni bir soatdan oshiqroq vaqtga qoldirmang.
Ovqat tayyor bo‘lgach, uni suzishdan avval issiq holatda saqlang.
Sog‘lom ovqatlanishning uchta siri
1. Har kuni turli meva va sabzavotlarni iste’mol qiling.
Meva hamda sabzavotlar yaxshi sog‘liq uchun kerak bo‘ladigan vitamin, mineral va boshqa muhim moddalarning asosiy manbaidir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumot berishicha, tanamiz har kuni kamida besh xil meva va sabzavotga muhtoj. Tarkibiga kraxmal kirgan sabzavotlar, masalan, kartoshka bundan istisno.
2. Yog‘ va moylarni me’yorida iste’mol qiling.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga ko‘ra, qovurilgan, yarim tayyor va konservalangan yoki sifati past mahsulotlardan tayyorlangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilishni chegaralashingiz lozim. Chunki ularda ko‘pincha sog‘liq uchun zararli yog‘lar bor. Iloji bo‘lsa, to‘yinmagan o‘simlik moylaridan foydalaning c. Bu moylar to‘yingan yog‘larga qaraganda ancha foydaliroq.
3. Tuz va shakarni kamroq iste’mol qiling.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yoshi katta kishilarga kuniga bir choy qoshiqdan kamroq tuz iste’mol qilishni tavsiya qiladi. Shuningdek, kuniga 12 choy qoshiqdan kamroq tabiiy shakar iste’mol qilishni tavsiya etmoqda d. Shakar ko‘p yarim tayyor va konserva qilingan oziq-ovqat va ichimliklar tarkibiga kiruvchi asosiy mahsulot hisoblanadi. Masalan, 355 millilitrli salqin ichimlikda, o‘rtacha hisobda 10 choy qoshiqqacha shakar bo‘ladi. Salqin ichimliklarda ko‘p kaloriya bo‘lishiga qaramay, ular kam foydali yoki umuman foydasiz.
Muqaddas Kitobda shunday deb aytilgan: «Zakovatli inson xavfni ko‘rib yashirinadi, tajribasiz esa olg‘a qadam bosib jazosini tortadi». (Hikmatlar 22:3) Oziq-ovqat masalasida zakovatli insonday yo‘l tutsangiz va kerakli har qanday o‘zgarishni kiritsangiz, hayot va sog‘liq uchun Xudodan minnatdor ekaningizni ko‘rsatasiz.
Keng tarqalgan noto‘g‘ri tushunchalar
Noto‘g‘ri tushuncha: oziq-ovqatning ko‘rinishi, hidi va ta’mi yaxshi bo‘lsa, uni yeyish mumkin.
Fakt: bir litr suvni xira qilish uchun 10 milliarddan ziyod bakteriya yetarli bo‘ladi, ammo atigi 15tadan 20tagacha xavfli bakteriya sizni kasal qilishi mumkin. Oziq-ovqat va ichimlik xavfsiz ekaniga amin bo‘lish uchun, ularni tayyorlash, iste’mol qilish va saqlash uchun tavsiya etilgan harorat hamda vaqt davomiyligiga amal qiling.
Noto‘g‘ri tushuncha: pashshalarning oziq-ovqatga zarari yo‘q.
Fakt: pashshalar axlat, masalan, go‘ng bilan oziqlanadi va o‘sha yerda ko‘payadi. Shu bois, ular oyoqlarida kasallik qo‘zg‘atuvchi millionlab mikroblarni tashib yuradi. Tayyor ovqatni pashsha ifloslamasligi uchun uning ustini butunlay yoping.
Noto‘g‘ri tushuncha: uzoq vaqtdan beri nosog‘lom ovqatlarni yeb yuraman, shuning uchun o‘zgarishlar kiritishimning foydasi yo‘q.
Fakt: tadqiqotchilarning aytishicha, hozirdan sog‘lom ovqatlansangiz, hayotdan barvaqt ko‘z yumish xavfi kamayadi va ko‘proq to‘g‘ri ovqatlanganingiz sayin buning afzal tomonlarini ko‘rasiz.
a Mikroblar, ya’ni mikroorganizmlar shunchalik kichkinaki, ularni oddiy ko‘z bilan ko‘rishning imkoni yo‘q. Ular qatoriga bakteriya, virus va parazitlar kiradi. To‘g‘ri, ba’zi mikroorganizmlar foydali, biroq zararlilari bizga ziyon yetkazishi, hattoki o‘ldirishi mumkin.
b Sovun bilan suv ko‘proq mikroblarni o‘ldiradi.
c To‘yinmagan yog‘lar xona haroratida qattiq emas, balki suyuq holatda bo‘ladi.
d Tabiiy shakar to‘yingan va qayta ishlangan shakarni, masalan, oddiy oq shakar, asal, sirop va meva sharbatlarini o‘z ichiga oladi. Meva-yu sabzavotlardagi va sutdagi shakar bunga kirmaydi.