Spirtli ichimliklar. Qay yo‘sin o‘zimni tiya olaman?
Ba’zilar siqilganda, yolg‘izlikni his qilganda yoki shunchaki zerikkanda spirtli ichimliklarni ko‘proq iste’mol qilishadi. Xo‘sh, siz ham avvalgiga qaraganda hozir ko‘proq ichyapsizmi? Bunday bo‘lsa, qanday qilib haddan ziyod ichib qo‘ymaslik yoki spirtli ichimliklarga qaram bo‘lib qolmaslik mumkin? O‘zimizni nazorat qilishga ko‘maklashadigan amaliy maslahatlarni ko‘rib chiqaylik.
Chegarani bilish
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Sharobga ruju qo‘yganlarga... qo‘shilma». (Hikmatlar 23:20)
O‘ylab ko‘ring. Muqaddas Kitobda spirtli ichimliklarni me’yorida iste’mol qilish qoralanmagan. (Voiz 9:7) Lekin ularni ichish, ko‘proq ichib qo‘yish va mukkasidan ketish orasida farq borligi ko‘rsatilgan. (Luqo 21:34; Efesliklarga 5:18; Titusga 2:3) Bu hatto ruju qo‘yishga yetaklamasa ham, haddan ziyod ichish noto‘g‘ri qarorlar chiqarishga, sog‘likka ziyon keltirishga yoki boshqalar bilan munosabatlar yomonlashishiga olib kelishi hech gap emas. (Hikmatlar 23:29, 30)
Ko‘p tadqiqotchilarning fikricha, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish keltirib chiqaradigan xavfni yuqori va past darajaga ajratish mumkin. Ko‘pincha hammasi inson kuniga va haftasiga qancha spirtli ichimlik iste’mol qilishiga bog‘liq a. Biroq spirtli ichimliklar hammaga har xil ta’sir qiladi va ba’zan ularni umuman ichmaslik eng yaxshi qaror bo‘ladi. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti quyidagicha ma’lumot berdi:
«Hatto bir yoki ikki qultum xavfli bo‘lishi mumkin, masalan:
mashina haydaganda yoki texnika bilan ishlaganda,
homilador bo‘lganda yoki bola emizganda,
muayyan dori-darmonlar iste’mol qilganda,
muayyan sog‘lik holatida,
ichimlik iste’mol qilishni nazorat qila olmaganda».
Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishning belgilari
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Yo‘llarimizni tekshirib, diqqat bilan ko‘zdan kechiraylik». (Yeremiyoning marsiyasi 3:40)
O‘ylab ko‘ring. Ichimliklarni iste’mol qilish odatlaringizni doimo tekshirib tursangiz va kerak bo‘lganda, ularni o‘zgartirsangiz, ichkilikning zararli oqibatlaridan himoyalana olasiz. Nazorat yo‘qolganini ko‘rsatuvchi quyidagi belgilarga diqqat qarating:
Baxtli bo‘lish uchun ichimliksiz tura olmaysiz. Dam olish, bemalol suhbatlashish yoki kayfiyatni ko‘tarish uchun albatta spirtli ichimliklar kerak, deb bilasiz. Ichkilik bilan muammolardan qochmoqchisiz.
Avvalgiga qaraganda hozir ko‘proq ichyapsiz. Tez-tez ichyapsiz. Kuchliroq ichimliklarni iste’mol qilyapsiz va o‘sha-o‘sha natijani his eta olish uchun avvalgiga qaraganda hozir ko‘proq ichyapsiz.
Ichkilik muammolar tug‘diryapti, masalan, uyda yoki ishxonada. Misol uchun, sharoitingiz yo‘l qo‘ymasa ham spirtli ichimliklarga ko‘proq pul sarflayotgandirsiz.
Ichgandan keyin hayotingizni xavf ostiga qo‘yasiz, masalan, mashina haydaysiz, suzishga borasiz yoki texnika bilan ishlaysiz.
Ichkilik masalasida boshqalar sizga maslahat beryapti. Ular bunday qilishsa, o‘zingizni oqlashga tushasiz. Ichayotganingizni yashirishga intilasiz yoki aslida qancha ichayotganingiz haqida aldaysiz.
Chek qo‘ya olmayapsiz. Kamroq ichishga yoki umuman ichmaslikka urindingiz, lekin hammasi behuda.
O‘zimizni tiyishga qo‘l keladigan beshta maslahat
1. Reja tuzing.
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Tirishqoqning rejalari muvaffaqiyat keltiradi». (Hikmatlar 21:5)
Qilib ko‘ring. Hafta orasida ichmoqchi bo‘lgan kunlarni belgilang. O‘sha kunlari ichmoqchi bo‘lgan ichimliklarning miqdorini aniqlang. Har hafta kamida ikki kun umuman ichmaslikka harakat qiling.
Buyuk Britaniyadagi ilmiy bir tashkilot: «Spirtli ichimliklar quliga aylanib qolmaslikning eng yaxshi yo‘li — muntazam ravishda ulardan dam oladigan kunlar uyushtirish»,— deb maslahat bermoqda.
2. Rejaga amal qiling.
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Boshlab qo‘ygan bu ishingizni... bitirishga harakat qilinglar». (2 Korinfliklarga 8:11)
Qilib ko‘ring. Spirtli ichimliklarning standart miqdorini bilib oling. Bu tufayli, siz uchun qaysi miqdor evida bo‘lishini aniqlay olasiz. Siz yoqtiradigan spirtli ichimliklarning o‘rniga foydali ichimliklarni toping va spirtsiz ichimliklar qo‘l ostingizda bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qiling.
Ichkilikka qaram bo‘lish borasida tadqiqotlar o‘tkazadigan Milliy institut (AQSH): «Spirtli ichimliklar dastidan paydo bo‘lgan muammolarni, hatto odatlarga kichik o‘zgarishlar kiritib ham kamaytirish mumkin»,— deb ma’lumot bermoqda.
3. Qarordan qaytmang.
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «“Ha” degan so‘zingiz “ha” bo‘lsin, “yo‘q” degan so‘zingiz “yo‘q” bo‘lsin». (Yoqub 5:12)
Qilib ko‘ring. Rejangizga zid bo‘lgan barcha takliflarga xushmuomala, lekin qat’iyan «yo‘q», deb aytishga tayyor bo‘ling.
Ichkilikka qaram bo‘lish borasida tadqiqotlar o‘tkazadigan Milliy institut (AQSH) tomonidan quyidagicha ma’lumot berilmoqda: «Bunday takliflarga qanchalik tez “yo‘q”, deb aytsangiz, ularni qabul qilish vasvasasi shunchalik susayadi».
4. Foydasiga ko‘z tiking.
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Ishning oxiri boshlanishidan afzalroq». (Voiz 7:8)
Qilib ko‘ring. Spirtli ichimliklar borasida o‘zingizni nazorat qilmoqchi ekaningizning sabablarini yozib qo‘ying. Uyqu, sog‘lik, xarajat va boshqalar bilan munosabatlar kabi omillar bo‘lishi mumkin. Boshqalar bilan qaroringiz haqida gaplashganda, qiyinchiliklarga emas, foydali tomonlarga diqqat qarating.
5. Allohdan yordam so‘rang.
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Meni qo‘llab-quvvatlayotganning madadi bilan har narsani qila olaman». (Filippiliklarga 4:13)
Qilib ko‘ring. Ichkilik odatlaringiz masalasida tashvishlanayotgan bo‘lsangiz, Xudodan yordam so‘rang. Undan kuch va o‘zingizni tuta bilishingizga yordam berishini so‘rang b. Qolaversa, Uning Kalomi Muqaddas Kitobdan amaliy maslahatlarni topish uchun vaqt ajrating. Xudoning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘zingizni nazorat qila olishingiz mumkin.
a Masalan, AQSH sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, «ayollar uchun kuniga 4 va undan ko‘proq miqdorda, haftasiga esa 8 va undan ko‘proq miqdorda, erkaklar uchun kuniga 5 va undan ko‘proq miqdorda, haftasiga esa 15 va undan ko‘proq miqdorda spirtli ichimlik ichish» yuqori darajada xavf tug‘diradi. Turli mamlakatlarda spirtli ichimliklarning standart miqdori turlicha belgilanadi. Shu bois, aynan siz uchun qancha ichish xavfsiz bo‘lishini aniqlash uchun shifokor bilan maslahatlashing.
b Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish borasida o‘zingizni nazorat qila olmayotgan bo‘lsangiz, mutaxassislarga ham murojaat qiling.