Xalqni suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo payg‘ambar chindan ham mavjud bo‘lganmi?
Allohning Kalomida Yahudiya bo‘ylab Xudoning Shohligi haqida va’z qilib, xalqni suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo payg‘ambar tilga olingan. U haqidagi Muqaddas Kitobning bayonoti aniqmi? Keling, quyidagi dalillarni ko‘rib chiqaylik:
Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Odamlarni suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo Yahudiya cho‘liga kelib, shunday deya va’z qila boshladi: “Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi”». (Matto 3:1, 2) Mazkur so‘zlar tarixiy manbalar tomonidan tasdiqlanganmi? Ha.
Masalan, birinchi asr tarixchisi Iosif Flaviy «xalqni suvga cho‘mdirib yurgan inson deb tanilgan Yahyo»ni «yahudiylarni odillik yo‘lidan yurishga, xudojo‘y bo‘lishga va suvga cho‘mishga» chorlagan kishi sifatida tasvirlaydi. («Jewish Antiquities, Book XVIII»)
Muqaddas Kitobda yozilishicha, Yahyo payg‘ambar Jalila va Pereyada viloyat hokimi bo‘lgan Hirod Antipaga tanbeh bergan. Gap shundaki, Hirod o‘zini Tavrotga tobe bo‘lgan yahudiy deb bilgan. Yahyo uni akasining xotini Hirodiyaga uylangani uchun tanqid qilgan. (Mark 6:18) Bu chindan ham shunday bo‘lganini Muqaddas Kitobdan tashqari boshqa manbalar ham tasdiqlaydi.
Tarixchi Iosif Flaviyning aytishicha, Antipa «Hirodiyani sevib qoladi» va «surbetlarcha unga xotini bo‘lishni taklif qiladi». Hirodiya uning taklifini qabul qiladi va Antipaga turmushga chiqish uchun erini tashlab ketadi.
Muqaddas Kitobda quyidagicha yozilgan: «Butun Yahudiya va Iordan daryosining bo‘yida yashovchilar uning yoniga kelib, Iordanda suvga cho‘mishar va gunohlarini ochiqchasiga tan olishardi». (Matto 3:5, 6)
Tarixchi Iosif Flaviy ham ushbu ma’lumotni tasdiqlab, odamlar Yahyoni ko‘rish uchun oldiga «to‘da bo‘lib» kelishgani va «uning va’zlaridan g‘oyat darajada ruhlanishgani» haqida yozadi.
Aniq-ravshanki, birinchi asr tarixchisi Iosif Flaviy xalqni suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo payg‘ambar chindan ham mavjud bo‘lganiga amin edi. Biz ham bunga ishonishimiz mumkin.