HAYOT TARZIMIZ
Qutlug‘ Kechlikka tayyormisiz?
Iso nishonlagan so‘nggi Fisih bayrami o‘zgacha bo‘lishi kerak edi. O‘limi yaqinlashib qolgani uchun u Fisih taomini havoriylari bilan yeyishni va har yili o‘tkaziladigan «Hazratimizning kechlik taomi» nomli yangi marosimni joriy etishni rejalashtirgandi. Shunga u Butrus bilan Yuhannoni xonani tayyorlash uchun yuborgan edi. (Lq 22:7–13; muqovadagi rasmga qarang.) Bu bizga 27-mart kuni bo‘lib o‘tadigan Qutlug‘ Kechlikka tayyorgarlik ko‘rish lozimligini eslatyapti. Jamoatlar ma’ruzachi, ramzlar va marosim bilan bog‘liq boshqa chora-tadbirlarni rejalashtirishlari kerak bo‘lar. Ammo shaxsan biz Qutlug‘ Kechlikka tayyor bo‘lishimiz uchun nima qilsak bo‘ladi?
Qalbingizni tayyorlang. Qutlug‘ Kechlik arafasida o‘qiladigan oyatlarni mutolaa qilib, ular ustida mulohaza yuriting. Qaysi oyatlarni o‘qish kerakligini «Muqaddas Yozuvlarni kunda o‘rganamiz» risolasidan topsangiz bo‘ladi. Oyatlarning batafsil jadvali esa «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»dagi ilovaning B12 mavzusida keltirilgan. (Shuningdek, «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi»ning 2020-yil aprel soniga qarang.) Oilaviy topinishda to‘lovning muhimligi haqidagi ma’lumotni ko‘rib chiqmoqchi bo‘lsangiz, «Qo‘riqchi Minorasi Jamiyati nashrlarining ko‘rsatkichi» yoki «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borishi uchun qo‘llanma»ga murojaat qilishingiz mumkin.
Boshqalarni taklif qiling. Qutlug‘ Kechlikka taklif qilish kampaniyasida to‘liq ishtirok eting. Kimlarni taklif qilishingiz mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring. Bu siz takroriy tashrif qilayotgan kishilar, avval tadqiq o‘tgan insonlar, tanishlaringiz yoki qarindoshlaringiz bo‘lishi mumkin. Oqsoqollar esa barcha faoliyatsiz va’zgo‘ylar taklif qilinganiga amin bo‘lishlari kerak. Bordi-yu, yuqorida tilga olinganlardan kimdir sizning hududingizda yashamasa, jw.org saytining bosh sahifasida joylashgan «BIZ HAQIMIZDA» turkumi ostidagi «Qutlug‘ Kechlik» sarlavhasiga kirib, Qutlug‘ Kechlik u yashaydigan hududda qayerda va qachon o‘tkazilishini bilib olsangiz bo‘ladi.