Asosiy materiallarga o‘tish

OILA UCHUN YORDAM

Bolangiz yaxshiroq o‘qishiga qay yo‘sin yordam bera olasiz?

Bolangiz yaxshiroq o‘qishiga qay yo‘sin yordam bera olasiz?

Aytaylik, farzandingiz maktabda o‘qishni va darslarini qilishni istamayapti. Natijada nima bo‘ladi? Baholari bundan ham battar bo‘lib, xulq-atvori yomonlashib boradi. Xo‘sh, bolangiz yaxshiroq o‘qishiga qay yo‘sin yordam bera olasiz?

 Nimani bilishingiz kerak?

Bosim tufayli muammo ko‘payadi. Bolangizga bosim o‘tkazsangiz, u nafaqat maktabda, balki uyda ham o‘zini yomon his qilishi mumkin. Oqibatda u aldashi, yomon baholarini yashirishi, kundaligida imzoingizni sohtalashtirishi yoki darslardan qochishi hech gap emas. Muammo ko‘payadi, xolos.

Mukofot kutilgan natijani bermasligi mumkin. Andre ismli bir ota shunday dedi: «Qizimizni yaxshiroq o‘qishga undamoqchi bo‘lib, yaxshi baholari uchun mukofotlardik. Oqibatda u faqat mukofot haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoldi. U yomon baho olganda, buning dastidan emas, mukofotsiz qolib ketganidan xafa bo‘lardi».

Ustozlarni ayblash foydasiz. Farzandingiz harakat qilmay ham yaxshi natijalarga erishaman deb hisoblashi mumkin. Qolaversa, u xatolari uchun boshqalarni ayblab, muammolarini o‘zgalar hal qilib berishini kutar. Boshqacha qilib aytganda, bolangiz katta hayot uchun muhim hisoblangan qobiliyatni yo‘qotadi, ya’ni harakatlari uchun javobgarlikni bo‘yniga ololmaydi.

 Nima qila olasiz?

His-tuyg‘ularingizni boshqaring. Achchig‘ingiz kelib turganda, bolangiz bilan o‘qishini muhokama qilmang. «Xotinim ikkimiz shunga amin bo‘ldikki, bolalarimiz bilan tinchlikni saqlab, hamdardlik ila gaplashsak, samaraliroq ekan»,— deb aytdi Brett ismli ota.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Har bir kishi tinglashga tayyor bo‘lsin. So‘zlashga va g‘azablanishga esa shoshilmasin». (Yoqub 1:19)

Asl muammoni aniqlang. Bolaning maktabda yomon o‘qishi tengdoshlarining masxarasi, boshqa maktabga o‘tish, imtihonlardan qo‘rqish, oilaviy muammolar, uyqu yetishmasligi, tartibsizlik yoki xayolini bir joyga jamlay olmasligi kabi sabablar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. U dangasa deb xulosa qilmang.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Aql bilan ishga yondashgan muvaffaqiyat qozonadi». (Hikmatlar 16:20)

O‘qish uchun muhit yaratib bering. Bolangiz uy yumushlarini va darslarini qilishi uchun jadval tuzing. Uning e’tiborini har xil narsalar (televizor va mobil telefoni ham) chalg‘imatsligi va u darslarini qila olishi uchun qulay sharoit yaratib bering. Bola darslarini bo‘lib-bo‘lib bajarsa, diqqatini jamlashi osonroq bo‘ladi. Germaniyadan bo‘lgan Gektor ismli ota quyidagicha dedi: «Nazorat ishlari yaqinlashib qolganda, oxirgi daqiqagacha kutmay, har kuni ma’lumotni oz-ozdan takrorlab turamiz».

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Har bir narsaning o‘z vaqti bor». (Voiz 3:1)

O‘qishga undang. Farzandingiz maktabdagi o‘qishi hozirning o‘zida unga foyda keltirayotganini anglab yetsa, o‘qishga bo‘lgan qiziqishi yanada ortadi. Misol uchun, matematikani yaxshi bilsa, unga berilayotgan pulni to‘g‘ri sarflay oladi.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Donolig-u zakovatga ega bo‘l. [...] Donolikni qadrla». (Hikmatlar 4:5, 8)

Maslahat. Bolangizga darslarini qilishga ko‘maklashing, lekin uning o‘rniga ularni qilmang. Andre shunday deb aytdi: «Qizimiz darslarini uning o‘rniga biz qilishimizni istagan, o‘zi esa aqlini ishga solmas edi». Farzandingizni darslarini o‘zi bajarishga o‘rgating.