Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Qanday qilib diqqatimni jamlay olaman?

Qanday qilib diqqatimni jamlay olaman?

 Nega diqqatimni bitta narsaga qarata olmayapman?

 «Ilgari ko‘p kitob o‘qirdim, hozir esa yo‘q. Uzundan-uzun xatboshilarini ko‘rishning o‘zi ham muammo bo‘lib qoldi». (Eleyn)

 «Agar video men xohlagan tezlikda emasligini sezsam, uni tezlashtirib ko‘raman». (Miranda)

 «Hatto muhim ish bilan band bo‘lsam ham, telefonimga xabar kelganini eshitib qolsam, boshqa narsa haqida o‘ylay olmayman. “Kim yozgan ekan?” — degan xayol tinch qo‘ymaydi». (Jeyn)

 Texnologiyalar tufayli diqqatni jamlash qobiliyati yomonlashadimi? Ba’zilar, ha deb aytar. «Internetdan qancha ko‘p foydalansak, ongimiz shunchalik ko‘p chalg‘ishga o‘rganib qoladi. U diqqatni jamlamay turib ham ma’lumotni tez va yuzaki o‘rganib chiqishga odatlanadi»,— deb yozdi Nikolas Karr ismli mutaxassis a.

 Texnologiyalar chalg‘itishi mumkin bo‘lgan uchta misolga e’tibor qarataylik.

  •   Suhbatlashayotganda. «Hatto yuzma-yuz gaplashayotganda ham, odamlar boshqalar bilan yozishib, o‘yin o‘ynab yoki ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarini o‘qib turishadi va suhbatdoshiga to‘liq e’tibor qaratishmaydi»,— deb aytdi Mariya ismli yosh ayol.

  •   Sinfda. «Aksariyat o‘quvchilarning aytishicha, ular dars paytida elektron qurilmalaridan foydalanib, mavzuga aloqasi bo‘lmagan ma’lumotni o‘qib yoki tomosha qilib o‘tirishadi»,— deb yozilgan bir kitobda. («Digital Kids»)

  •   Tadqiq qilayotganda. «Har safar telefonimdan tovush kelsa, unga qaramaslik men uchun eng qiyin narsa»,— deb aytdi 22 yoshli Kris. Agar doimo elektron qurilmalariga chalg‘isangiz, uy ishini qilishga bir soat emas, uch soat yoki undan ham ko‘proq vaqt ketadi.

 Xulosa. Agar elektron qurilmalari sizni chalg‘itishiga va nazorat qilishiga yo‘l qo‘ysangiz, diqqatingizni jamlashga rosa qiynalasiz.

Diqqatingizni bitta narsaga jamlamasangiz, ongingiz xuddi yovvoyi otday sizni boshqaradi

 Qay yo‘sin muammoni hal qila olaman?

  •   Suhbatlashayotganda. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar». (Filippiliklarga 2:4) Suhbatdoshingizni diqqat bilan tinglang. Ko‘z ila aloqa bog‘lang, elektron qurilmalariga chalg‘imang.

     «Kimdir bilan gaplashayotganda, telefoningizni qo‘lga olish vasvasasiga qarshi turing. Suhbatdoshingizga to‘liq e’tibor qaratib, uni hurmat qilayotganingizni ko‘rsating». (Tomas)

     MASLAHAT. Suhbatlashayotganingizda, telefonni uzoqroqqa olib qo‘ying. Tadqiqotlarga binoan, telefon ko‘z o‘ngingizda tursa, diqqatni jamlash qiyinroq, chunki o‘zingiz o‘ylamagan holda biron tovush kelib qoladi deb kutasiz.

  •   Sinfda. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Qanday tinglayotganingizga diqqat qilinglar». (Luqo 8:18) Bu prinsipni yodda tutgan holda, agar sinfda bo‘la turib Internetga ulanish imkoni bo‘lsa ham, diqqatingizni ta’lim olishga qaratib, xabarlarni tekshirmang, o‘yin o‘ynamang yoki kimdir bilan yozishib o‘tirmang.

     «Sinfda o‘ta diqqatli bo‘lishga intiling. Ustozning so‘zlarini yozib boring. Imkon bo‘lsa, chalg‘imaslik uchun old qatorga o‘tiring». (Karen)

     MASLAHAT. Kompyuterda emas, daftarda yozishga harakat qiling. Tadqiqotlar natijasiga binoan, shu yo‘sin kamroq chalg‘iysiz va ma’lumotni yaxshiroq eslab qolasiz.

  •   Tadqiq qilayotganda. Muqaddas Yozuvlarda: «Donolig-u zakovatga ega bo‘l»,— deyilgan. (Hikmatlar 4:5) Bunga shunchaki ma’lumotni ko‘z yugurtirib ko‘rib chiqish emas, chuqur mulohaza yuritish kiradi.

     «Tadqiq o‘tkazayotganimda, telefonimni bezovta qilmaydigan holatga o‘zgartirib, diqqatimni qilayotgan narsamga qarataman. Hech bir xabar yoki tovushga chalg‘imayman. Agar muhim biron narsa esimga kelib qolsa, uni darrov yozib qo‘yaman». (Kris)

     MASLAHAT. Tadqiq o‘tkazish uchun barcha sharoitlaringiz bo‘lsin. Tozalikka rioya qiling, hamma narsa joy-joyida bo‘lsin.

a «The Shallows—What the Internet Is Doing to Our Brains» nomli kitob.