Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Do‘stlikmi yoki oshiqlikmi? 1-qism. U chindan ham meni yaxshi ko‘radimi?

Do‘stlikmi yoki oshiqlikmi? 1-qism. U chindan ham meni yaxshi ko‘radimi?

 O‘zga jinsdagi bir insonni juda yoqtirasiz va u ham sizni yoqtirishiga aminsiz. Axir doim yozishasiz, o‘tirishlarda birgasiz va sizga yuborgan xabarlarida noz-karashma qilganday ko‘rinadi.

 U sizga nisbatan qanday his-tuyg‘ularga ega ekanini aniqlash uchun munosabatlaringizga oydinlik kiritishga qaror qilasiz. Xo‘sh, u nima deydi? «Biz shunchaki do‘stmiz, xolos».

 Nimani his qilyapsiz?

 «Ham undan, ham o‘zimdan rosa jahlim chiqqandi. Har kuni yozishardik va u men bilan qiziqardi. Unga nisbatan his-tuyg‘ular paydo bo‘ldi». (Jasmin)

 «O‘sha qiz bilan doim bir juftlikka hamroh bo‘lardik. Ba’zida bir vaqtda ikkita juftlik uchrashayotganday tuyulardi. Ikkalamiz ko‘p suhbat qurardik va keyin tez-tez yozishadigan bo‘ldik. U meni shunchaki do‘st sifatida ko‘rishini va bu vaqt davomida boshqa inson bilan uchrashganini aytganida, menga og‘ir botdi». (Richard)

 «Bir bola menga har kuni yozardi va gohida ikkalamiz ham “noz-karashma” qilardik. Unga his-tuyg‘ularim haqida aytganimda, u kulib: “Hozir hech kim bilan uchrashish niyatim yo‘q”,— dedi. O‘shanda rosa ko‘z yosh to‘kdim». (Tamara)

 Xulosa. Kim bilandir o‘zgacha munosabatlarga egaman, deb o‘ylab, keyin bu faqat sizning his-tuyg‘ularingiz ekanini bilganingizda, jahlingiz chiqishi, uyalishingiz va hatto sizga xiyonat qilishganday his etishingiz tabiiy. «Men bilan bu yuz berganda, juda yomon ahvolga tushib qoldim va bu qalbimni yaraladi. Yana kimdirga ishonishni o‘rganishim uchun vaqt kerak bo‘ldi»,— deb aytdi 20 yoshli Stiven.

 Nega bunday bo‘ladi?

 SMSlashish va ijtimoiy tarmoqlarda yozishish orqali biron kimga bog‘lanib qolish oson bo‘ladi. Aslida esa, u sizga nisbatan ishqiy tuyg‘ularga ega emas. Ba’zi yoshlar qanday fikr bildirganiga e’tibor bering.

 «Ayrimlar vaqtni “o‘ldirish” uchungina yozishi mumkin, siz esa menga qiziqish ko‘rsatyapti, deb o‘ylashingiz hech gap emas. Bordi-yu, u har kuni yozsa, u meni yoqtiradi, deb xato o‘ylashingiz turgan gap». (Jennifer)

 «Kimdir sizni yoqtirgani uchun samimiy qiziqish ko‘rsatishi, kimdir esa shunchaki gaplashish yoki o‘zining ahamiyatini ko‘rsatish uchun bunday qilishi mumkin». (Jeyms)

 «Oddiygina “xayrli tun” degan so‘zlar ishqiy tuyg‘ularga ishora qilinganday o‘qilishi mumkin-u, aslida esa bunday emas». (Xeyli)

 «Kulib turgan smaylik yuborish, noz-karashmaday qabul qilinishi mumkin. Aslida esa u shunchaki yuborilgandir. Ba’zida xabar olgan odam buni noz-karashma, deb o‘ylashi hech gap emas». (Alisiya)

 Xulosa. E’tiborni ishqiy tuyg‘ular bilan adashtirmang.

 Aytish oson dersiz! Muqaddas Kitobda: «Qalb o‘ta aldamchi va betayindir»,— deyilgan. (Yeremiyo 17:9) Buni qumda qurilgan qasrga o‘xshatsa bo‘ladi. Bu faqat sizning xayollaringiz ekanini tushunganingizda, u yo‘q bo‘lib ketadi.

 Nima qila olasiz?

  •   Ogoh bo‘ling. Barchasini taroziga solib, munosabatlaringizni tekshiring. O‘zingizga shunday savol bering: «Bu inson menga o‘zgacha munosabat qilyapti, deb o‘ylashimga asosli sabablarim bormi?» His-tuyg‘ularingiz «aqlingizni ishga solish» qobiliyatingizni bo‘g‘ib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymang. (Rimliklarga 12:1)

  •   Mulohazakor bo‘ling. O‘sha odam sizga nisbatan o‘zgacha his-tuyg‘ularga ega, deb o‘ylashingizga sabablar borday tuyular. Lekin yuz foiz amin bo‘lmasangiz, xayol surmay, yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Kimgadir nisbatan o‘zgacha his-tuyg‘ularga ega bo‘lsangiz, u ham sizga shunday munosabatda, deb xulosa qilmang.

  •   Sabrli bo‘ling. Inson ishqiy munosabatlarni rivojlantirish uchun siz bilan tanishmoqchi ekanini ochiqchasiga aytmagunicha, xom xayol surmang. Aks holda, qalbingizni qattiq yaralaysiz.

  •   Rostgo‘y bo‘ling. Muqaddas Kitobda «gapirishning ham o‘z vaqti bor»ligi to‘g‘risida aytilgan. (Voiz 3:7) Inson sizga nisbatan qanday munosabatda ekanini aniqlash niyatida, u bilan bu haqida gaplashib oling. Yoshi 21da bo‘lgan Valeriya shunday dedi: «Sizga nisbatan hech qanday his-tuyg‘ularim yo‘q, degan javobni olganda avvaliga bir oz og‘ir bo‘ladi. Lekin xayol surib, keyinchalik esa sizni hech qachon yoqtirmaganman, degan so‘zlarni eshitish yanada qattiq botadi».

 Xulosa. Hikmatlar 4:23da: «Qalbingni asra»,— deb aytilgan. Kimgadir nisbatan o‘zgacha his-tuyg‘ularga ega bo‘lsangiz, u ham sizga nisbatan shunday tuyg‘ularga egami yoki yo‘qmi bilib oling. Ungacha ishqiy his-tuyg‘ular ildiz otishiga yo‘l qo‘yish toshloq yerda o‘simlik o‘stirishdaydir.

 Kimdir sizni yoqtirishini bilsangiz va uchrashish uchun yoshingiz to‘g‘ri kelsa hamda bunga tayyor bo‘lsangiz, buyog‘iga munosabatlaringizni rivojlantirish-rivojlantirmaslik sizga bog‘liq. Unutmang, er-xotinning ma’naviy maqsadlari bir xil bo‘lsa va ular o‘zaro ochiq hamda rostgo‘y bo‘lsa, nikohi mustahkam bo‘ladi. (1 Korinfliklarga 7:39) Albatta, ular buni do‘stlikdan boshlashgan va ularning do‘stligi davom etadi. (Hikmatlar 5:18)