Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Jinsiy balog‘atga yetish davridan qanday o‘ta olaman?

Jinsiy balog‘atga yetish davridan qanday o‘ta olaman?

 «Bu davr qizlar uchun oson kechmaydi. Og‘riqli, yoqimsiz va g‘alati bo‘ladi. Xullas, hammasi yomonday tuyuladi!» (Oksana)

 «Bir daqiqa xursand bo‘lsam, yana bir daqiqa ma’yus bo‘lardim. Bilmadim, o‘g‘il bolalar bilan shunday bo‘lishi kerakmi yoki yo‘q, ammo men bunga duch keldim». (Brayn)

 Jinsiy balog‘atga yetish davri «Amerika tepaliklari» attraksioniga o‘xshaydi — bir vaqtning o‘zida ham zavq olasiz, ham qo‘rqasiz! Xo‘sh, bu davrning baland-pastliklaridan qanday o‘ta olasiz?

 Jinsiy balog‘atga yetish davri nima degani?

 Oddiy qilib aytganda, jinsiy balog‘atga yetish davri jismoniy va hissiy tarafdan katta hayotga eltadigan tezkor poezd kabidir. Bu davrda tanangiz jismonan tezda o‘sadi va gormonal o‘zgarishlar yuz berib, farzandli bo‘lishga tayyorlanasiz.

 Bu ota-ona bo‘lishga tayyorsiz degani emas. Lekin jinsiy balog‘atga yetish davri endi kichik bola emasligingizning belgisidir. Bu hayajonli, ammo bir oz qayg‘uli ham bo‘lishi mumkin.

 Savol: sizningcha, quyida keltirilgan qaysi yoshdan jinsiy balog‘atga yetish davri boshlanishi kerak?

  • 8

  • 9

  • 10

  • 11

  • 12

  • 13

  • 14

  • 15

  • 16

 Javob: mazkur yoshlarning barchasida bu davr boshlanishi o‘rinli hisoblanadi.

 Demak, yoshingiz 10dan oshgan bo‘lsa-yu, bu davr hali boshlanmagan bo‘lsa yoki 10ga kirmasingizdanoq jinsiy balog‘atga yetish davri boshlangan bo‘lsa, ortiqcha xavotirlanmang. Jinsiy balog‘atga yetish davri hammada har xil bo‘ladi va siz bu jarayonni nazorat qila olmaysiz.

Jinsiy balog‘atga yetish davri «Amerika tepaliklari» attraksioniga o‘xshaydi — bir vaqtning o‘zida ham zavq olasiz, ham qo‘rqasiz! Lekin bu davrning baland-pastliklaridan o‘ta olasiz.

 Jismoniy o‘zgarishlar

 Ehtimol, jinsiy balog‘atga yetish davrining eng ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlaridan biri jadallik bilan o‘sishdir. Muammo shundaki, tananing barcha a’zolari bir vaqtda o‘smaydi. Shunday ekan, harakatlaringiz beso‘naqay bo‘lsa, hayron qolmang. Amin bo‘lingki, vaqt o‘tib barchasi muvozanatga tushadi.

 Jinsiy balog‘atga yetish davrida bir nechta jismoniy o‘zgarishlar yuz beradi.

 Jinsiy balog‘atga yetish davri o‘g‘il bolalarda

  •   Jinsiy a’zolarning o‘sishi

  •   Qo‘ltiq, jinsiy a’zolar atrofida va yuzda tuk o‘sishi

  •   Ovoz o‘zgarishi

  •   Jinsiy olatning ko‘tarilishi va ihtilom (pollyusiya)

 Jinsiy balog‘atga yetish davri qizlarda

  •   Ko‘krak o‘sishi

  •   Qo‘ltiq va jinsiy a’zolar atrofida tuk o‘sishi

  •   Ilk bor hayz ko‘rish

 Jinsiy balog‘atga yetish davri ikkita jinsda ham

  •   Ter va bakteriyalar tufayli tanadan hid keladi.

     Maslahat: tez-tez yuvinib va dezodorant yoki antiperspirantlardan foydalanib, tanangizdan hid kelishini nazorat qila olasiz.

  •   Yog‘ bezlaridagi bakteriyalar dastidan husnbuzarlar chiqishi.

     Maslahat: garchi husnbuzarlar chiqishini nazorat qila olmasangiz-da, yuzingizni tez-tez yuvish va terini tozalaydigan vositalardan foydalanish asqatishi mumkin.

 Hissiy o‘zgarishlar

 Jinsiy balog‘atga yetishning jismoniy o‘zgarishlariga ta’sir qiluvchi gormonlarning oshishi his-tuyg‘ularingizga qattiq ta’sir qilishi mumkin. Hatto kayfyatingiz tez-tez o‘zgarishi turgan gap.

 «Bir kun yig‘laysiz, keyingi kun kulasiz. Bir daqiqa achchig‘ingiz keladi, yana bir daqiqa xonangizga kirib, tushkunlikda o‘tirasiz». (Oksana)

 Ko‘p yoshlar jinsiy balog‘atga yetish davridan o‘tayotganda, uyatchan bo‘lib qoladi. Go‘yoki hamma ularni kuzatayotganday va hukm qilayotganday tuyuladi. Tashqi ko‘rinishingiz keskin o‘zgarayotgani ham olovga yog‘ quyganday bo‘ladi!

 «O‘sayotganimda, atayin bukchayib yurardim va katta ko‘ylak kiyardim. Tanam nega o‘zgarib borayotganini tushunsam-da, o‘zimni noqulay his qilardim va uyalardim. Bu menga notabiiyday tuyulardi». (Jenis)

 Ehtimol, eng katta hissiy o‘zgarish o‘zga jinsdagi insonga boshqacha nuqtai nazar bilan qarash bo‘lishi mumkin.

 «Barcha o‘g‘il bolalar jahlni chiqaradi, deb o‘ylamay qo‘ydim. Ayrimlari hatto yoqa boshladi va sevib qolish uncha yomon emas, deb o‘yladim. “Kim kimni sevishi” haqida suhbatlashish eng qiziqarli mavzulardan biriga aylandi». (Aleksis)

 Ba’zi yoshlar jinsiy balog‘atga yetish davridan o‘tayotganda, o‘z jinsidagi odamlarni yoqtirishi mumkin. Siz bilan ham bu yuz bersa, gomoseksual moyilligim bor, deb xulosa qilmang. Ko‘p hollarda, vaqt o‘tgach, bu kabi tuyg‘ular o‘tib ketadi.

 «O‘zimni tinmay boshqa o‘g‘il bolalar bilan solishtiravergach, ularni yoqtira boshladim. Bir oz ulg‘ayib, qizlarni yoqtirmagunimcha bu holat davom etdi. Gomoseksual his-tuyg‘ular endi o‘tmishda qolib ketdi». (Alan)

 Nima qila olasiz?

  •   Ijobiy nuqtai nazarni rivojlantirishga harakat qiling. Jinsiy balog‘atga yetish davri jismoniy va hissiy o‘zgarishlar bo‘ladigan tabiiy jarayondir. Sano bastakori Dovudning quyidagi so‘zlari sizga ishonch baxsh etishi mumkin: «Naqadar hayratli, ajoyib yaratilganman». (Zabur 139:14)

  •   O‘zingizni solishtirishdan va butun diqqatingizni tashqi ko‘rinishingizga qaratishdan qoching. Muqaddas Kitobda: «Odam tashqi ko‘rinishga qaraydi, Yahova esa insonning qalbiga qaraydi»,— deb aytilgan. (1 Shohlar 16:7)

  •   Yetarlicha jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanib, dam oling. Yetarlicha uxlash tufayli kamroq jahlingiz chiqishi, kamroq stressga tushishingiz va kamroq tushkunlikda bo‘lishingiz mumkin.

  •   O‘zingiz haqingizda salbiy fikrlarga bormang. Rostdan ham barcha sizdan ko‘z uzmayaptimi? Hatto odamlar o‘sayotganingiz borasida biron nima desa ham, oldinga intiling. Muqaddas Kitobda shunday aytilgan: «Odamlarning har bir so‘zini yuragingga yaqin olaverma». (Voiz 7:21)

  •   Jinsiy istaklarga berilib ketmaslik uchun ularni nazorat qilishni o‘rganing. Muqaddas Kitobda: «Zinodan qochinglar! [...] Zino qiluvchi o‘z badaniga qarshi gunoh qilayotgan bo‘ladi»,— deb yozilgan. (1 Korinfliklarga 6:18)

  •   Ota-onangiz yoki siz ishongan yoshi katta inson bilan gaplashing. To‘g‘ri, boshida uyalishingiz mumkin. Ammo siz oladigan yordam harakat qilishingizga arziydi. (Hikmatlar 17:17)

 Xulosa: jinsiy balog‘atga yetish davrining o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Ammo ajoyib imkoniyatlari ham kam emas. Siz nafaqat jismonan, balki aqlan, hissan va ma’nan o‘sa olasiz. (1 Shohlar 2:26)