Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Kiberbullingga duch kelayotgan bo‘lsam-chi?

Kiberbullingga duch kelayotgan bo‘lsam-chi?

 Nimani bilishingiz kerak?

 Internet orqali kiberbullingga, ya’ni tahdidga duch kelish oson. Bir kitobga ko‘ra, bu «tufayli hatto yaxshi bolalar ham noto‘g‘ri ishlar qila boshlaydi. Chunki ikkinchi tarafni yuzma-yuz ko‘rmaydi». («SyberSafe»)

 Ba’zi odamlar osonlikcha qurbonga aylanishi mumkin. Odamovi, boshqalardan ajralib turadigan yoki o‘ziga past nuqtai nazarda bo‘lganlar bundan azob chekadi.

 Kiberbullingga duch kelishning oqibati jiddiy. Odam o‘zini yanada yolg‘iz his etishi va qattiq tushkunlikka tushishi mumkin. Ba’zilar hatto joniga qasd qilgan.

 Nima qila olasiz?

 Avval o‘zingizga quyidagicha savol bering: «Men chindan ham tahdidga duch kelyapmanmi?» Gohida odamlar xafa qiladigan so‘zlarni shunchaki o‘ylamay aytishadi. Bunday paytlarda Muqaddas Kitobdagi dono maslahatga amal qilsak bo‘ladi:

 «Arazchi bo‘lma, chunki gina-kudurat ahmoqlik belgisidir». (Voiz 7:9, izoh)

 Kimdir Internet orqali atayin shilqimlik qilsa, kamsitsa yoki qo‘rqitsa, bu tahdiddir.

 Siz ham kiberbullingga duch kelayotgan bo‘lsangiz, quyidagini unutmang: qanday javob berishingiz vaziyatni yo yaxshilaydi, yo yanada battar qiladi. Quyidagi maslahatlarning bittasiga yoki ko‘prog‘iga amal qilib ko‘ring.

 Tahdidga e’tibor bermang. Muqaddas Kitobda: «Oqil inson o‘ylab so‘zlaydi, aql-idrokli inson xotirjamlikni saqlaydi»,— deb aytilgan. (Hikmatlar 17:27)

 Mazkur maslahat amaliy ekanining bir sababini Nensi Villard o‘z kitobida quyidagicha tushuntirgan: «Tahdid soluvchilarning asosiy maqsadi ularning qurboniga aylanganlarni tushkunlikka tushirishdir. Qurbonga aylanganlar tushkunlikka tushib, tahdidlar his-tuyg‘ularini boshqarishga yo‘l qo‘yishadi». («Syberbullying and Syberthreats»)

 Xulosa. Ba’zida eng yaxshi javob — umuman javob bermaslik.

 Qasos olmang. Muqaddas Kitobda: «Yomonlikka yomonlik, haqoratga haqorat bilan javob qaytarmang»,— deb aytilgan. (1 Butrus 3:9)

 Ushbu maslahat ish berishining bir sababi shunday: «G‘azab zaiflikni ko‘rsatadi. Bu esa, tahdidlar avj olishiga sabab bo‘ladi». («Syber-Safe Kids, Syber-Savvy Teens») Qasos olib, siz ham bunday tahdidchilarning biriday ko‘rinishingiz mumkin.

 Xulosa. Olovga yog‘ quymang.

 Ogoh bo‘ling. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Yomonlikka mag‘lub bo‘lmang». (Rimliklarga 12:21) Vaziyatni chigallashtirmay, tahdidlarga chek qo‘yishingiz mumkin.

 Masalan:

  •    Sizga xabar yuboradigan odamni bloklab qo‘ying. «O‘qimagan narsangiz sizga zarar yetkaza olmaydi»,— deb aytilgan bir kitobda. («Mean Behind the Ssreen»)

  •    O‘qimasangiz ham, barcha dalillarni saqlab qo‘ying. Bu salbiy tajovuzkor ruhdagi va tinmay keladigan xabarlarni, elektron maktublarni, blog yoki ommaviy axborot vositasidagi postlarni, ovozli xabarlarni yo bo‘lmasa boshqa har qanday muloqotni o‘z ichiga oladi.

  •   Tahdid solayotgan kishiga bas qilishni ayting. Qat’iylik bilan, ammo qo‘rquv, jahl yoki xafalik kabi his-tuyg‘ularni ko‘rsatmay, unga quyidagiga o‘xshash xabar yozing:

    •  «Menga boshqa yozma».

    •  «Qo‘ygan postlaringni olib tashla».

    •  «Bas qilmasang, boshqa choralar ko‘rishimga to‘g‘ri keladi».

  •   O‘zingizga ishoning. Zaifliklaringizga emas, kuchli taraflaringizga diqqat qarating. (2 Korinfliklarga 11:6) Jismoniy tahdidlar singari, kiberbulling qurboniga uncha gap ko‘tara olmaydigan va zaif ko‘ringan odamlar aylanadi.

  •   Kattalarga xabar bering. Ota-onangizdan boshlang. Bundan tashqari, bu vaziyat haqida tahdid solayotgan kishi foydalanayotgan veb-sayt yoki xizmat ko‘rsatayotgan tashkilotga xabar bersangiz bo‘ladi. Vaziyat juda yomon bo‘lsa, siz va ota-onangiz bu haqida maktabga, milisiyaga murojaat qilishi yoki hatto yuristlardan maslahat izlashi mumkin.

 Xulosa. Kiberbullingga chek qo‘yish yoki kamaytirish uchun qadamlar qo‘ya olasiz.