Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Nega ibodat qilishim kerak?

Nega ibodat qilishim kerak?

 Bir hisobotga ko‘ra, Amerikada yoshi katta odamlarning 80 foizi ibodat qiladi, ammo ularning faqat yarmi buni har kuni qiladi. Ba’zilar quyidagicha o‘ylashi shubhasiz: «Ibodat shunchaki o‘zingizni yaxshiroq his etishga yordam beradimi yoki bundan ko‘proq narsani anglatadimi?»

 Ibodat bu nima?

 Ibodat bu barcha narsaning Yaratuvchisi bilan chinakamiga muloqot qilishdir. Bu nimani anglatishi haqida o‘ylab ko‘ring! Yahova odamlardan ancha yuksak, ammo «U har birimizga yaqindir». (Havoriylar 17:27) Darhaqiqat, Muqaddas Kitobda quyidagi ajoyib taklif yozilgan: «Allohga yaqinlashinglar, shunda U ham sizlarga yaqinlashadi». (Yoqub 4:8)

 Xudoga qay yo‘sin yaqinlasha olasiz?

  •   Buning bir yo‘li — ibodat, ya’ni Xudo bilan gaplashish.

  •   Boshqa bir yo‘li — Muqaddas Kitobni tadqiq qilish, shunda Xudo siz bilan «gaplashadi».

 Bunday ikki taraflama muloqot — ibodat va Kalomni tadqiq qilish — Xudo bilan bo‘lgan munosabatlaringizni mustahkamlaydi.

 «Eng ulug‘ Shaxs bilan gaplashish odam ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan ulkan sharaf». (Jeremi)

 «Ibodatda ich-ichimdagini Yahovaga aytganimda, o‘zimni Unga yaqinroq his qilaman». (Miranda)

 Xudo tinglaydimi?

 Xudoga ishonsangiz va Unga ibodat qilsangiz ham, U chindan ham sizni tinglashiga ishonish qiyin bo‘lishi mumkin. Ammo Muqaddas Kitobda Yahova «ibodatlarni Eshitguvchi» Xudo deb aytilgan. (Zabur 65:2) Shuningdek, u yerda «barcha g‘am-tashvishlaringizni Unga tashlanglar» degan chorlov bor. Nega deganda, «U sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi». (1 Butrus 5:7)

 O‘ylab ko‘ring: yaqin do‘stingiz bilan muntazam muloqot qilish uchun vaqt ajratasizmi? Xudo bilan bo‘lgan munosabatlaringizda ham xuddi shunday yo‘l tutsangiz bo‘ladi. Unga doim ibodat qilib, Yahova deya murojaat qiling. (Zabur 86:5–7; 88:9) Darhaqiqat, Muqaddas Kitob «tinmay ibodat qilishga» undamoqda. (1 Salonikaliklarga 5:17)

 «Ibodat men va samoviy Otam o‘rtasidagi muloqotdir. Unga qalbimdagini to‘kib solaman». (Moises)

 «Onam yoki yaqin do‘stim bilan bo‘lganidek, Yahovaga ham ichimdagilarni aytaman». (Karen)

 Nima haqida ibodat qilsam bo‘ladi?

 Muqaddas Kitobda: «Ibodat va iltijoda tilaklaringizni minnatdorchilik bilan Allohga bildiringlar»,— deb aytilgan. (Filippiliklarga 4:6)

 Bu, barcha muammolaringiz haqida aytish kerakligini anglatadimi? Ha! Axir Muqaddas Kitobda: «G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla, Uning O‘zi senga tayanch bo‘ladi»,— deyilgan. (Zabur 55:22)

 Albatta, ibodatda nuqul muammolaringiz haqida aytmaysiz. 23 yoshli Chantil shunday dedi: «Agar Yahovadan faqat yordam so‘rasam, bu uncha yaxshi do‘stlik bo‘lmas edi. Fikrimcha, minnatdorchilik bildirish muhim. Ko‘p narsa uchun Xudoga rahmat ayta olaman».

 O‘ylab ko‘ring: hayotingizdagi qaysi narsalar uchun minnatdorsiz? Bugun Yahovaga qaysi uchta narsa uchun minnatdorchilik bildira olasiz?

 «Hatto oddiy narsa, masalan, chiroyli guldan zavq olish Yahovaga ibodat qilib, rahmat aytishga undashi mumkin». (Anita)

 «Yahovaning qaysi ijodi sizni lol qoldirishi yoki qaysi oyat qalbingizga ta’sir qilishi ustida mulohaza yuritib, bu uchun Yahovaga minnatdorchilik bildiring». (Brayn)