Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Noz-karashma qilishning nimasi yomon?

Noz-karashma qilishning nimasi yomon?

 Noz-karashma nima degani?

 Ba’zilarning fikricha, noz-karashma — siz yoqtirgan o‘zga jinsdagi insonda his-tuyg‘ularni uyg‘otish uchun biron nima deyish yoki nimadir qilish. Kimnidir yoqtirishingizni ko‘rsatish noto‘g‘rimi? Har doim ham emas. 25 yoshli Anna shunday deb bo‘lishdi: «Uchrashishga tayyor bo‘lsangiz va kimnidir yoqtirsangiz, u ham sizga nisbatan shunday his-tuyg‘ularga ega ekanini yana qanday aniqlasa bo‘ladi?»

 Ushbu maqolada hech qanday jiddiy maqsadni ko‘zlamay, boshqalar bilan noz-karashma qilish mavzusi muhokama qilinadi.

 «Kim bilandir ishqiy munosabatlarni rivojlantirish maqsadida unga o‘zgacha e’tibor qaratish bir narsa. Lekin jiddiy maqsadsiz kimningdir boshini aylantirish va keyin dabdurustdan buni to‘xtatish boshqa narsa». (Deanna)

 Nega ba’zilar bunday qiladi?

 Ba’zilar shunchaki o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun noz-karashma qiladi. «Kimningdir e’tiboriga tushishingiz mumkin ekanini bilsangiz, bundan ham ko‘prog‘ini istashingiz hech gap emas»,— deb bo‘lishdi Heyli.

 Noz-karashma qilib birovning boshini aylantirish, aslida esa hech qanday jiddiy maqsadni ko‘zlamaslik, o‘sha insonning his-tuyg‘ularini toptash demakdir. Bunday yo‘l tutish ahmoqlik. Muqaddas Kitobda: «Farosatsiz ahmoqlikdan zavq oladi»,— deyilgan. (Hikmatlar 15:21)

 Shu bois, Heyli quyidagicha xulosa yasadi: «Noz-karashmaning boshlanishi bezarar bo‘lar, ammo oxiri voy».

 Qanday xavfli tomonlari bor?

  •   Noz-karashma obro‘yingizga dog‘ tushiradi.

     «Noz-karashma qiladigan odam beqaror va jiddiy emas. U siz bilan rostgo‘y emasligini va nimagadir ega bo‘lmoqchi ekanini his etasiz». (Jeremi)

     Muqaddas Kitobda: «Sevgi... o‘z manfaatini ko‘zlamaydi»,— deb aytilgan. (1 Korinfliklarga 13:4, 5)

     O‘ylab ko‘ring: qaysi so‘zlar yoki xatti-harakatlaringiz tufayli noz-karashma qiluvchi degan nom orttirishingiz mumkin?

  •   Siz noz-karashma qilgan insonning qalbini yaralaysiz.

     «Noz-karashma qiladigan odamni uchratsam, u bilan gaplashgim kelmaydi. Go‘yoki qiz bola bo‘lganim uchungina u men bilan gaplashyapti. Noz-karashma qiladigan odamlarni his-tuyg‘ularim qiziqtirmaydi; ular faqat o‘zlarini xursand qilish haqida o‘ylaydi». (Jaklin)

     Muqaddas Kitobda: «Har kim o‘zining emas, o‘zganing manfaatini ko‘zlasin»,— deyilgan. (1 Korinfliklarga 10:24)

     O‘ylab ko‘ring: kimdir siz bilan ishqiy munosabatlarni rivojlantirgan-u, ammo keyin u shunchaki boshingizni aylantirganini bilganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, keyin o‘zingizni qanday his etgansiz? Boshqalarning qalbini shu tarzda yaralamaslik uchun nima qila olasiz?

  •   Noz-karashma qilish haqiqiy sevgingizni topishga to‘sqinlik qiladi.

     «Noz-karashma qiladigan inson bilan oila qurishni yoki hatto uchrashishni kim ham istaydi?! Agar odam niqob ostida yursa, qay yo‘sin uni chinakamiga bilib olishim yoki unga ishonishim mumkin?» (Oliviya)

     Muqaddas Kitobda: «Ikkiyuzlamachilardan yiroqda yuraman»,— deb yozilgan. (Zabur 26:4)

     O‘ylab ko‘ring: noz-karashma qiladigan odam kimlarni tuzog‘iga tushirishni yoqtiradi? Siz uning o‘ljasiga aylanishni xohlarmidingiz?