Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Otam yoki onam kasal bo‘lsa-chi?

Otam yoki onam kasal bo‘lsa-chi?

 Aksariyat yoshlarga kasallarga g‘amxo‘rlik qilishga to‘g‘ri kelmaydi. Ehtimol, yillar o‘tgach, ularning ota-onasi sog‘lik muammolariga duch kelar.

 Ammo bolaligingizda otangiz yoki onangiz kasal bo‘lib qolgan bo‘lsa-chi? Bunday vaziyatga duch kelgan ikkita qizning so‘zlariga e’tibor beraylik.

 Emmalaynning hikoyasi

 Onam Elers-Danlos sindromiga chalingan. Bu juda azobli surunkali kasallik bo‘lib, bo‘g‘im, teri va qon tomirlariga ta’sir qiladi.

 Bu kasallik bedavo va onamning ahvoli oxirgi o‘n yil davomida yomonlashdi. Gohida qon tarkibining ko‘rsatkichlari shunchalik past bo‘lganki, hatto hayoti xavf ostida bo‘lardi va ba’zida esa chidab bo‘lmaydigan og‘riq dastidan yashashni ham xohlamas edi.

 Oila a’zolarim va men — barchamiz Yahovaning Shohidlarimiz. Jamoatimiz biz uchun doimo dalda manbai bo‘lib kelgan. Masalan, taxminan men tengi imondoshim otkritka yo‘llab, bizni juda ham yaxshi ko‘rishini va doim yordamga tayyor ekanini yozibdi. Shunday do‘stlarim borligidan xursandman!

 Muqaddas Kitob menga juda ko‘p yordam beryapti. Masalan, sevimli oyatlarimning biri Zabur 34:18, u yerda: «Yahova qalbi o‘ksiganlarga yaqindir»,— deyilgan. Yana Ibroniylarga 13:6-oyatda: «Yahova mening yordamchim, men qo‘rqmayman»,— deb yozilgan so‘zlar yoqadi.

 Ayniqsa, oxirgi oyat menga juda ta’sir qiladi. Eng ko‘pi onam hayotdan ko‘z yumishidan qo‘rqaman. Men uni juda qattiq yaxshi ko‘raman va u bilan o‘tkazayotgan har bir kunim uchun minnatdorman. Bu oyat, garchi har qanday vaziyat yuz berishini tushunayotgan bo‘lsam ham, kelajakka ishonch bilan qarashimga yordam beryapti.

 Ammo yana bir narsadan qo‘rqaman. Gap shundaki, bu kasallik irsiy. U onamga buvimdan o‘tgan, menga esa onamdan. Ha, men ham bu kasallikka chalinganman. Biroq Ibroniylarga 13:6 dagi so‘zlar bu sohada ham Yahova «mening yordamchim» ekaniga ishontiryapti.

 Men o‘tmish bilan yashamaslikka, kelajak haqida xavotirlanmaslikka harakat qilib, hozir ega bo‘lgan narsalarni qadrlashga intilyapman. Onam boshqa qila olmaydigan narsalari haqida o‘ylay boshlasam, rosa tushkunlikka tushaman. Muqaddas Kitobda aytilganday, kasalliklardan holi abadiy hayotga bo‘lgan umidimiz bilan solishtirsak, hozirgi qayg‘ularimiz «yengil va qisqa muddatlidir». (2 Korinfliklarga 4:17; Vahiy 21:1–4)

 O‘ylab ko‘ring. Emmalaynga ijobiy nuqtai nazarni saqlab qolishga nima yordam beryapti? Duch kelayotgan qiyinchiliklarda ijobiy bo‘lib qolishga sizga nima yordam berishi mumkin?

 Emilining hikoyasi

 Maktabda o‘qiganimda dadamda ilk bor depressiya xuruji yuz bergan. Uni xuddi o‘zgartirib qo‘yishganday edi, umuman boshqa insonga aylanib qolgan edi. O‘shandan beri otam qayg‘uradi, asossiz qo‘rquvlar va bezovtalanish holatlariga duch keladi. Dadam bu kasallik bilan 15-yildan beri kurashib kelyapti. Garchi biron sababsiz qayg‘u-alam qamrab olganini bilsa ham, dadam juda ham siqilib azob tortadi.

 Biz Yahovaning Shohidlarimiz. Imondoshlarimiz bizni qo‘llab-quvvatlashadi. Ular nihoyatda mehribon va tushunuvchan. Imondoshlarimizning hech biri dadam o‘zini keraksizday his etishiga yo‘l qo‘ymagan. Dadam bu qiyinchilikni qay yo‘sin yengayotganini ko‘rib, uni avvalgidan ham ko‘proq yaxshi ko‘raman.

 Avvalgi dadamni, ya’ni qayg‘uga berilmagan, azob chekmagan va baxtli bo‘lgan dadamni juda ham sog‘inaman. Dadam har kuni ichidagi dushman bilan kurashib kelayotganini ko‘rib o‘zimni yomon his qilaman.

 Lekin dadam ijobiy nuqtai nazarni saqlab qolishga jon kuydiradi. Yaqinda yana kasalligi avjiga chiqqan paytda har kuni Muqaddas Kitobdan qisqacha parchani, hatto atigi bir nechta oyatni o‘qishni maqsad qildi. Bu unga juda ko‘p kuch berdi. Bu katta ishday tuyulmayotgan bo‘lsa ham, najot baxsh etdi. Hali hech qachon dadam bilan shu qadar faxrlanmaganman.

 Menga Naximiyo 8:10 dagi: «Yahova berayotgan quvonch qo‘rg‘oningizdir»,— deb yozilgan so‘zlar yoqadi. Bu chindan ham shunday! Jamoatdagi vaziflarimni faol tarzda bajarish ba’zan qalbimda paydo bo‘ladigan bo‘shliqni to‘ldirishga asqatyapti. Shunda tushkunlik yo‘q bo‘lib, qalbim shodlikka to‘ladi va bu tuyg‘u kun bo‘yi meni tark etmaydi. Dadamning misolida shuni ko‘ryapmanki, qanday kurash olib borishimizdan qat’i nazar, Yahova doim bizni qo‘llab-quvvatlaydi.

 O‘ylab ko‘ring: Emili dadasini qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlayapti? Depressiyaga chalingan insonlarga siz qanday yordam bera olasiz?