Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Qanday qilib vasvasaga berilmasligim mumkin?

Qanday qilib vasvasaga berilmasligim mumkin?

 Havoriy Pavlus shunday deb yozgan: «To‘g‘ri bo‘lgan narsani qilmoqchi bo‘lsam, yonimda yomonlik turadi». (Rimliklarga 7:21) Sizda ham bunday bo‘lganmi? Agar shunday bo‘lsa, ushbu maqola sizga noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasiga berilmasligingizga ko‘maklashadi.

 Nimani bilishingiz kerak?

 Odatda boshqalarning bosimi ostida noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasi paydo bo‘ladi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Yomon odamlar bilan muloqot qilish yaxshi xulqni buzadi». (1 Korinfliklarga 15:33) Biz muloqot qilayotgan kishilar, tomosha qilayotgan, tinglayotgan va o‘qiyotgan narsalarimiz bizni shakllantiradi. Bularning bari qalbimizda yomon istaklar paydo bo‘lishiga va noto‘g‘ri yo‘l tutishimizga yetaklashi mumkin. Natijada «ko‘pchilikka ergashib, yomon ishga» qo‘l urib qo‘yishingiz hech gap emas. (Chiqish 23:2)

 O‘ylab ko‘ring: nega boshqalarning fikri borasida haddan tashqari tashvishlanadigan kishi vasvasaga qarshi turishi qiyinroq kechadi? (Hikmatlar 29:25)

 «Boshqalarga yoqaman deb, ular kabi yo‘l tutish bosimiga berilib ketishingiz mumkin». (Jeremi)

 Xulosa. Tengdoshlaringizning bosimi axloqiy me’yorlardan voz kechishingizga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang.

 Nima qila olasiz?

 Ishonadigan narsalaringizda ikkilanmang. E’tiqodingizda ikkilansangiz, boshqalarning qo‘lida qo‘g‘irchoqqa aylanib qolasiz. Undan ko‘ra, Muqaddas Kitobdagi: «Har narsani tekshirib ko‘rib, yaxshisiga yopishib olinglar»,— degan maslahatga amal qilish donolikdir. (1 Salonikaliklarga 5:21) E’tiqodingizga qancha ko‘p amin bo‘lsangiz, qat’iy bo‘lishingiz hamda vasvasaga berilmasligingiz shuncha osonroq kechadi.

 O‘ylab ko‘ring: nega Xudoning axloqiy me’yorlari menga foyda keltirishiga ishonaman?

 «Shuni sezdimki, e’tiqodimdan qaytmay, vasvasaga qarshi tura olganimda, boshqalarning menga nisbatan hurmati oshadi». (Kimberli)

 Muqaddas Kitobdagi misol. Doniyor. U Xudoning qonunlariga bo‘ysunishni «qalbida qaror qilganda» hali o‘smir bo‘lgandir. (Doniyor 1:8)

E’tiqodingizda ikkilansangiz, boshqalarning qo‘lida qo‘g‘irchoqqa aylanib qolasiz

 Kamchiliklaringizni biling. Muqaddas Kitobda «yoshlik ehtiroslari», ya’ni ayniqsa yoshlikda junbishga keladigan xohish-istaklar haqida yozilgan. (2 Timo‘tiyga 2:22) Bu yerda nafaqat jinsiy moyillik, balki boshqalar tomonidan tanilish va tayyor bo‘lmay turib ota-onadan mustaqil ravishda yashash hamda qaror chiqarish xohishi haqida ham gap ketyapti.

 O‘ylab ko‘ring: Muqaddas Kitobda: «Har kim o‘z ehtirosiga berilib, aldanib sinovga duchor bo‘ladi»,— deyilgan. (Yoqub 1:14) Xo‘sh, qanday xohish siz uchun vasvasa bo‘lishi mumkin?

 «Aynan qaysi vasvasaga qarshi turish siz uchun qiyin ekanini xolisona tan oling. Aniqlagach esa, ular borasida izlanish olib boring va qo‘llamoqchi bo‘lgan maslahatlarni yozib qo‘ying. Shunda, yana o‘sha vasvasaga duch kelganingizda, unga qay yo‘sin qarshi tura olishingizni bilasiz». (Silviya)

 Muqaddas Kitobdagi misol. Dovud. Gohida u boshqalarning bosimi ostida o‘z xohishlariga berilgan. Lekin xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ikkinchi unday qilmaslikka harakat qilgan. Dovud Yahovaga: «Ey Xudo, ichimda pok yurak yarat, menga yangi va barqaror ruh ato et»,— deb yolvorgan. (Zabur 51:10)

 Vaziyatni nazorat qiling. Xudoning Kalomida: «Yomonlikka mag‘lub bo‘lmang»,— deyilgan. (Rimliklarga 12:21) Boshqacha qilib aytganda, vasvasa qurboniga aylanmang. To‘g‘ri yo‘l tutish sizning ixtiyoringizda.

 O‘ylab ko‘ring: noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasiga duch kelganingizda, vaziyatni nazorat qilib, qay yo‘sin to‘g‘ri yo‘l tuta olasiz?

 «Agar vasvasaga berilsam, oqibatda nima bo‘lishi haqida fikr yuritaman. O‘zimni yaxshiroq his qilamanmi? Balkim. Lekin bu vaqtincha, xolos. Vaqt o‘tsa-chi, nima bo‘ladi? O‘zimni yomon his qilaman. Bu arzigulikmi? Aslo!» (Sofiya)

 Muqaddas Kitobdagi misol. Pavlus. Garchi noto‘g‘ri istaklar paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, Pavlus ularni nazorat qilgan. U: «Tanamni savalab, uni qulday nazorat qilyapman»,— deb aytgan. (1 Korinfliklarga 9:27)

 Xulosa. Hayot bamisoli yo‘ldir. Siz haydovchisiz, xolos. Vasvasalarni aylanib o‘tish-o‘tmaslikni o‘zingiz hal qilasiz.

 Unutmangki, vasvasalar o‘tkinchidir. 20 yoshli Melissa quyidagicha bo‘lishdi: «Men uchun yuqori sinflarda vasvasa tug‘dirgan ko‘p narsalar hozirgi paytda umuman ahamiyatsiz. Hozir duch kelayotgan vasvasalarim ham ortda qoladi. Aminmanki, ularga qarshi tursam, ortga nazar solib hech narsadan afsuslanmayman».