Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Sport haqida nimalarni bilishim kerak?

Sport haqida nimalarni bilishim kerak?

 Sport siz uchun yo foydali yo zararli bo‘lishi mumkin. Bu nima o‘ynash, qanday o‘ynash va qancha o‘ynashingizga bog‘liq.

 Qanday foydasi bor?

 Sport bilan shug‘ullanish sog‘lik uchun foydali. Muqaddas Kitobda «jismoniy mashq... foyda keltirishi» haqida aytilgan. (1 Timo‘tiyga 4:8) «Sport bilan shug‘ullanish faol bo‘lib qolishning eng a’lo yo‘lidir. Bu bir joyda o‘tirib, video o‘yinlarini o‘ynashdan ancha yaxshiroq»,— deb bo‘lishdi 27 yoshli Rayn.

 Sport bilan shug‘ullanib hamkorlik qilishga va o‘zingizni tarbiyalashga o‘rganasiz. Ijobiy fikrni yetkazish uchun Muqaddas Kitobda sportga asoslangan misol keltirilgan. U yerda shunday deyilgan: «Musobaqada qatnashuvchilarning hammasi yuguradi-yu, sovrinni faqat bittasi oladi». Keyin esa: «Musobaqada qatnashuvchilar hamma narsadan o‘zlarini tiyishadi»,— deb aytilgan. (1 Korinfliklarga 9:24, 25) Xo‘sh, buning mag‘zi nimada? Sportning qoidalari bo‘yicha o‘ynash uchun odam o‘zini tiya bilishi va hamkorlik qilishi kerak. Abigayl ismli bir o‘smir bu fikrga qo‘shiladi. U: «Sport yordamida boshqalar bilan hamkorlik va muloqot qilishga o‘rgandim»,— deb bo‘lishdi.

 Sport yordamida yangi do‘stlar orttira olasiz. O‘yin odamlarni birlashtiradi. «Deyarli hamma o‘yinda qandaydir raqobat bor. Ammo zavq olib o‘ynashda davom etish do‘stlar bilan vaqt o‘tkazishning zo‘r yo‘lidir»,— deb bo‘lishdi yoshi 23da bo‘lgan Jordan.

 Nimadan ehtiyot bo‘lish kerak?

 Nima o‘ynayapsiz? Muqaddas Kitobda: «Yahova odil insonni ham, yovuz odamni ham diqqat ila kuzatib turadi, zo‘ravonlikni sevadiganlardan U nafratlanadi»,— degan fikr bor. (Zabur 11:5)

 Sportning ba’zi turlari zo‘ravonlikdan iborat. Misol uchun, 21 yoshli Lauren shunday aytdi: «Boksda asosiy e’tibor bir-birini urishga qaratilgan. Masihiy ekanmiz, mushtlashishdan qochamiz. Shuning uchun boshqalar bir-birini do‘pposlayotganini ham tomosha qilmaymiz».

 O‘ylab ko‘ring. Sportning zo‘ravon turlarini tomosha qilib, bu menga ta’sir qilmaydi, deb o‘ylaganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, unutmang, Zabur 11:5-oyatda Yahova nafaqat zo‘ravonlik qiladigan odamni, balki «zo‘ravonlikni sevadiganlarni» ham ma’qullamasligi to‘g‘risida aytilgan.

 Qanday o‘ynaysiz? Muqaddas Kitobda: «Hech narsani izzattalablik yoki manmanlik bilan qilmay, aksincha, kamtar bo‘lib, boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘yinglar»,— deb aytilgan. (Filippiliklarga 2:3)

 To‘g‘ri, ikkita jamoa musobaqalashganda muayyan darajada raqobat bo‘ladi. Lekin nima bo‘lganda ham yutish kerak, degan nuqtai nazarga ega bo‘lish o‘yinning barcha zavqini so‘ndiradi. «Raqobat ruhi sizni tezda egarlab olishi mumkin. Sportda qancha yaxshi bo‘lsangiz, shuncha kamtarin ham bo‘lishingiz kerak»,— deb bo‘lishdi Brayn ismli o‘smir.

 O‘ylab ko‘ring. 22 yoshli Kris shunday dedi: «Har hafta futbol o‘ynaymiz va jarohat ham olib turamiz». O‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Qaysi omillar tufayli jarohat olish ehtimoli ko‘payadi? Iloji boricha jarohat olmaslik uchun nima qilsam bo‘ladi?»

 Qancha o‘ynaysiz? Muqaddas Kitobda: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlang»,— deb aytilgan. (Filippiliklarga 1:10)

 Ustuvor narsalarni aniqlang; ma’naviy ishlar birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Ba’zi o‘yinlar (o‘ynaysizmi yoki tomosha qilasizmi) bir necha soat davom etishi mumkin. 22 yoshli Dariya quyidagicha dedi: «Televizorda o‘yinlarni qancha tomosha qilish borasida oyim bilan bahslashib qolardim. Axir bu vaqtdan yaxshiroq foydalanishim mumkin edi».

Sportga haddan ortiq ko‘p diqqat qaratish ovqatning tuzini ko‘paytirib yuborishga o‘xshaydi

 O‘ylab ko‘ring. Ota-onangiz nima ustuvor ekani haqida maslahat berganida, ularga quloq solasizmi? Yoshi 19da bo‘lgan Trina shunday aytdi: «Ukalarim bilan ishlarimizni qilmay, televizorda sport o‘yinlarini ko‘rib o‘tirsak, oyim ularni tomosha qilasizmi-qilmaysizmi, bu sportchilarga oylik to‘lashadi, deb eslatardi. “Sizlarga kim to‘laydi?” — deb so‘rardi. U bu o‘yinchilarda allaqachon ishi bor, deb aytmoqchi edi. Ha, uy vazifalarimizni qilmasak va boshqa mas’uliyatlarimizni bajarmasak, kelajakda o‘zimizni ta’minlay olmasdik. Boshqacha qilib aytganda, oyim sport bilan band bo‘lish yoki uni tomosha qilish hayotimizdagi eng muhim narsa bo‘lmasligi kerak, deb o‘rgatgan».